Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Polshada mahbuslar koronavirusga qarshi kurashga kirishdi

Polshada mahbuslar koronavirusga qarshi kurashga kirishdi

Foto: «Flashnord.com»

Polshalik mahbuslar tibbiy niqob tikish va dezinfeksiyalovchi suyuqlik ishlab chiqarishga kirishdi, deb xabar berdi mamlakat adliya vaziri o‘rinbosari Mixal Vuychik.

«Penitensiar tizimning 24 ta muassasasida tibbiy niqob tikish jarayoni boshlab yuborildi», — deydi Vuychik. Uning aytishicha, mahbuslar bir oyda 800 mingta niqob tikishi mumkin.

Bundan tashqari, penitensiar tizim korxonalaridan birida maxsus kombinezonlar ishlab chiqarilib, gospitallarga yuboriladi.

Shuningdek, mahbuslar dezinfeksiya uchun maxsus suyuqlik ishlab chiqarishga kirishishlari mumkin. «Qamoqxonalardan birida maxsus ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirib, u yerda oyiga 80 ming litr dezinfeksiyalovchi vositalar ishlab chiqariladi», — deydi vazir o‘rinbosari.

«Bularning bari mahbuslar tomonidan bajariladi. Bu bizning — adliya vazirligi va penitensiar tizimning koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashdagi hissamiz bo‘ladi», — deya ta’kidlagan u.

Vuychikning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy niqob, kombinezon va dezinfeksiyalovchi suyuqliklarni ishlab chiqarish uchun bir necha yuzta mahbus ishga jalb etilgan. Mahbuslar tomonidan tikilgan tibbiy niqoblar huquqni muhofaza qilish organlariga ham, gospitallarga ham yuboriladi.

Ayni vaqtda Polshada epidemiya tartibi joriy qilingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, koronavirus 2554 kishida aniqlangan, ulardan 43 nafari vafot etgan. Polsha hukumati koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq ravishda chet elliklar uchun chegaralarni yopish, Shengen hududiga kiruvchi mamlakatlar bilan chegaralarni nazorat qilishni tiklash, xalqaro avia- va temiryo‘l aloqalarini to‘xtatish, odamlar harakatini cheklash, bolalar bog‘chasi, maktab, universitet, ko‘ngilochar muassasalar, jamoat ovqatlanish joylari, sartaroshxona, manikyur saloni, oziq-ovqat mahsulotlaridan boshqa do‘konlarni yopishga qaror qildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring