Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘rislarning kuyovi Saidmurod

O‘rislarning kuyovi Saidmurod

– Oting kattaroq ekan, shuning uchun 25 emas, 30 tanga to‘laysan, – dedi bojmon savdogar yigitga.

– Nega axir, avvalgi gal xuddi shunday, faqat oriqroq otga 25 tanga olgan eding-ku? – norozi bo‘ldi yigitcha.

– Men qonunga ko‘ra ish tutaman: boj miqdori 1 yanvardan oshdi, – deb javob berdi bojmon va aytilgan pulni oldi.

Noiloj qolgan savdogar ichida «xalqning aytganicha bor ekan, sen juda qattiqqo‘l bo‘libsan «o‘ris kuyov» deb qo‘ydi.

Xiva xonligida savdogarlar chegaradan o‘tganda yoki bozorga mol keltirganda molining qiymatiga qarab boj to‘lagan. Qo‘y uchun 1 tanga, sigir uchun 8 tanga, tuya uchun esa 10–18 tanga, otning zotiga qarab esa 6 dan 30 tangagacha boj to‘lash majburiy edi. Bundan tashqari, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘ida to‘qayzor o‘rmonlar bo‘lib, har yili bir marta imoratga ishlatish, hunarmandchilikda foydalanish uchun daraxt kesishga ruxsat etilgan. Xonlik boyligi hisoblangan to‘qayzor o‘rmondan har bir arava daraxt kesganlik uchun bir tanga boj to‘langan. Xalq boj oluvchilarni «bojmon» deb atardi.

Bojmonlar xonlikka karvonlar orqali Afg‘oniston, Eron, Angliya va Rossiyadan olib kelinadigan mollardan boj olishar, ayni paytda 1881-yildan Kavkazorti davlatlariga mol yog‘i, sariyog‘, Turkiyaga gilam, Germaniya va AQShga jarrohlik amallari uchun zarur qo‘y ichagi olib ketayotgan mahalliy savdogarlarga oq yo‘l tilab qolishardi.

Biroq 1873 yildan Xiva xonligi Chor Rossiyasi mustamlakasi bo‘lgani bois, rus savdogarlari bojdan ozod etilgan, ammo shunga qaramay, turli yo‘llar bilan boshqa davlatlarning Xorazmdagi savdosini cheklash harakatida edilar.

Xususan, Xiva xonligining Angliya, Hindiston, Eron va Afg‘oniston bilan bo‘layotgan qizg‘in savdo munosabatlarini cheklash maqsadida 1894-yil 14-aprel kuni Peterburg shahrida Rossiya imperiyasi moliya ministrligi qoshida kengash chaqiriladi. Mazkur kengash qaroriga binoan Xiva xonligi yagona Rossiya bojxona tizimiga kiritiladi. Shunga ko‘ra, 1895-yil 1-yanvardan boshlab, xorij va hatto, Xorazm savdogarlari faqat rus boj yo‘li orqali yurib, tovar egalari bojxona nazoratchilariga boj puli to‘lab o‘tadigan bo‘ldilar. Boj yo‘lidan boshqa aylanma yo‘ldan o‘tgan savdogarlar kontrabandachilar deb e’lon qilindi va tutilgan taqdirda mol-mulki musodara qilinadigan bo‘ldi.

1895-yildan Eron va Afg‘oniston bilan chegaralarni Rossiya tashqi ishlar ministrligi tomonidan tasdiqlangan harbiy qo‘riqchilar qo‘riqlay boshladi. Shu tarzda Rossiya boj yo‘llarini mustahkamlab, chet el tovarlarining Xiva xonligiga kirishini chekladi va Xorazm bozorlarini o‘z ta’siriga oldi. O‘sha vaqtda savdogarlar ko‘p kirib keladigan eng asosiy yo‘llardan biri bo‘lgan Amudaryoning Polvon kanali bilan tutashgan joyida yangi pristan-bojxona ochiladi.

Mahalliy kishilardan bojxona boshlig‘ini tayinlash borasida Xorazm savdogarlariga yon bosish, deya ishonchsizlik bilan qaraldi. Ammo shu yerdagi yoki to‘ppa-to‘g‘ri Peterburgdan bojxona boshlig‘i kursisiga bir rusni olib kelishga mustamlakachilar botinolmadilar. Biroq buning ham yo‘li topildi. Asli sho‘raxonlik, hozirgi to‘rtko‘llik bo‘lgan Saidmurodni bojxona boshlig‘i qilib tayinlashdi. Zero, u Galina Ivanovna degan rus ayoliga uylangandi. Shu taxlit xalq o‘rtasida «O‘rislarning bojmon kuyovi» deb tanilgan Saidmurod bojmon, xotini rus bo‘lgani bois, 1895 yildan yaxshigina mansabni egallagan.

U Rossiya imperiyasi bojxona qonunlariga ko‘ra, keskin belgilangan narxda boj olar, bu esa ko‘pchilikning nazarida qattiqqo‘llik bo‘lib tuyulardi. Ammo Saidmurod o‘zbekchilik qilib, faqirroq kishilarga yon bosar, beva-bechoralarga yordam qo‘lini cho‘zardi.

Saidmurod bojmon ko‘p yillar shu maskanda ishlab, o‘lkaning eng nufuzli kishilaridan biriga aylandi. U xotini Galina Ivanovna bilan Mariya, Abdulla, Muhammad, Nazarboy, Madrahim ismli farzandlarini ham elda obro‘-e’tiborli qilib tarbiyaladi.

Ayni paytda o‘ris xotinining maslahatiga quloq tutib, topgan pullarini xorazmcha aytganda arja – sandiqda emas, ko‘paytirish uchun sarfladi. Petro-Aleksandrovsk, Shobboz va Hazorasp ko‘n va paxta tozalash zavodlariga asos soldi.

1917–1920 yillardagi dolg‘ali davr boshlandi. Saidmurod bojmondan esa sanoatga asos solgan zavodchi boy va «o‘rislarning kuyovi», «bojmon kuyov» degan nom qoldi.

Saidmurod bojmon 1920-yillarning o‘rtalarida Hazoraspda vafot etdi.

Umid Bekmuhammad,
tadqiqotchi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring