Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Masdar» kompaniyasi rahbari «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi

«Masdar» kompaniyasi rahbari «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Dubay shahriga tashrifining ishbilarmonlik tadbirlari doirasida 2 dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari investitsiya vaziri, «ADQ» xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda «TAQA» kompaniyasi rahbari Josim Husayn Tabit va «Masdar» kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil ar-Ramahiy ham qatnashdi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Energetika sektoridagi hamkorlik tobora kengayib borayotgani qayd etildi. Bu yo‘nalishda «Masdar» kompaniyasi bilan strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi.

Uchrashuv yakunida davlat rahbari Masdar bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil ar-Ramahiyga ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA munosabatlari rivojiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun O‘zbekistonning yuksak davlat mukofoti – «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Ma’lumot uchun, «Masdar» kompaniyasi O‘zbekiston energetika sohasida yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilyapti.

Ushbu yirik loyiha doirasida 111 ta shamol turbinasi o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Shamol elektr stansiyasining ilk quvvatlari 2023-yil yakunida ishga tushiriladi va u Markaziy Osiyodagi eng yirik stansiya bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring