Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qorako‘l: chang-to‘zon, qum barxanlari ostidan «omon chiqqan» tuman

Qorako‘l: chang-to‘zon, qum barxanlari ostidan «omon chiqqan» tuman

Olis cho‘l hududida joylashgan Qorako‘l tumani Buxoro shahar markazidan qariyb 80 kilometr uzoq masofada joylashgan. 2020-yilda Buxoroda sodir bo‘lgan tabiiy ofat – kuchli shamol Qorako‘l va Olot tumanlarida og‘ir oqibatlarni keltirib chiqargan edi. Minglab daraxtlar ildizi bilan qo‘porilgan, avtomobillar zarar ko‘rgan, odamlar jabrlangan, elektr energiyasi, suv ta’minoti ishdan chiqqan edi.

«Chang-to‘zon, qum barxanlari ostida qolgan, minglab xonadon va idora- tashkilotlar binolari shiftlari ko‘chib, inshootlari ag‘darilib ketgan, bog‘u-rog‘, tomorqayu issiqxonalari yakson bo‘lgan Qorako‘l tumani uchun kuchli shamol talofatlari katta sinov bo‘lgandi. Qorako‘lliklarning tantiligi bilan bu og‘riqli mashaqqatlar birgalikda yengib chiqildi. Bugun Qorako‘l tumani garchi olis cho‘l hududida joylashgan bo‘lsa-da, betakror qiyofa kasb etmoqda. Qurilish-bunyodkorlik, investitsiya loyihalari, mahallalar qiyofasini yangilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, ta’lim, tibbiyot tizimidagi o‘zgarishlar, zamonaviy shaharsozlik ishlari, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’yektlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridagi jadallashuvlar bari Qorako‘l ahlining shashti-shijoati bilan bunyod bo‘lmoqda», – deydi Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tkazilgan press-turda.

2020 yilning kuchli shamoli talofatidan so‘ng bunyod bo‘lgan «Yangi O‘zbekiston» massivida 12 ta 240 ta xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turarjoy majmuasiga oilalar ko‘chirib kelingan. 330 o‘ringa mo‘ljallangan maktab, shuningdek, 240 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, davlat-xususiy sherikchiligi asosida yana 120 o‘rinli zamonaviy bolalar bog‘chasi va 100 qatnov o‘rniga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika binolari qayta bunyod etilib, foydalanishga topshirilgan.

Qayta tiklangan jome’ masjidi

Bildirilishicha, 2020-yilgi kuchli to‘fonda tumandagi Qobul ota jome’ masjidi ham katta zarar ko‘rib, tamoman yaroqsiz holga kelgan. Bu esa Qorako‘l xalqini qattiq qayg‘uga solgan. Va aholi kuchli shamoldan talafot ko‘rgan manzillardagi qayta bunyodkorlik ishlarini ilk bor ushbu jome’ masjidni tiklashdan boshlashgan.

«Milliy uslubdagi ikkki minora va gumbazli qilib barpo etilgan Qobul ota jome’ masjidini tiklash ishlari 2020 yilning may oyidan boshlanib, qariyb ikki yil davom etdi. Umumiy maydoni avvalgidan to‘rt barobar kattalashdi. Masjidning ichki qismi 5000, tashqi hovlisi esa 1000 dan ortiq namozxonni sig‘dira oladi. Zamonaviy uslubda qurilgan tahoratxonadan bir vaqtning o‘zida 100 dan ortiq kishi foydalanish imkoniyati mavjud», – dedi tuman bosh imom xatibi Mirzo Shomurodov.

Masjid balandligi 27 metrni tashkil etuvchi gumbaz va 37 metrlik ikkita katta minora minoralardan iborat.

400 gektar maydonda gaz-kimyo kompleksi

Prezidentning 2021-yil 13-avgustdagi «Qorako‘l» erkin iqtisodiy zonasini hamda zamonaviy gaz-kimyo texnologik klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Qorako‘l va Olot tumanlari cho‘l hududining umumiy 400 gektar yer maydonida gaz-kimyo sohasiga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zona barpo etilgan. Unda 2,7 milliard AQSh dollariga teng metanoldan olefin olish texnologiyasi asosida gaz-kimyo kompleksini qurish va gaz-kimyo texnologik klasterini tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaga «Gaz cheminal complex MTO central Asia» MChJ yetakchilik qilmoqda.

«Bunda 2,1 milliard metr kub gazni qayta ishlanadi. Shuningdek, ushbu texnologiya 1,1 mln tonna polimer mahsulotlari, ya’ni 300ming tonna Polietilen tereftalat, 350 mingtonna Polipropilen, 280mingtonna yuqori zichlikdagi polietilen, 80mingtonna past zichlikdagi polietilen hamda 100mingtonna etilenvinilasetat kabi yuqori likvidli xom ashyolar o‘zlashtiriladi. Loyiha quvvati 3,0 mlrd dollar bo‘lib, shundan 3 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar orqali amaoga oshiriladi»,-dedi loyiha rahbari Masrur Shakirov.

Bildirilishicha, ayni paytda 2000 dan ortiq ishchi jalb etilgan. Ishchilar uchun zamonaviy yotoqxona mavjud. Uch mahal bepul ovqatlanish imkoni yaratilgan.

«Yillik eksport hajmi 261 million dollarni tashkil qilib, 20 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Barcha ob’yektlarda qurilish ishlari yakunlangach, ish hajmi kengayadi. Mazkur loyihaning ahamiyati shundaki, qayd etilgan xom ashyolar yordamida 60 turdan ortiq yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Loyiha to‘la quvvatda ishlay boshlasa,  o‘n mingdan ortiq ishchi kuchi talab etiladi», – so‘zida davom etdi Masrur Shakirov.

Ma’lum bo‘lishicha, loyiha doirasida ayni paytda Rossiya Federatsiyasining «Enter  Injiniring» kompaniyasi bilan ham hamkorlikda ish olib borilmoqda. Yirik quvvatga ega texnologik qurilmalar hamda katta sig‘imli yuk avtomobillari ishga tushirilgan. Shuningdek, O‘rta Osiyoda ilk bor Qorako‘l tumaniga Xitoyda ishlab chiqarilgan va bir paytning o‘zida 380 tonna ko‘tarmaga ega yuk krani keltirilgan.

IT universitet...

Ma’lumki, Qorako‘l tumani o‘zining matematika faniga ixtisoslashgan ta’lim tizimi bilan Xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor. Tumanda Hindistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri  Acharya universiteti filialining ochilganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Shunga qaramay, mazkur xorijiy ta’lim muassasasida o‘qish istagini bildirgan yoshlar safi kengaygan. Talabalar sun’iy intellekt, ma’lumotlar fani, kiberxavfsizlik, biznes tahlil va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil olmoqda.

«Bunda asosiy e’tibor axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasini o‘rgatishga qaratilgan. Yoshlarimizning Xalqaro IT ta’limga ega bo‘lish uchun chet el yoki poytaxtga borib o‘tirish shart emas. Xalqaro IT universitet endi Buxoroning o‘zida bor. Pedagoglarning 70 foizi xorijdan, aniqrog‘i, Hindistonning o‘zidan kelib ta’lim beradi. Mahalliy o‘qituvchilar esa Hindistonda malaka oshirishadi. Hozirgi vaqtda 150 nafar o‘quvchi ta’lim oladi», – dedi tuman hokimi.

Ayni paytda tuman IT sohasiga mo‘ljallangan 220 o‘rinli maktab, shuningdek, sport majmuasi, o‘quv markazi, mehmonxona va yashil bog‘lar ham barpo etish ishlari ham boshlab yuborilgan.

«Yana bir karra tan olib aytish kerak, Qorako‘l ahli 2020-yildan hozirga qadar juda sinovli yo‘llarni sabr-bardosh bilan bosib o‘tdi. Suv ta’minoti, gaz va elektr ta’minotidagi uzilish va yo‘qotishlarga yelkama-yelka turishdi. Shu sabr va tantiliklari o‘laroq, 2025-yilgacha qorako‘lliklar dardli nuqtaga aylanib qolgan kuchli shamol talofatlari og‘riqlarini batamom unutishadi. Ta’lim, ishlab chiqarish, bunyodkorlik, ayniqsa,  paxta, xom ashyo, to‘qimachilik va gaz sanoatidagi rivojlanish, sun’iy intellekt va   IT sohasidagi yuksalishlar qorako‘lliklarni boyitadi. Olis cho‘l hududidagi tuman, nafaqat, bunyodkorlik, sanoat va qurilish, ta’lim sohasidagi yuksalishlarga, balki katta turizm o‘chog‘i sifatida ham  qayd etiladi. Bu yo‘lda qorako‘lliklar bilan bir tanu bir jonmiz»,-dedi Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Tohirov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring