Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston «atom»chilari Sochidagi xalqaro forumda qatnashyapti

O‘zbekiston «atom»chilari Sochidagi xalqaro forumda qatnashyapti

21-noyabr kuni Sochi – Sirius fan va san’at markazida atom sanoati sohasidagi eng yirik tadbir «Atomekspo 2022» XII forumi ish boshladi. Ikki kun davom etadigan ushbu eng yirik kongress va ko‘rgazma tadbirining mavzusi: «Yadro bahori: Barqaror kelajak yaratish».

Anjuman «Rosatom» davlat korporatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etildi. 2500 dan ortiq delegatlar ro‘yxatdan o‘tgan ushbu forumda jahon yadro sanoatining yetakchi kompaniyalari, davlat idoralari, xalqaro va jamoat tashkilotlari rahbarlari, yetakchi ekspertlar atom sanoati uchun eng muhim bo‘lgan va rivojlantirish tendensiyalarini shakllantirishga qaratilgan panel muhokamalari va davra suhbatlarida qatnashadilar.

O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zatom, Yadro fizikasi instituti, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasidan kelgan o‘zbekistonlik mutaxassislarning ham chiqishlari kun tartibiga kiritilgan.

Forum ishtirokchilari uglerodsiz energetika rivojlanishining muhim masalalari, tabiiy resurslar va ekologiyaga mas’uliyatli yondashuv, «yashil» investitsiyalar, barqaror rivojlanish maqsadlaridagi xalqaro hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqmoqda.

MAGATE bosh direktorining o‘rinbosari Mixail Chudakov ochilish marosimida so‘zga chiqar ekan, kovid pandemiyasi tufayli forum 3 yildan so‘ng tashkillashtirilayotganini, garchi sayyoramiz uchun og‘ir yillar bo‘lgan bo‘lsa-da atom energiyasi rivojlanganini, ob’yektlar soni ko‘payganini ta’kidlab o‘tdi.

«Butun insoniyat uchun yadro energetikasining ahamiyati juda katta. Xalqaro energetika agentligi 2050 yilga borib yadroviy ishlab chiqarishni ikki baravardan ko‘proq, shu bilan birga, kamida 30 baravar oshirishni bashorat qilmoqda. Mamlakatlar 2050 yilga qadar yadro energiyasidan foydalanishni juda katta miqdorda amalga oshiradi. Chunki global energiya inqirozi toza va xavfsiz kelajak sari tarixiy burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Insoniyat yetarli energiyaga ega bo‘lishi uchun har yili yerda 20 ta reaktor qurilishi kerak», – dedi MAGATE bosh direktorining o‘rinbosari Mixail Chudakov o‘z chiqishida.

Forum doirasida Belarus, Burundi, Zimbabve, Qirg‘iziston, Myanma, Nikaragua va O‘zbekiston bilan bir qator xalqaro hujjatlar, shuningdek, hamkorlikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha 40dan ortiq bitim imzolanishi rejalashtirilgan. Ana shunday bitimlarning dastlabkisi kecha forumning ilk kunidayoq O‘zbekiston bilan imzolandi.

 Ilhom Sodiqov, O‘zFA Yadro fizikasi instituti direktori:

 – Biz bu forumda uchta hujjatga qo‘l qo‘ydik. Dunyoda eng katta quvvatga ega  bo‘lgan tadqiqot yadro reaktori qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston Republikasi yadro fizikasi instituti a’zo bo‘lib qo‘shilyapti. Kelgusida shu reaktorda o‘tkaziladigan tadqiqotlarda biz ham ishtirok etamiz. Ikkinchisi, dunyodagi eng katta «Nauka innovatsiya» aksiyadorlik tashkilotining qoshida 10 ta katta institutni birlashtirilgan. Biz ham mana shu tashkilotga qo‘shilish maqsadida sentyabr oyida muzokara olib borganmiz. Ular bizning institutimizda qilinayotgan ishlarga katta qiziqishlar bildirgan. Uchinchisi, hamkorimiz Tvel kompaniyasi – Rossiyaning atom reaktori uchun yoqilg‘i tayyorlaydigan eng katta kompaniya hisoblanadi. Mana shu kompaniya tadqiqot reaktorimizga doimo yadro yoqilg‘isini yetkazib bergan.  Bugungi kunda bizning Yadro fizikasi institutimiz dunyoning 14 davlatiga izotop mahsulotlarni eksport qiladi. Bular – AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Rossiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar.

Forum o‘z ishini davom ettirmoqda.

Ma’lumot uchun, «Atomekspo» xalqaro forumi 2009-yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring