Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Avtosalondan olingan shartnomani boshqaga sotish mumkinmi? Musulmonlar idorasi javob berdi

Avtosalondan olingan shartnomani boshqaga sotish mumkinmi? Musulmonlar idorasi javob berdi

4-avgust kuni UzAuto Motors kompaniyasi Cobalt, Lacetti va Damas avtomobillari uchun shartnoma berish boshlanganini e’lon qildi. Mamlakat bo‘ylab avtosalonlarda tiqilinch, ur-to‘polon va dahanaki tortishuvlar kuzatildi. Monopol avtoshirkat 8 oy o‘tib ochilgan kontraktatsiyani «limit tugagani» vajidan bir kun o‘tmay yopdi.

So‘nggi kunlarda esa internetdagi turli platformalarda UzAuto Motors mashinalari uchun shartnoma sotilishi haqidagi e’lonlar ko‘payib qoldi. Uddaburon vatandoshlarimiz bir kunlik ur-yiqitda qo‘lga kiritgan «o‘lja»sini pullashga urinmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi avtosalonlardan shartnoma olib, boshqa shaxsga ma’lum bir mablag‘ evaziga sotish holatini «shar’an joiz emas» deb fatvo berdi.

«Birinchidan, bu yerda bir qarashda shartnomaning o‘zi sotilayotganga o‘xshab ko‘ringani bilan, aslida shartnoma predmeti bo‘lgan mashina savdo moli bo‘lib, unga qilinadigan to‘lov shartnoma egasining nomidan amalga oshiriladi va mashina ham uning nomiga chiqadi. Ya’ni sotuvchi hali qo‘liga kirmagan mashinani ustiga foyda qo‘yib sotadi. Bu ish esa, shar’an joiz emasdir», – deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi javobida.

«Ko‘char mol-mulklarni savdosi ularni qo‘lga kiritishdan oldin joiz emasdir. Zero, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam qo‘lga kiritilmagan narsaning savdosidan qaytarganlar. Chunki bu savdoda sotilgan narsa (xaridor qo‘liga yetib borishidan oldin) halok bo‘lishi, ya’ni unga talafot yetishi mumkinligi e’tiboridan savdo kelishuvi buzilishi xavfi mavjud», – deydi faqihlar.

Ta’kidlanishicha, mashinaga to‘lov qilayotgan shaxs shartnoma egasining nomidan to‘lov qilgani uchun mashina ham shartnoma egasining nomiga chiqadi. U notarial idora orqali xaridor nomiga o‘tkazib bermagunicha mulk ham uning ixtiyorida bo‘ladi va xaridor aldanib qolish ehtimoli mavjud. Bu esa shariatda man qilingan g‘arar – aldov ustiga qurilgan savdo hisoblanadi.

«Uchinchidan, aksariyat holatlarda bu kabi shartnoma sotuvchilar bir nechta shartnomani qo‘lga kiritib, ularni sotishga harakat qiladi. Masalan, 134 mln 294 ming so‘mlik avtomashina ustiga shartnomani olib bergani uchun 1200 dollar ustama qo‘yadi. Tabiiyki, bu narsa avtoulov narxining oshishiga sabab bo‘ladi. Sun’iy ravishda narxlarni oshirishdan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qaytarganlar», – deyiladi Fatvo markazi izohida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring