Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Davron G‘oyipovning o‘limiga nima sabab bo‘lgani aytildi

Davron G‘oyipovning o‘limiga nima sabab bo‘lgani aytildi

Otasi o‘z joniga qasd qilgan, akasi o‘ldirilgan, o‘zi qamalib olis o‘lkalarga yuborilgan Davron G‘oyipov haqida taniqli jurnalist Anvar Namozov post qoldirdi.

Ravshan Namozovning vafotidan ikki hafta o‘tmay, yana bir iste’dod egasi Davron G‘oyipov hayotdan ko‘z yumdi. Uning otasi Ro‘zmat G‘oyipov bir zamonlar Qashqadaryo «obkom»i bo‘lgan, paxta ishida ayblanib, tergovga tortilgan. Hibsga olish uchun uyiga borishganida u o‘z joniga qasd qilgan, ulkan xanjar bilan bo‘ynidan bo‘g‘izlagan edi.

Bu paytda zamonaviy estrada bilan shug‘ullangan Davron G‘oyipov ham tergovga tortiladi. U besh yildan ko‘p vaqt qamoq jazosini o‘tashga majbur bo‘ldi. Aytishlaricha, D.G‘oyipovni sovuq Sibir o‘lkasiga yuborishgan. Ashaddiy musiqachi qamoqdalik paytida ham musiqiy guruh tuzgan, qo‘shiqlar ijro etgan ekan.

Ozodlikka chiqqach, u ma’lum muddat Rossiyada ishladi. O‘shanda D.G‘oyipovning ko‘chada mandarin sotayotgani va «O‘zbekistonda hech kim rok-n-roll»ni tushunmaydi degani TV orqali ko‘rsatilgan edi.

Keyin u O‘zbekistonga qaytdi. Yangi guruh tuzdi. Qo‘shiqlar yozib, ijro etdi. Avvalgi muxlislari safiga yangilari qo‘shildi, ular soni tobora oshib bordi.

Davron G‘oyipov ma’lum vaqt «O‘zbeknavo»da ham ishlagan. Bunda akasi – Toshkent aeroporti rahbari bo‘lgan Arslon Ro‘zmetovning yordami katta, albatta.

Arslon Ro‘zmetovning O‘zbekiston aviatsiyasidagi xizmati katta. Ammo, bu inson 2008 yilda qamoqda vafot etdi...

Davron G‘oyipov siyosatga aralashmas, uning dunyosi musiqa, estrada, rok, pop yo‘nalishi edi. «Yoshlar» telekanali tashkil etilganida «Davr» informatsion dasturidan tortib, ob-havo ma’lumoti musiqalarigacha D.G‘oyipov yozib bergan.

Akasining vafotidan so‘ng Davron G‘oyipov bir qadar e’tibordan qoldi. Hatto taqiqqa tushdi.

Shaxsiy hayoti haqida D.G‘oyipov gapirishni xohlamasdi…

U jonli kuylash tarafdori edi. Bir intervyusida fonogrammada qo‘shiq aytadiganlarni sahnadan supurib tashlash kerakligini ta’kidlagandi. Bu gaplari o‘zgartirilmay gazetada chiqqanida quvonib ketgan, qayta-qayta o‘qib chiqqan edi.

So‘nggi telefon qo‘ng‘iroqlaridan birida u yoshi o‘tayotgani, charchab qolayotganini aytdi. Aslida, endi ma’lum bo‘lishicha, avtohalokatga uchragan va salomatligiga jiddiy putur yetgan ekan. Shu tufayli o‘zining tavallud kunini yaqinlari va do‘stlari davrasida kutib olish unga nasib etmadi.

Davron G‘oyipovning beqiyos san’atini, ohangrabo musiqasini hamma ham tushunmasligi, qabul qilmasligi mumkin, ammo haqiqiy muxlislari umrlari oxirigacha G‘oyipov fenomeni shinavandalari bo‘lib qolaveradilar.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring