Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli turkolog va tarjimon Ramiz Asqar vafot etdi

Taniqli turkolog va tarjimon Ramiz Asqar vafot etdi

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining faxriy a’zosi, taniqli turkolog va tarjimon Ramiz Asqar 70 yoshida vafot etdi.

Ramiz Asqar 1954-yilda Armanistonning Amasi tumanidagi Azizbek qishlog‘ida tug‘ilgan. 1975-yilda Boku davlat universitetining jurnalistika fakultetini, 1978-yilda Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.

Uzoq yillar Ozarboyjon ommaviy axborot vositalarida ishlagan. 2002-yildan o‘z ilmiy faoliyatini boshlagan. Boku davlat universiteti turkologiya kafedrasida, ozarboyjon muhojir adabiyoti va badiiy tarjima laboratoriyasida, turkiy xalqlar adabiyoti kafedrasida mehnat qilgan.

2004-yilda «Qutadg‘u bilig» asarining til xususiyatlari mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, 2009 yilda «Devonu lug‘otit-turk» asarining til xususiyatlari mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. U 150dan ortiq ilmiy maqola, 70dan ziyod kitob chop ettirgan, shularning 54 tasi tarjimadir.

Ramiz Asqar o‘zbek mumtoz adabiyotining fidoyi tarjimoni va targ‘ibotchisi, buyuk mutafakkiri shoir Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» asarini, «Xamsa» dostonlarini to‘liq ozarboyjon tiliga tarjima qilib, Boku shahrida chop ettirgan.

Fidoyi tarjimon ozarboyjon tiliga o‘girgan «Boburnoma» asari 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovga sovg‘a qilingan.

Ramiz Asqar 2020-yil fevral oyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a’zo etib qabul qilingan. O‘zbek adabiyotini targ‘ib etishdagi xizmatlari, o‘zbek va ozarboyjon adabiy aloqalarini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun 2022-yilda «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan. U, shuningdek, Ozarboyjonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist unvoniga ega. 2014-yilda Ozarboyjonning «Shuhrat» ordeni bilan mukofotlangan. «Turk dunyosi oldidagi xizmatlari uchun» (Turkiya), «Oltin asr» (Turkmaniston), Bobur (O‘zbekiston) mukofotlari, «Madaniyat sohasidagi yutuqlari uchun» medali (Tatariston) bilan taqdirlangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring