Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda mashina sotib olish uchun shartnoma olishga kelgan mijoz avtosalon rahbari bilan mushtlashdi

Buxoroda mashina sotib olish uchun shartnoma olishga kelgan mijoz avtosalon rahbari bilan mushtlashdi

Foto: Xabar.uz

3 noyabr kuni taxminan soat 12:30 larda Buxoro shahrida joylashgan “Tred-in” xususiy avtosalon rahbari V.M. hamda avtosalonga mijoz sifatida kelgan Sh.M. o‘rtasida o‘zaro nizo kelib chiqqan.

Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning “Xabar.uz”ga ma’lum qilishicha, kelishmovchilik oqibatida 27 yoshdagi Sh.M. 36 yashar V.M. ning yuziga bir musht urgan.

Shundan so‘ng avtosalon egasi va uning tanishlari birgalikda unga qo‘l ko‘targan yigitni ko‘chaga olib chiqib urishgan. Shuningdek, Sh.M. avtosalonning avtoturargohida kaltaklangan.

“Holat sodir bo‘lgan joyga zudlik bilan Buxoro shahar IIO FMB tezkor-tergov guruhi yetib borgan. Hozirgi paytda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Janjalning qolgan ishtirokchilari shaxsiga ham aniqlik kiritilib, tezkor surishtiruv hamda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, deydi Shuhrat Jalolov.

Viloyat IBBga ko‘ra, tekshiruv yakuni bo‘yicha har bir janjal ishtirokchisining hatti-harakatiga qonunda belgilangan tartibda baho berilib, javobgarlikning muqarrarligi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 3 noyabr kuni UzAuto Motors ommabop avtomobillar uchun shartnoma berishni boshlagan, biroq shartnomalarni onlayn sotib olish imkonini beruvchi sayt, mobil-ilova hamda telegram-bot ishlamagandi.

Natijada avtosalonlarda uzundan-uzoq navbat, ur-yiqit va to‘polonlar kuzatildi. Telegramda tarqalgan videolarda avtasalonlardan birining oynavand eshiklari sinib ketgani, odamlar shartnoma olish uchun ichkariga derazalardan kirishga urinayotgani aks etgan.

Sotuv boshlanganidan atigi bir necha soat o‘tib shartnoma berish to‘xtatilgan. UzAuto Motors kontraktatsiyani ochganidan 50 daqiqa o‘tib, Cobalt avtomobili uchun 22,4 mingdan ortiq shartnomalar tuzilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring