Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yosh qizlarni bo‘ralatib so‘kkan MFY raisining «ishi» sudga oshirildi

Yosh qizlarni bo‘ralatib so‘kkan MFY raisining «ishi» sudga oshirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumani «Fidokor» MFY raisi G‘.Mamadiyev «Damas» rusumli avtomashinani to‘xtatib, unda ketayotgan bir necha nafar ayollarni majburan tushirib olib, ularni «paxtaga chiqmayotganlik»da ayblash asnosida uyatsiz so‘zlar bilan qattiq haqorat qilgani aks etgan videolavha tarqalganidan xabaringiz bor. Mazkur holat prokuratura tomonidan o‘rganilayotganini ham ma’lum qilgandik. 

Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbarining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, holat o‘rganilishi natijasida «Fidokor» MFY raisi G‘.Mamadiyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK 41-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka oid ish qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Muzrabot tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.

Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 41-moddasi «Haqorat qilish» (ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) deya nomlanib, unga ko‘ra shaxs eng kam ish haqining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima jazosiga tortilishi mumkin.

Alohida qayt etish kerak, prokuratura javobida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi bayonotiga ta’kid etilgan go‘yoki rais «...mahallaning 11 nafar xotin-qizlari shartnoma asosida paxta terimiga chiqishi tushuntirgani», biroq «...fuqarolar bu tushuntirishlarga e’tibor qilmasdan, MFY raisiga nisbatan istehzoli kulib, kalaka qilgani» xususida hech gap yo‘q.

Demak, bu kabi holatlar kuzatilmagan. Bundan anglashiladiki, Mahalla kengashi MFY raislariga «adabiy advokatlik» qilishi emas, vaziyatga xolis yondoshishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Vassalom.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring