Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Fransiya tibbiyot akademiyasida Abu Ali ibn Sino byusti o‘rnatildi

Fransiya tibbiyot akademiyasida Abu Ali ibn Sino byusti o‘rnatildi

Parijda AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE (Xalqaro Avitsenna – Ibn Sino mukofoti)  tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston madaniy me’rosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati  yurtimizdagi Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida Fransiya tibbiyot instituti akademiyasining direktorlar kengashi taxt zalida Abu Ali ibn Sinoning bronza byustini o‘rnatdi.

—Biz ushbu loyihani amalga oshirishga qo‘shgan hissalaringiz uchun barchalaringizga alohida minnatdorlik bildiramiz. Ko‘z oldingizda turgan ushbu byustni o‘zbek xalqi nomidan hamkorligimiz ramzi sifatida qabul qilishingizni so‘rayman. Bu voqea tarixda qoladi va yosh avlodlarga ulug‘ olim Ibn Sino me’rosini o‘rgatish faoliyatiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘lib xizmat qiladi, — dedi O‘zbekiston Respublikasining Fransiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev.

—Men marosimda ishtirok etganimdan juda mamnunman va Jahon jamiyatining Fransiya Tibbiyot akademiyasida Ibn Sino byustini o‘rnatish bo‘yicha tashabbusini qadrlayman. Ibn Sino o‘zbek zaminining so‘zsiz dahosi, ayni paytda uning me’rosi Yevropa va jahon me’rosining muhim qismidir. O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida yana bir madaniy ko‘prik o‘rnatgan mamlakatingizdan chuqur minnatdorman, – dedi Parij universiteti professori Joel Chandile o‘z ma’ruzasida.

Shuningdek, Parijdagi Tibbiyot akademiyasining Katta amfiteatrida Xalqaro «Avitsenna» mukofotini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mukofotlarni Fransiya Tibbiyot akademiyasi Prezidenti janob Tran Ba Xyui topshirdi.

Joriy yilda «Yevropa Ittifoqi, O‘rta yer dengizi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi falsafiy va tibbiy tadqiqotlar hamda hamkorlikni rag‘batlantirish uchun» mazkur oliy mukofot turli mamlakatlar vakillariga topshirildi. Mukofotlanganlar orasida hamyurtimiz, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati Vasiylik kengashi raisi, «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasini amalga oshirayotgan Baxtiyor Fozilov borligi quvonarli. 

Ma’lumot uchun: «AVICENNIA INTERNATIONAL PRIZE» mukofoti 2015 yilda  Yevropa Ittifoqi, O‘rta Yer dengizi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi falsafiy va tibbiy tadqiqotlar hamda hamkorlikni rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan. Ushbu mukofot  o‘z tadqiqotlari va nashr qilgan kitoblari orqali buyuk musulmon mutafakkiri Ibn Sino ijodini o‘rganishga hissa qo‘shgan, tinchlik o‘rnatish, madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilgan olimlar va  shaxslarga beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring