Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Vazir nega o‘zbekcha gapirdi?

Vazir nega o‘zbekcha gapirdi?

Foto:«Advokat» jurnali

«Shunday katta tadbirda adliya vaziri o‘zbek tilida gapirdi-ya» deya o‘z hayratini yashirmadi hamkasblarimizdan biri o‘zaro muhokamalarimiz paytida...

Bir zamonlar tilimiz mustabid tuzumning goh oshkora, goh pinhona siyosati tufayli, afsuski, o‘z mavqeini yo‘qotgan edi. Oqibatda, tilimizdan faxrlanish o‘rniga, o‘zimiz anglab-anglamagan holda, undan or qila boshlagandik. Eng yomoni esa, Mustaqillikni qo‘lga kiritganimizga ham chorak asrdan oshgan bo‘lsa-da, uning ta’siridan hali-hamon qutula olganimiz yo‘q. Sal kattaroq rasmiy tadbir o‘tkazsak, hatto oramizda bironta o‘zga til vakili bo‘lmasa-da, uni rus tilida olib boramiz. Ayniqsa, fan-texnika, qonunchilik va huquq sohasida o‘z tilimizda gapirishdan «ehtiyot» bo‘lamiz. Sababi esa oddiy: tilimizda zamonaviy va qonunchilik atamalari ishlanmagan deb o‘zimizga taskin beramiz... Ammo, aslida, ozgina mulohaza qilsak, ularni bizga birov ishlab bermaydi. Aksincha, tadbirlarimizni o‘z tilimizda o‘tkazib, o‘z tilimizda ma’ruzalar tayyorlashga urinaversak, mos atamalarni topish uchun izlanaversakkina ular shakllanadi, sayqallanadi. Shundagina kelajak avlod «katta tadbirda ham o‘z tilimizda gapirsa bo‘lar ekan» deya hayratlanib yurmaydi...

Shu ma’noda bugun o‘z ishini yakunlayotgan «Toshkent huquq bahori» anjumanining aksariyat yo‘nalishlarida ish uch tilda yuritilgani ko‘pchilikning e’tirofiga sabab bo‘ldi. Ya’ni o‘zbek-ingliz va ingliz-o‘zbek tillariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjimaning yo‘lga qo‘yilishi xorijliklar oldida huquq sohasida ham o‘z tilimizda nutq so‘zlash imkonini yaratib berdi. Qolaversa, tanaffuslar paytida, tarjimonlardan foydalanib, xorijlik mehmonlar bilan yuzma-yuz suhbatlar uyushtirish ham mumkin bo‘ldi.

To‘g‘ri, mazkur tadbir dasturidagi qaysidir mavzuda o‘zbek tilida ma’ruza qilindi deb maqtana olmaymiz. Ammo katta xalqaro anjumanda o‘z tilimizda ish yuritish imkoni yaratilishi, jumladan, kichik chiqishlarda bo‘lsa-da, yuqori martabali insonlarning o‘zbek tilida gapirishi jahon hamjamiyati oldida tilimiz mavqeini ko‘tarish yo‘lidagi dadil bir qadam sifatida baholashga arziydi.

Manba: «Advokatnews.uz»

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring