Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turli yo‘llar bilan olib chiqib ketilayotgan 1,4 kilo oltin fosh qilindi

Turli yo‘llar bilan olib chiqib ketilayotgan 1,4 kilo oltin fosh qilindi

DXXning Andijon va Namangan viloyatlarida o‘tkazgan tezkor tadbirlarida oltinni turli ko‘rinishlarda davlat chegarasidan olib o‘tishga bo‘lgan urinishlar fosh qilindi.

Jumladan, Andijon shahri va Andijon tumanida yashovchi, 1985, 1997 va 2000-yillarda tug‘ilgan 4 nafar shaxs «Do‘stlik» chegara-bojxona posti orqali mamlakatimizdan Qirg‘iz Respublikasiga zanjir, tish qolipi hamda lom shaklidagi tilla buyumlarni – kiyimlari ichiga yashirgan holda olib chiqib ketishga uringan vaqtlarida ushlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ulardan ashyoviy dalil sifatida olingan, asillik darajasi 997 bo‘lgan oltin buyumlar va qotishmalarning jami vazni 556 grammni, umumiy bahosi 474 mln 256 ming so‘mni tashkil etadi.

Boshqa holatda esa Izboskan tumanida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan ayol «Madaniyat» chegara-bojxona posti orqali Qirg‘iz Respublikasiga chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatilib, tegishli tartibda shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Natijada, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan zanjir va lom ko‘rinishidagi, umumiy vazni 568 grammni tashkil etuvchi, asillik darajasi 992 bo‘lgan oltin borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu tilla buyumlar va quymalarning umumiy bahosi 431 mln 894 ming so‘mni tashkil etadi.

Shuningdek, uning sherigi bo‘lgan – Namangan tumanida yashovchi, 1983-yilda tug‘ilgan ayol ham asillik darajasi 992 bo‘lgan, sof og‘irligi 271 grammni tashkil qiluvchi, 249 mln 240 ming so‘mlik zanjir va nostandart quyma tillalarni noqonuniy olib chiqib ketayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Aniqlanishicha, qonunbuzarlar oltindan yasalgan buyumlarni Qirg‘iz Respublikasi orqali Turkiya davlatiga olib ketishni rejalashtirishgan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi Dehli aeroportida bojxonachilar tomonidan 5 kilo oltin bilan qo‘lga olingani xabar qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring