Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yo‘qolayotgan daryo yoxud hayqiriqni kimdir eshitarmikan?

Yo‘qolayotgan daryo yoxud hayqiriqni kimdir eshitarmikan?

Oxiri, jim tura olmadim. Aytmasam, tabiatga xiyonat qilayotgandek bo‘laverdim. 21-oktyabr kuni «Zarafshon milliy bog‘i» da qo‘riqlanadigan hududlarga yaqin joylashgan maktablar orasida bellashuv bo‘lib o‘tdi. Biroq hozir yozmoqchi bo‘layotganim, tadbir haqida emas...

Tabiatni sevganim uchun tadbirga o‘zim ham bordim. O‘rmon, toza havo, yovvoyi hayvonlar bilan do‘stlashib ketishgan o‘rmon xodimlari... Albatta, kayfiyatim ko‘tarildi. Biroq, bu holat ko‘pga cho‘zilmadi. Bolalar bilan daryo qirg‘og‘iga borib keladigan bo‘ldik. Daryoga yetib borguncha, ko‘z o‘ngimda bolalik yillarim o‘tdi. Olis kolxoz dalalarida onam bilan daryo yoqalab piyoda qaytgan kezlarimiz birin-ketin jonlanardi. Qirg‘oqqa yetib borgach, ho‘ngrab yig‘lab yuborishdan o‘zimni arang tutdim. Bizni kuzatib borgan Sharof akaga yuzlanib: «Daryo qani?!», – dedim hayratimni yashirolmay. Daryoning suv sathi yildan-yilga tushib ketayotgani haqida tez-tez o‘qib, eshitib turardim. Lekin, men ko‘rgan manzara darajasida, deb tasavvur qilmagan ekanman...

   

6-7 yoshlarda edim. Onam, oqshom hamma rao‘zg‘or ishlarini tinchitib bo‘lgach,   men ham uxlamay g‘imirlab yurganimga e’tibor berdi.

– Eh-he, sen nega uxlamay yuribsan? Yur ertaroq uxlaylik, ertalab soat to‘rtlarda turib ketaman. Ertaga Xalfa boboning tutzoriga (bu joy qayerda ekanini yaxshi bilaman. Bizning uyimizdan 3-4 km. uzoqroqda. U yerga borishda ham, kelishda ham keng suvliklardan, buloqlardan, plyajdan o‘tiladi. Bu joylar oldin Xalfa boboga tegishli bo‘lgan. Shuning uchun joy nomi haligacha o‘sha kishining nomi bilan atalardi.) tong otmay yetib borishim kerak. Ish shu yoqda. U yerlarda tutzor qolmagan. Allaqachon, paxta dalasiga aylanib ketgandi. Lekin, o‘rmon va juda ko‘p suvli kengliklar bor edi. Xabarni eshitishim bilan:

– Uraaa, menam boraman, dedim.

Onam:

– Kech bo‘lib ketdi. Seni uyg‘otib o‘tirmayman, – dedilar.

Meni uyg‘otish shartmasligini, o‘zim uyg‘onishimni, suv tarashda onamga yordam berishimni aytdim. Onam, hay, uxlachi, deb meni o‘rnimga yotqizdi. Otam zavodda ishlardilar. Ertalab ishga ketishidan oldin: «Men shundan ertaga kechqurun kelaman-da, 18 ta vagon kelgan», deb ketgandi. Demak, kechga otam keladi. Kun bo‘yi onam bilan suv quyamiz, degan xayollar bilan uyquga ketdim. Hushyor yotgan ekanman, onam qo‘zg‘alishlari bilan dik etib turib oldim. Xullas, qo‘limizda fonus, qumg‘on, ikkita non, qand, biroz sariyog‘ni ko‘tarib, ona-bola yo‘lga tushdik. Yetib kelganimizda tong yorishib qolgandi. Fonusni o‘chirib, suv tarashga tushdik. Onam egatlarga suv tarar, men esa, qandaydir bug‘doyrang qog‘ozlarni tayyorlab onamga yetkazib berardim. Ikkalamiz, o‘tirib choy ichdik. Kun ancha qizib ketdi. Onam meni yetaklab dala boshidagi buloqqa cho‘milishga olib bordi. Suv shu qadar tiniq ediki, tagidagi toshlar aniq ko‘rinib turgani uchun sayozdek tuyuldi. Chopib muzdek suvga kirgandim, xalqumimgacha botib ketdim. Qo‘rqqanimdan qimirlamay bir joyda qotib qoldim. Onam ham kiyimlari bilan sekin o‘zlarini suvga tashladilar. Menga yaqinlashib, qo‘rqma suz, dedilar. Shunda suzishni o‘rgandim. Qayerdandir, suvning shovullagan ovozi kelib turardi.

– Qayerda suv shovullayapdi? – dedim.

 – Daryoda-da! Mana, yo‘lning narigi tomoni, daryo, – dedi onam.

Cho‘milib chiqqach, umuman charchoq, uyqu xumori qolmagandi. Onam, yur ko‘rsataman, deb daryo bo‘yiga olib bordilar. Shunaqa katta, u qirg‘og‘i zo‘rg‘a ko‘rinadigan, shovullab, haybat bilan oqayotgan loyqa lekin buloq suviga nisbatan iliq, yumshoq – Zarafshon daryosi!

– Uncha yaqin borma, boshing aylanadi. Buning ustiga suv tagini yuvib ketgan bo‘lsa, girdishi suvga qulab tushadi, – dedi.

Ancha uzoqroqdan turib tomosha qildim. Ajib, havo! Oftob jizzillab ketgani ham bilinmaydi. Ortga qaytdik. Kun biroz tashlaguncha katta tut daraxti tagida yotib uxlab oldik... Keyin, soat uchlarda yana choy ichib oldikda qolgan egatlarga ham suv taradik. Qaytishda ham buloq, plyaj, daryo suvlarini tomosha qilib, suv kechib keldik...

– Oxirgi ikki yilda suv sathi 7 metrga tashlab yubordi...

Xotiralar yetaklab ketgan olis bolalik dunyosidan, Sharof akaning ovozi meni qaytarib oldi. Yuragim achinishmi, sog‘inchmi allaqanday tuyg‘ular bilan jizzillab turardi. Chuqur xo‘rsindim, hech narsa demay daryo qirg‘og‘iga yaqinroq bordim. Hamma suvni bir joyga to‘plasa, Mirzaariqchalik ham suvi qolmabdi. Qayerdandir shovqin eshitilib turardi. Bu nimaning shovqini ekani bilan qiziqib, Sharof akadan so‘radim. Toshloqlarning narigi tomonida, Tayloq xududida zavod ishlayotganini, shundaylar tufayli daryoning suvi pastlab ketayotgani, bu esa, atrofdagi qancha o‘simliklar, daraxtlar va jonivorlarning qirilib ketishiga sabab bo‘lishini aytdi. Ichim ezilib ketdi. Kimlardir qoq sahroning ichida jannatmakon maskanlar yaratayapdi, soxta ko‘llar, yaratayapdi. Buning uchun milliardlab pullar sarflashayabdi. Biz bo‘lsa, Yaratgan in’om etgan tabiiy jannatni sahroga aylantirayabmiz... Ich-ichimda unsiz hayqiriq bor edi: To‘xtang, odamlar! Jannatmakon maskanimizni kovlab, kemirib pul qilmang! Ertaga kelajak avlod bizning xatomizni qanday tuzatadi? Ularga obod maskanni avaylab-asrab yetkazaylik. Ularda ham men kabi chiroyli xotiralar bo‘lsin!

 Afsus, bu hayqirig‘imni o‘zimdan boshqa hech kim eshitmasdi... Yo biror kishi eshitarmikan-a?

                                                                                                     Nasiba G‘afurova

                                                                                        facebook sahifasidan olindi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring