Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek musiqasiga bag‘ishlangan «Maqom» kitobi chop etildi

O‘zbek musiqasiga bag‘ishlangan «Maqom» kitobi chop etildi

Foto:Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar doirasida «Maqom» nomli kitob-albom nashr etildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi. 

O‘zbek xalqining noyob musiqiy merosini asrab-avaylash va kelgusi avlodga bezavol yetkazishga xizmat qiluvchi ushbu nashr qadimgi mutafakkirlar, alloma va shoirlarning maqom san’atiga bag‘ishlangan risolalariga oid bo‘limlarni o‘z ichiga olgan.

Foto:Prezident matbuot xizmati

Kitobda mazkur san’atning falsafasi, Forobiy, Ibn Sino,  Marog‘iy, Kavkabiy kabi allomalar asarlari, turli maqom yo‘llari, jumladan, Buxoro Shashmaqomi, Xorazm Olti yarim maqomi va Dutor maqomi, Farg‘ona-Toshkent maqomi tarixiga alohida e’tibor qaratilgan. «Tanbur chizg‘ilari» deb nomlangan milliy nota yozuvining kashf etilishi hamda uning vositasida Olti yarim maqom, Dutor maqomlarining notalashtirilishi, shu bilan birga, o‘tgan asr boshlarida maqomning ilk bora perfokartalarga muhrlanishi yoritilgan. Shuningdek, maqom ijrochiligida keng qo‘llaniladigan sozlarni yasashning o‘ziga xos xususiyatlari va texnologiyasi bayon etilib, mashhur ustalarning nomlari keltirilgan.

O‘zbekistonning turli hududlari madaniy taraqqiyotida maqomning tutgan o‘rni va maktablarini aks ettiruvchi betakror, keng ko‘lamli fotokompozitsiyalar bilan bezalgan nashrda mazkur yo‘nalishdagi san’atning so‘nggi yuz yillik tarixiga oid nodir fotosuratlar ham o‘rin olgan.

Kitob-albomga «Shashmaqom. Oltin bisot» nomli multimedia to‘plami ilova qilingan bo‘lib, ushbu audiokolleksiya akademik Yunus Rajabiy boshchiligida tashkil etilgan «Maqom» ansambli tomonidan 1959-1963 yillari ijro etilgan va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Oltin fondida saqlanib kelmoqda. 

Foto:Prezident matbuot xizmati

Ta’kidlash joiz,  2017 yil 17 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatda o‘zbek maqom san’atini chuqur o‘rganish uchun zaruriy shart-sharoit yaratish, o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarni ravnaq toptirish, maqom «oltin fondi»ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan. Asosiy vazifalar qatorida Shahrisabz shahrida an’anaviy tarzda Xalqaro maqom san’ati forumini o‘tkazish hamda O‘zbek milliy maqom san’ati markazi faoliyatini tashkil etish belgilangan.  Joriy yilda birinchi marta muvaffaqiyatli ravishda o‘tkazilgan Xalqaro forumga dunyoning 70 dan ziyod  mamlakatidan san’atkorlar, musiqashunos-olimlar va tadqiqotchilar, xalqaro ekspertlar tashrif buyurdilar.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring