Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Malayziyadagi tandir go‘sht, tish pastasi va bolalar: Murod Muhammad Do‘st bilan safar

Malayziyadagi tandir go‘sht, tish pastasi va bolalar: Murod Muhammad Do‘st bilan safar

1993 yil avgust oyida Murod Muhammad Do‘st bilan Malayziyaga xizmat safariga bordik. Fan nomzodi Akmalov (xotiram pand bermasa, ismi Ne’mat edi) bizga tarjimon bo‘lib bordi. Malayziyaning «Bernama» axborot agentligida, televideniyasida uchrashuvlar o‘tkazdik, o‘zaro tajriba almashdik. Yana bir qancha tashkilot va idoralarda muzokaralarda qatnashdik.

 Bir kuni tushlikda tovuq go‘shti olib kelishdi. U na qaynatilgan, na qovurilgan, ajabtovur pishirilgan edi. Tatib ko‘rsak, juda mazali. Ko‘rinishi ham, mazasi ham o‘zimizning mashhur tandir go‘shtiga o‘xshaydi. Murod ikkalamiz bir-birimizga qaradik.

- Tovuqdan tandir qilganmi? – dedi Murod.

Bizga hamrohlik qilib yurgan mezbonning ko‘zlari charaqlab ketdi.

– Ha-ha, tanuri, tanuri, – dedi tovuq go‘shtini ko‘rsatib. Keyin bizga bu ovqat qanday tayyorlanishini tushuntirib berdi. Tovuq go‘shti o‘zimizda qo‘y go‘shti tandirda qanday pishirilsa shu usulda pishirilar ekan, nomi ham tanuri ekan.

Bildikki, Malayziyada ham tandir bor ekan va ular tanur der ekan. Ajoyib-a! Balki qaysidir ajdodlarimiz olib borgandir.

* * *

 Kuala-Lumpur ko‘chalarida sayr qilib yurgan edik. Yerosti yo‘lagidan o‘tayotsak bir to‘da bolalar chug‘urlashib, qanaqadir o‘yin o‘ynayotgan ekan.

  – Doktor Akmalov (u qayerga borsa o‘zini doktor Akmalov deb tanishtirardi, shundan keyin biz ham uni doktor Akmalov deb chaqiradigan bo‘ldik), e’tibor berdingizmi, Malayziyaning yosh bolalari juda iqtidorli bo‘larkan, – dedim men boyagi bolalarni ko‘rsatib. – Manovi bolalar nari borsa o‘n yoshdadir, lekin malay tilida tutilmay sayrab yotipti.

Doktor Akmalov hayrat bilan tikildi bolalarga. Keyin menga qaradi.

– Rostanam-a, e, qoyil, – dedi.

Murod menga ma’nodor qaradi-da, jilmayib mo‘ylovini silab qo‘ydi. Yo‘limizda davom etdik. O‘n besh-yigirma qadamlar yurganimizdan keyin doktor Akmalov shart to‘xtadi-da, mening tirsagimdan tortdi.

– Ha, Akmalov, tinchlikmi? – dedim hech narsa bo‘lmaganday.

– Qiziq odam ekansiz-ku...

– Nima bo‘ldi? – dedim yana jiddiy tarzda.

Murod bir chekkada hi-hilab turibdi.

– Malayziyalik bo‘lgandan keyin malay tilini biladi-da, – dedi iljayib.

– Kim malayziyalik? – dedim pinagimni buzmay.

– Boyagi bolalar-da.

– Shunaqami, biz hozir Malayziyadamizmi? Men Kuala-Lumpurdamiz, deb o‘ylabman.

Endi doktor Akmalov astoydil xafa bo‘ldi, lekin bildirmadi, aksincha, xaxolab kuldi.

– Ma’lumotingiz uchun aytib qo‘yay, – dedi jon-jahdi bilan u. – Kuala-Lumpur Malayziyaning poytaxti. Tak chto, biz hozir Malayziyadamiz, boyagi bolalar ham malayziyalik bolalar.

Murod baralla kuldi.

– Shunaqa deng... Obbo Akmalov-ey, xo‘p ajoyibsiz-da...

Rostdanam Akmalov g‘oyat ochiq ko‘ngil, beg‘ubor, ko‘nglida kiri yo‘q yigit ekan. Shundanmi, uncha-muncha hazilni ham ko‘ngliga olmaydi, kulib ketaveradi.

 * * *

Ko‘chada ketayotgan edik, doktor Akmalov hozir, dedi-da, kichkina bir do‘konga kirib ketdi. Murod bilan kutib turdik. Kuala-Lumpur iqlimi juda og‘ir, namlik kuchli, bir pasda ter bosadi odamni, nafas olish qiyin. Ayniqsa, bizga o‘xshab quruq iqlimda yashaydiganlar o‘rganguncha ancha qiynaladi. Buning ustiga avgust oyi.

Besh daqiqa, o‘n, o‘n besh daqiqa o‘tdi. Akmalovdan darak yo‘q. Chaqirib chiqay, deb u kirib ketgan do‘kon tomon yurdim. Shu mahal salafan paket ko‘tarib chiqib keldi.

– Ha, doktor Akmalov, nima oldingiz? – dedi Murod.

– Tish pastasi, – dedi va kichkina tish pastasini ko‘rsatdi.

Akmalovning bir necha tishi tushgan, ilkis og‘zini ochganida ikkita yo uchta tishi ko‘rinar edi, xolos.

– Shunga shuncha qob ketdingizmi? Arzon ekanmi bu yerda? – deb so‘radi Murod.

Akmalov aftini burishtirdi.

– Har xili bor ekan, bari qimmat. Arzonrog‘ini qidirib, bazo‘r topdim.

– Arzoni necha pul ekan? – yana so‘radi Murod.

– O‘n dollar, – dedi Akmalov mamnun holda.

Murod ikkovimiz bir-birimizga yalt etib qaradik.

– Menga qarang, doktor Akmalov, – dedim men kulib. – Shu pastani olaman, deb yarim soat yo‘q bo‘lib ketdingiz. Tag‘in o‘n dollar emish. Axir o‘n dollarga shu chimchaloqday pastani olgandan ko‘ra qolgan ikki-uchta tishingizni ham sindirib tashlaganingiz yaxshi emasmi? Shu arzonga tushmaydimi?

Akmalov hazilimni jiddiy tushunib, nima deydi deng:

– Unda ovqatni qanday yeyman?

Hammamiz kuldik.

Bu hangomani Murod hozirgacha turli davralarda aytib yuradi. Albatta o‘zidan qo‘shib, badiiy sayqal berib hikoya qiladi.

 * * *

Ushbu xotiralarni yozayotgan kunlarim Murod bilan telefonda gaplashib qoldik. Gap orasida men Malayziya safarimizni eslatdim.

– Malayziyadagi hangomalarni yozayotgan bo‘lsangiz, eng qizig‘i esingizdan chiqmasin.

– Nima edi u?

– Ikkovimiz bozorga borganimiz-chi, yodingizdami?

– Esladim, esladim, – dedim.

Malayziya safarimiz oxirlayotgan kunlari bozorga bordik. Maqsad – Kuala-Lumpur bozorini ko‘rish va bolalarga u-bu narsa olish.

Hamma bozor kabi Kuala-Lumpur bozori ham gavjum. O‘zimizning tilda aytganda, nina tashlasa yerga tushmaydi.

– O‘-hu, – dedi Murod tumonat odamga qarab. – Lekin siz bilan menga mazza ekan. Odamlarning aksariyati bizning belimizdan keladi. Bu yerda bir-birimizni yo‘qotmaymiz, uzoqdan ko‘rinib turamiz.

Ataylab birimiz u tomonga, birimiz boshqa tomonga yurdik. Bozordagi narsalarni tomosha qilib, ancha joyga ketib qolibman. «Hazil-hazil bilan bir-birimizni yo‘qotib qo‘ymasak edi», degan fikr o‘tdi xayolimdan. Murod ketgan tomonga qaradim. Odamlarning ustidan uning yelkasi yaqqol ko‘rinib turar edi. Bir-birimizga qo‘l ko‘tarib, iljaydik.

Qanday mazza-a!

 «Ko‘ngil nima deydi?»

Murod Muhammad Do‘st «O‘zbekkino» milliy agentligida rahbarlik qilgan yillari yozuvchi Asad Dilmurod o‘sha yerda ssenariy bo‘limida muharrir bo‘lib ishladi.

Asad – mening sinfdoshim, juda ulfat, ochiq, dilkash, suhbati shirin, beg‘ubor inson edi.

Asad oddiy xodim bo‘lsa-da, Murodning oldiga bemalol kirib-chiqar edi. Chunki ularning do‘stligi yoshlik yillaridan boshlangan. Ayniqsa, Asad o‘sha paytlardagi eng obro‘li gazeta bo‘lgan «Sovet O‘zbekistoni»ning Samarqand viloyati bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlagan yillari (1970-yillar) Toshkentdan borgan ijodkor borki, Asadga uchrashar, u ham barcha ishini yig‘ishtirib, ular bilan birga yurar edi. O‘sha yillari Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zam, Xayriddin Sulton, Azim Suyun kabi shoir va yozuvchilar Samarqandga tez-tez borib turishar, Asad ularni albatta Urgutga olib borar edi. Urgutda Fayzi Haydarov (tuman gazetasining muharriri) qo‘shilar edi. Bu suhbat-gurunglarning ayrimlarida men ham qatnashganman. Gurunglar, ulfatchilik gohida tonggacha cho‘zilar va bundan hech kim charchamas, zerikmas edi. Urgutning mashhur To‘pxonasida o‘tirib tong otishini kuzatgan vaqtlarimiz bo‘lgan.

Ana shunday zavqli, haroratli, samimiy damlarda bog‘langan edi do‘stlik, jo‘rachilik rishtalari.

Shu o‘rinda Fayzi Haydarov haqida bir-ikki og‘iz so‘z yuritishni burchim, deb bilaman.

Allohning marhamati keng. Bandasini bir tomondan kemtik qilsa, boshqa tomondan ulug‘laydi. Fayzi akaning jismoniy jihatdan bir oz nuqsoni bor edi. Ammo uning odamgarchiligi, mehmonnavozligi, ulfatchiligi, aql-farosati, salohiyati shu qadar yuksak ediki, uncha-muncha to‘rt muchasi sog‘ odam ham oldiga tusholmasdi. Nafaqat Samarqandda, balki Toshkentdagi ko‘plab ijodkorlar Fayzi Haydarovni yaxshi tanir, qattiq hurmat qilar edi. Tumanda-ku obro‘si, nufuzi havas qilgulik darajada edi. U kishi tuman gazetasiga muharrirlik qilgan yillar mobaynida tumanda qancha raykom sekretari, qancha hokim almashdi. Ularning hammasi Fayzi akaning hurmatini joyiga qo‘yar, biron-bir tadbir Fayzi Haydarov ishtirokisiz o‘tmas edi. Eng asosiysi, uning jismoniy kamchiligiga hech kim e’tibor bermas, bu haqda hatto o‘ylash ham xayoliga kelmasdi. Hazil-huzullariga, askiyayu-latifalariga hamma maftun bo‘lardi.

Insonning kimligi, qadr-qimmati uning saxti-sumbatiga qarab emas, aql-zakovati, fahm-farosatiga qarab belgilanishi Fayzi Haydarov misolida yaqqol namoyon bo‘lgan. Zotan, Fayzi akaning o‘zi kimnidir farosati noqisligini aytmoqchi bo‘lsa, «falonchida vitamin «f» yetishmaydi» derdi. O‘zida ushbu vitamin keragidan ham ko‘proq edi desak, xato bo‘lmas.

Asad bilan Fayzi aka nihoyatda qadrdon, sirdosh edi. Ular bir uyda ijarada yashab, tuman gazetasida ishlagan. Taqdirni qarangki, bu foniy dunyoni ham oldinma-keyin tark etdi: 2019 yil 28 yanvarda Fayzi Haydarov tuproqqa qo‘yildi, ertasi kuni, ya’ni, 29 yanvar Asad Dilmurod so‘nggi manzilga kuzatildi.

Albatta, Asad bilan Murod eski qadrdonlar ekanini «O‘zbekkino»dagilar bilmasdi. Shu sabab jussasi kichkina Asad Dilmurod Murod Muhammad Do‘stday qattiqqo‘l, talabchan, qahrli (ular shunday, deb o‘ylashardi) boshliq huzuriga indamay kirib ketishi ajablanarli edi. Asad bosh direktor oldiga nainki indamay kirib borar, goho-goho uning xos xonasida ikkovi ulfatchilik ham qilar edi.

Bir kuni Murod Asadni chorlapti. Asad kirsa bosh direktorning kayfiyati yaxshi.

– Og‘ajon, yaxshimiz? – deb hol-ahvol so‘rabdi rahbar va xos xonaga boshlabdi.

Ikkovi u yoqdan-bu yoqdan suhbatlashib, shishani yarimlatibdi. Murod shishani qopqog‘ini yopibdi.

- Aql bo‘ldi, deyapti, – debdi.

Asadning o‘ziga xos jilmayishi bor edi. Ozgina «nush» etsa yuzlari qizarar va o‘sha jilmayish kuchayardi. Bosh direktor bu gapimga muharrir nima derkin, degandek, Asadga savolchan qarabdi. Yuzlari qizarib, jilmayib o‘tirgan muharrir janoblari bosh direktor savoliga savol bilan javob beripti:

- Ko‘ngil nima deyapti?

Hash-pash deguncha shishaning tagi ko‘rinibdi.

Mamatqul Hazratqulov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring