Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tor joydagi tomosha: tuzishmi yo buzishmi?

Tor joydagi tomosha: tuzishmi yo buzishmi?

Foto: «Xabar.uz»

Farg‘ona shahrining Qo‘qon ko‘chasida joylashgan 89-«dom»da istiqomat qiluvchi aholining hasratidan chang chiqadi. Shahar hokimi (Sh.Erkaboyev – endilikda sobiq) shu ko‘chada joylashgan 89 va 87-sonli ko‘p qavatli turar joy binolari oralig‘idagi yer maydonini мaktabgacha ta’lim muasasasi qurish uchun bir tadbirkorga xatlab beribdi. Ajab, shu atrofda bir yoki ikkita emas, naqd to‘rtta bolalar bog‘achasi bor, ular orasidagi masofa ikki yuz ellik metr yo chiqadi yo chiqmaydi. Aholi bolasini bog‘chaga joylashtirishda shu choqqacha muammoga duch kelmagan, aksincha, to‘rtta bog‘chaning qay biriga kirmang, bo‘sh joy topiladi. Shunga qaramay, maktabgacha ta’lim muassasasiga ehtiyoj yo‘q joyda «bog‘cha» qurishga bel bog‘lagan tadbirkorgayam, unga yer maydoni ajratib bergan hokimgayam hayron qolmay iloj yo‘q. Rost-da, tadbirkor sarflagan bir so‘mi kamida ikki so‘m bo‘lib qaytmasa,  biror loyihaga pul tikmaydi. Shahar sharoitida hatto tovuqxona uchun bir parcha yer olmoq amrimahol, shunga qaramay, maktabgacha ta’lim muassasasiga yer maydoni darrov topilgani-chi?

Xo‘p, mayli, shaharning shu nuqtasida maktabgacha ta’lim muassasasiga ehtiyoj bor, deylik ham. Unga ajratilgan 87 va 89-sonli «dom»lar oralig‘idagi yer maydoni shu uylarda istiqomat qiladigan aholi farzandlari uchun qurilgan «bolalar maydonchasi» edi. Bilasiz, bunaqa maydonchalar qo‘p qavatli uylarning shundoq «burnining tagi»da joylashadi. Uy yo‘lagidan chiqib, yetti qadam tashlang – «bolalar maydonchasi»! Endi shu maydonchada maktabgacha ta’lim muassasasi qad rostlashini tasavvur qilyapsizmi? Ikkinchidan, ushbu maydonchani «Vodiy obod diyor» XUJMSh bor-yo‘g‘i bir yil avval, yana deng, bankdan 10 million so‘m kredit olib qurgandi. Maydonchada  bolalar to‘yib o‘ynashga ulgurgani yo‘q, bu yoqda kredit ham osilib turibdi. Ammo hokim qarori qo‘lga tekkani hamono tadbirkor maydonchani buzib (!), atrofini o‘rashga tushgan?!

Mehnat havoga uchgani, kamiga bankdan olingan kredit to‘lovi masalasi ochiq qolganiga nima deysiz?!

Na aholi roziligi olinmay, na shaharsozlik me’yorilariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi tuzukroq chamalanmagan bu loyiha ayni paytda  «tor joydagi tomosha» bo‘lmoqda, xolos.

Aholi jim qarab turgani yo‘q, albatta: Bosh prokuraturaga arz qilindi. Unga javob yo‘llagan Farg‘ona shahar prokuraturasi muammoni joyiga chiqib o‘rganmagan ko‘rinadi. Negaki, hokim qarorida yer maydoni X.Jabborov nomiga ajratilgan, prokuratura esa  «yer maydoni X. Boyqo‘zevga ajratilgani» ta’kidlanadi. Qaror raqami hokimiyatda 802-son bilan qayd qilingan bo‘lsa, prokuraturada javobida «806-son» deyiladi. Vaholanki, ajratilgan yer maydoni bitta: 87, 89-sonli ko‘p qavatli uylar oralig‘idagi  bolalar maydonchasi...  Shunga qaramay  «...hokimning qarori nazorat tartibida o‘rganilganda uni bekor qilishga asoslar» aniqlanmabdi. Bo‘lsa bordir, negaki, qog‘ozda hammasi risoladagidek bo‘ladi. Biroq muammoga hujjat bilan real holat taqqos etilganda uzil-kesil yechim topilmaydimi?!

Gapimiz ohangidan qiyiq topib («Maktabgacha ta’lim masalasi davlat siyosati darajasiga chiqqan, nima, siz bunga qarshimisiz?»), yoqadan olishga shoshmay turing, og‘ayni! Har holda, bugungi siyosat, bugunning eng birlamchi talabi — odamlarni rozi qilish, vassalom! Fuqarolar noroziligiga sabab bo‘luvchi loyihaning yakuni qachon xayrli bo‘lgan?!

Gap shunda!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring