Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Toshkentda jamoat transportlari bir kunda 1,7 mln nafar yo‘lovchini tashiyapti

Toshkentda jamoat transportlari bir kunda 1,7 mln nafar yo‘lovchini tashiyapti

Toshkent shahri yer usti jamoat transporti tizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot taqdim qilindi.

O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, poytaxtdagi mobil aholining kunlik harakatlanish (qatnov) soni o‘rtacha 9 mln tani tashkil etib, shundan 6 mln qatnov transportda amalga oshiriladi.

Transportda amalga oshirilayotgan qatnovlarning 1,7 mln tasi (28 foiz) jamoat (avtobus, metro) transportiga (2022-yilda 0,8 mlnta), 4,3 mln tasi yengil avtotransportga to‘g‘ri kelmoqda.

Shaharda kun davomida o‘rtacha 1 millionga yaqin avtotransport (770 mingta – ro‘yxatdan o‘tgan, 200 mingta kirib-chiqadi) harakatlanib, asosiy ko‘chalarga 2 barobar ko‘p yuklama tushmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda o‘rtacha 4,3 ta yo‘lovchi, bitta avtobusda esa o‘rtacha 580 ta yo‘lovchi tashilmoqda (avtobusning yengil avtotransportga nisbatan samaradorligi 135 barobar).

So‘nggi 2 yilda avtobuslar soni 2 barobarga (1 959 ta), harakat tarkibining o‘rtacha sig‘imi esa 74 foizga (155 ming nafar yo‘lovchi) oshdi. Natijada esa avtobuslarda kunlik yo‘lovchi oqimi 1,7 baravarga ko‘payib, 1 mln nafarga yetdi (ilgari kuniga 650 ming yo‘lovchi tashilgan).

Poytaxtga kirib keladigan aholining shahar markaziga yetib borish vaqti 45 daqiqadan 30 daqiqagacha qisqardi (kuniga poytaxtga 900 mingdan ortiq aholi jamoat transportida kirib keladi).

2020-yilda shahar jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimidan 45 244,4 ming yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 78 515,3 ming nafarga yetdi, tushum esa 28,4 mlrd so‘mdan 98,6 mlrd so‘mga oshdi. Elektron to‘lovlar umumiy tushumdagi ulushi 60 foizni tashkil etmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring