Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JST bosh direktori iyun oyida O‘zbekistonga keladi

JST bosh direktori iyun oyida O‘zbekistonga keladi

Jahon savdo tashkiloti (JST) bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala joriy yil iyun oyida O‘zbekistonga keladi. Bu haqda O‘zbekistonning Jenevadagi BMT bo‘limi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Eldiyor Toshmatovning JST bosh direktori bilan o‘tkazgan uchrashuvida ma’lum qilindi.

«Dunyo» AAning ma’lum qilishicha, uchrashuvda Eldiyor Toshmatov JST bosh direktori bilan ushbu tashrifga tayyorgarlikni boshlash, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 8-yig‘ilishini tezlashtirish, mutaxassislarning malakasini oshirish va qonunchilikni JST kelishuvlari va qoidalariga muvofiqlashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

«Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonining holati va istiqbollari xususida fikr almashildi. 

O‘zbekiston tomoni Tashkilot bosh direktorini JSTning 13-Vazirlar konferensiyasi (2024-yil 26-fevral – 2-mart, Abu-Dabi shahri) muvaffaqiyatli o‘tkazilgani va uning doirasida ko‘p tomonlama savdo tizimini mustahkamlash bo‘yicha erishilgan muhim kelishuvlar bilan tabrikladi», – deyiladi xabarda.

JST rahbari O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lish borasidagi chora-tadbirlarini yuqori baholadi. Ta’kidlanganidek, so‘nggi paytlarda O‘zbekiston a’zo bo‘lish jarayonidagi sa’y-harakatlarini sezilarli darajada faollashtirdi va JSTga a’zo bo‘lish ustuvor deb topilgan davlatlar qatoridan joy oldi.

Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekiston JSTning navbatdagi to‘laqonli a’zosi bo‘lishiga ishonch bildirdi. Shu nuqtai nazardan, u tashkilot kotibiyati O‘zbekiston sa’y-harakatlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring