Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yerni «tekin»ga bermagan arxitektor va raqqosadan «soqqa» talab qilgan «uchastkovoy»...

Yerni «tekin»ga bermagan arxitektor va raqqosadan «soqqa» talab qilgan «uchastkovoy»...

Illyustrativ surat

Korrupsiya — jamiyat hayotiga xavf tug‘diruvchi illatlardan biri. Bu illat har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga putur yetkazadi: avvalo, ma’naviya­tini yemirib, qadriyatlarni poymol etsa, ikkinchidan, mamlakatda ijtimoiy tengsizlikni yuzaga keltiradi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida ta’kidlaganidek, davlat va jamiyat rivojiga, xalqning adolatga bo‘l­gan ishonchiga jiddiy putur yetkazadigan xavf — korrup­siya­ning oldini olish va unga qarshi keskin kurashish borasida aniq choralar ko‘rildi. Xususan, korrupsiya jinoyatini sodir etgan 1 ming 177 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bu — kichkina raqam emas!

Korrupsiyaga qar­shi kurashishning samarali, ta’sirchan yo‘llari bormi o‘zi, degan savol tug‘ilishi turgan gap. Ushbu savolga «Korrup­siya­ga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunda aniq javob berilgan. Mazkur qonunga «Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish» nomli alohida bob kiritilgani bejiz emas. Demakki, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirmasdan turib, bu illatga qar­shi kurashish samaradorligini ta’minlashning aslo iloji yo‘q. Gap fuqarolarning huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish to‘g‘risida borayotgan ekan, endilikda ushbu xavf­li illatga nisbatan aholida murosasizlik kayfiyati paydo bo‘layotganini alohida ta’kidlash kerak.

Fikrimizni bir-ikkita misollar bilan davom ettiramiz.

M.Rahmatova (ism-fami­liya­lar o‘zgartirildi) Pastdarg‘om tumani «Kamolot» mahallasida barpo etilgan namunali uy-joy binolaridan birida yashaydi. Uyining orqa tomonida bir yarim sotixdan ortiqcha — tuman hokimligi zaxirasi hisobida turuvchi yer bor. M.Rahmatova ana shu yer maydonini obodonlashtirish va undan foydalanish maqsadida o‘ziga ajratib berishni so‘­rab, 2015-yilda tuman hokimligiga murojaat qiladi. Uning arizasi ijro uchun tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i I.Shoniyozovga o‘tkaziladi.

M.Rahmatova arizasining natijasini bilish maqsadida I.Shoniyozovni qidirib bir necha marta u ishlayotgan idoraga borgan bo‘lsa-da, uni uchratolmagan. Shunda bo‘limda ishlovchilardan bi­ri M.Rahmatovaga u so‘rayotgan yer maydoniga talabgorlar ko‘pligini aytib, «gaplashish» kerakligiga ishora qiladi.

Murojaati e’tiborsiz turgani besabab emasligini anglagan M.Rahmatova tumanning «Ulug‘bek tola» korxonasi oldida I.Shoniyozovga tasodifan duch kelib qoladi. Shunda I.Shoniyozov sog‘lig‘i yomonlashgani sababli o‘zi bajarib turgan bo‘lim boshlig‘i vazifasini qo‘l ostida ishlab kelgan Sh.Fayzullayevga topshirganini aytadi. Lekin ishini bitkazib berish qo‘lidan kelishini bildirib, «xizmati haqi»ga 1000 (ming) AQSh dollari so‘raydi.

Bunday tamagirlikdan ko‘ng­li og‘rigan M.Rahmatova buncha puli yo‘qligini bildirib, 800 dollar bera olishini aytadi. I.Shoniyozov opaning taklifiga ko‘nadi va yer ajratish to‘g‘risidagi qa­rorni bo‘­lim­ning yangi boshlig‘i Sh.Fayzullayev qo‘lidan olishini aytadi.

Shundan so‘ng M.Rahmatova arxitektura va qurilish bo‘limi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yish maqsadida to‘g‘ri huquq­ni muhofaza qi­luvchi idoraga boradi.

Voqea tafsilotining davomini bayon qiladigan bo‘l­sak, I.Shoniyozov ishlab turgan paytda M.Rahmatovaning arizasini tuman yer tuzish va kadastr bo‘limi yer tuzuvchisi N.Narziqulovga topshirgandi. N.Narziqulov o‘rganish chog‘ida bu ish o‘zlariga emas, balki arxitektura va qurilish bo‘limi vakolatiga kirishini bilib qolgan. Bu haqda I.Shoniyozovni xabardor qilganida, u hozir vaqti yo‘qligi, ariza o‘zi­da turishini, keyinchalik birgalikda hujjatlarni tayyorlab berishini aytgan.

2018-yil 25-iyul kuni soat 19:30 larda N.Narziqulovning uyiga tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sh.Fay­zullayev keladi. U ho­kimning M.Rahmatovaga yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini keltirib berishini, buning evaziga N.Narziqulov M.Rahmatovadan unga 800 dollar olib berishini aytadi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Sh.Fayzullayev hokim qarorini N.Narziqulovga keltirib beradi.

O‘z navbatida, N.Narziqulov M.Rahmatovadan kelishilgan pulni olib, ustozi I.Shoniyozovga o‘zi yetkazajagini aytadi.

Ertasiga N.Narziqulov M.Rahmatovaga qo‘ng‘iroq qilib, qaror qo‘lida ekani, biron joyda uchrashishni so‘­raydi. Uchrashadilar. Va... N.Narziqulov ayoldan 800 dollar olayotgan chog‘ida qo‘lga tushadi. O‘sha kunning o‘zidayoq ushbu jinoyatning tashkilotchisi I.Shoniyozov ham qo‘lga olinadi.

Sud ikkisiga ham qilmishlariga yarasha adolatli va qonuniy jazo ta­yin­ladi.

Ayni mavzuda yana bir hayo­tiy misol: sudlanuvchi Javlon Qosimov (ism-fami­liya­lar o‘zgartirildi) bir yigitga munosib, obro‘-e’tibor topadigan lavozimda ishlayotgandi. Oylik maoshi ortidan ro‘zg‘orini bemalol tebratish imkoniyatiga ega edi. Lekin nafs balosi Javlonni yo‘ldan ur­di.

Buyog‘ini so‘rasangiz, J.Qosimov Samarqand shahrida ichki ishlar bo‘limida profilaktika inspektori lavozimida ishlayotgan paytida S.O‘rinovaning shaharda ro‘y­xatdan o‘tmasdan yashab, restoran va tungi klublarda raqqosalik faoliyati bilan shug‘ullanayotganini aniqlaydi.

Ammo unga qonuniy jazo ko‘rish o‘rniga tamagirlik qiladi. Ya’ni bu «xiz­mati» va kelgusida nazorat qiluvchi organlardan muhofaza qilib borishi evaziga 600 AQSh dollarini pora tariqasida so‘raydi.

S.O‘rinova ham o‘ziga nisbatan qonunsiz harakatlar sodir qilinayotganini o‘z vaqtida anglab yetgan. Shu bois u J.Qosimovga nisbatan qonuniy chora ko‘­rishni so‘rab, vi­loyat hu­quqni muhofaza qi­lish idorasiga ariza bilan murojaat qilgan.

Uning murojaati yuzasidan tadbir o‘tkaziladi. Samar­qand shahar «Il­g‘or» mahallasi hududida J.Qosimov o‘ziga tegishli «Spark» rusumli av­tomashinasi­ning ichida S.O‘rinovadan 600 dollarni pora tariqasida olayotganida ushlanadi.

Sud hukmi bilan unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Xulosa qilib aytganda, dunyo hamjamiyatida tobora nufuzi ortib borayotgan, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratilayotgan Vatanimizda o‘tayotgan har bir kun bunyodkorlik va yaratuvchanlik amallariga boyligi bilan tarixga mangu muhrlanmoqda. Shu ma’noda baxtli-saodatli hayotimizga soya soladigan, mamlakatimiz ijtimoiy-iq­tisodiy taraqqiyotiga g‘ov bo‘­ladigan korrupsiya xavfining oldini olish, bu illatga qar­shi murosasizlik bilan kurashish — davr talabidir.

Olim Hayitov,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Samarqand viloyati sudining raisi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring