Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Iste’dodsiz yigit» festival g‘olibi bo‘ldi

«Iste’dodsiz yigit» festival g‘olibi bo‘ldi

Foto: xabar.uz

Bir paytlari iste’dodsiz deb topilgan yigit festival g‘olibiga aylandi.

Xivada ikki kun davom etgan «Raqs sehri» xalqaro festivalning yopilish marosimi Xorazm televideniyesida to‘g‘ridan to‘g‘ri  namoyish qilindi.

G‘olib sifatida taqdirlanganlar orasida Bog‘ot tumanining Qipchoq qishlog‘ida yashovchi Jamshid Jumaniyozovning ham nomi yangradi.

Jamshid Jumaniyozov «Eng yaxshi xorijiy raqsning erkak ijrochisi» nominatsiyasida g‘olib deb topilib, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

...Jamshid Jumaniyozov Bog‘ot tumanidagi 13-umumta’lim maktabining 9-sinfini tamomlagach, M.Xarratov nomidagi Urganch san’at kollejida o‘qish uchun hujjat topshiradi. Bu jarayonda o‘zim guvoh bo‘lgan bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Og‘zaki suhbatdan o‘tish uchun borganida hali u bilan bir og‘iz gurunglashib ham ko‘rmagan kollej direktor o‘rinbosari: «Sendan san’atkor chiqmaydi, borib boshqa yerda o‘qi!» deya ranjitgan edi.

Taqdirni qarangki, Jamshid Toshkent davlat raqs va xoreografiya oliy bilim yurtiga o‘qishga kirib, tahsil oldi. Nufuzli «Lazgi» ansamblida faoliyat yuritdi. Bir yildan buyon esa Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat teatrida ishlab kelmoqda.

– Festivalda qolmiqcha raqs ijro qildim, – deydi Jamshid. – Uni qunt bilan o‘rganishim va liboslar tanlashimda ustozim Dinara Ibrohimova yaqindan yordam berdi. Xalqimiz  «Intilganga tole yor» deyishadi. Lekin qanchalik intilsang ham orzularing ro‘yobiga to‘sqinlik qiluvchilar ham yo‘q emas. Ana shunday odamlar o‘quv dargohlarida o‘rnashib olgani achinarlidir.

Aytish joizki, Urganch san’at kollejida bugun muhit tamomila o‘zgargan. Bu yerda yangi rahbar, yangi o‘qituvchilar mehnat qilishadi. Afsuski, bir paytlari bu yerda o‘zining yorqin iste’dodi bilan tanila boshlagan ko‘pgina yoshlar oddiygina sabab bilan o‘qishdan haydalgan.

Modern uslubidagi nasriy asarlari poytaxt nashrlarida uzluksiz nashr qilinib turadigan Ma’ruf Mengli ham mazkur kollejdan badarg‘a qilingan edi. Oddiy bahonalar bilan kollejdan haydalgan bir guruh yoshlar bugungi kunda viloyatimizning nufuzli idora va tashkilotlarida mas’ul vazifalarda ishlashmoqda. Shu bilan birga kollej direktorining ma’naviy va ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari M.Omonboyevaning ham martabasi oshib, Urganch shahar hokimi o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilgan.

Erpo‘lat Baxt

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring