Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda qariyb 250 kishini 12 mlrd so‘mga «uxlatgan»lar sudlandi

Toshkentda qariyb 250 kishini 12 mlrd so‘mga «uxlatgan»lar sudlandi

Toshkentda fuqarolarga avtomobil va’da qilib, ularning 12 mlrd so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirgan shaxslarga sud hukmi o‘qildi.

Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida aytilishicha, ular fuqarolarga avtotransport vositalarini kredit evaziga olib berishni va’da qilib, to‘lovlarni olgandan so‘ng nom-nishonsiz yo‘qolib qolgan. Ayrim mijozlar ikki hafta muddat uchun bergan pullarini ikki yildan beri ololmay sarson bo‘lgan.

«Bizga 2 haftada mashina tayyorlab beramiz, deya va’da bergan edi. Mana oradan 2 yil o‘tdi. Hech birimiz hech qanday mashina olganimiz yo‘q», – deydi jabrlanuvchi.

Mijozlar, asosan Cobalt, Nexia 3, Jentra, Malibu va Isuzu rusumli avtomobillar uchun to‘lov qilishgan.

Tergovda aniqlanishicha, «UzAvtoPremium» va «AvtoAloGroup» nomlari ostida firmalar tashkil mazkur shaxslar boshlang‘ich to‘lov sifatida banklar orqali qabul qilib olingan jami 12 mlrd so‘m pullarni MChJning korporativ kartasi orqali naqdlashtirib olishgan.

Holat yuzasidan sudlanuvchilarga Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi «a,v» bandilari, 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi «a,b» bandlari va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan 29 yoshli yigit 9 yil 6 oy, 26 yoshli yigit 9 yil va Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a,v» bandlari, 228-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari, 243-moddasi va 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi «a,b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan 27 yoshli yigit 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

30 yoshli sudlanuvchi qiz esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «v» bandi va 228-moddasi 2-qismi «a,b» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring