Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQShga noqonuniy yo‘l bilan yuborishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi

AQShga noqonuniy yo‘l bilan yuborishni va’da qilgan firibgarlar qo‘lga olindi

Davlat xavfsizlik xizmati tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan qator tezkor tadbirlar natijasida fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborishga uringan bir nechta shaxslar qo‘lga olindi.

Jumladan, Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi, 35 yoshli shaxs Navoiy shahrida yashovchi fuqaroni «Turkiya-Yevropa-Meksika» yo‘nalishi orqali Amerika Qo‘shma Shtatlariga yuborish evaziga 28 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 14 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Jizzax viloyatida esa, Toshkent shahrida yashovchi, 2000-yilda tug‘ilgan va avval firibgarlik jinoyatlari uchun bir necha marta sudlangan shaxs fuqaroni AQShga yuborishni va viza rasmiylashtirishni va’da qilib, 35 ming dollar talab qilgan. U oldindan 10 ming dollarni uchinchi shaxs orqali olgan paytda qo‘lga tushgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, 2000-y.t., muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun bir necha marotaba sudlangan shaxs Sharof Rashidov tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, uni Qo‘shma Shtatlarga yuborish va viza hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida kuzatilgan holatda esa, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 25 yoshli shaxs mahalliy fuqaroni Turkiya-Ispaniya-Meksika yo‘nalishi orqali Amerikaga ishlash maqsadida yuborish uchun mansabdor tanishlari orqali viza rasmiylashtirib berish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 5 ming AQSh dollari va 26 mln. so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Xizmatning Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrida yashovchi, 1995-y.t. shaxs Shirin shahrida istiqomat qiluvchi 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Amerika Qo‘shma Shtatlariga ishga yuborish hamda viza va boshqa hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 38 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 52 mln. so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring