Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sherzodxon Qudratxo‘ja: Tilanchilik qilish necha kungacha mumkin?

Sherzodxon Qudratxo‘ja: Tilanchilik qilish necha kungacha mumkin?

Foto: «Xabar.uz»

Jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘ja Facebookdagi sahifasida tilanchilik haqida post qo‘ydi. Ya’ni o‘zi guvoh bo‘lgan voqeaga jamoatchilik etiborini tortdi. Bu garchi bir necha bor ko‘tarilgan mavzu bo‘lsada juda ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Turli yechimlar, taxminlar aytildi, fikrlar almashilindi. Bugun ko‘rib turibmizki, tilanchilar hayoti va mavzusi ijtimoiy muammoga aylangan...

«Anchadan beri meni bir mavzu o‘ylantirib kelardi. Lekin kecha o‘zimdan o‘tib ketgani uchun bu postni yozishga qaror qildim.

Ko‘pincha kechki payt soat 21 dan 23 gacha bo‘lgan mahalda uyga qaytaman. Bilasiz, kechqurun mashinalar kam, piyodalar deyarli yo‘q. Ammo odatda shu svetofor chirog‘i 30 sekund yonishiga qaramay, qizilga to‘xtagan mashina borki, qop-qora libosda, qo‘lida go‘dak bolasini tutgan ayollar ularning oynasiga yaqinlashishadi. Eng achinarlisi, qo‘lida ushlab olgan bolasi ko‘pincha hali juda ham kichkina – chaqaloq bo‘ladi.

Kecha ham tunda shunday bo‘ldi.

Kechki soat 10 lar atrofida Yunusobod tumanidagi 7-kasalxonadan («Shohsaroy» restoraniga yetmasdan) o‘tganda tilanchi ayollardan biri mashinamga yaqinlashdi. Bilasiz, shu kunlarda kechqurunlari yaxshigina izg‘irin, ayozli bo‘lyapti. Kecha ham, adashmasam, harorat -7 daraja edi. Ayol kelganidan so‘ng mashina oynasini tushirib, ataganimni berdim va «Chaqalog‘ingiz necha oylik?», deb so‘radim. Ayol: «Chaqaloq bir oylik», deb javob qaytardi. Svetoforda to‘xtab turishimiz qisqa bo‘lsa-da, unga o‘zimni qiziqtirgan savollarni bera boshladim.

– Nahot, turmush o‘rtog‘ingiz shunday holatda ko‘chaga chiqardi? – deb so‘radim.

– Ikkiqatligimda turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganmiz, – dedi u iymangancha yerga qarab. – Bolamga pampers, kasha olishim kerak. Boshqa choram yo‘q...

– Baribir chaqalog‘ingizni bunday ko‘tarib yurish yaxshi emas, Xudo ko‘rsatmasin, shamollab qolsa nima bo‘ladi?

– Allohga tavakkal qildim. O‘zi asrasin... Rahmat sizga.

Ayol yuziga bir qo‘li bilan fotiha tortgach, bolasini bag‘riga mahkam bosgancha ortdagi mashinaga qarab yura boshladi.

Men esa savollarimga javob olib ulgurmagandim. Shu bois unga yana so‘z qotdim:

– Singlim, shu ahvolda ko‘chaga chiqishga majbur bo‘libsiz, ayting, pul berishdan tashqari yana nima yordam qila olaman? Balki ish kerakdir sizga?

Shu payt yashil chiroq yondi-yu, ortimdagi mashinalar paydar-pay signal chala ketdi.

Chorrahani bo‘shatish va yo‘lni ochish uchun yurib ketishga majbur bo‘ldim.Yo‘lda ketarkanman, qorong‘i, ustiga-ustak sovuq bir kunda ayollarning chaqaloq bilan ko‘chada yurganini ko‘rib, miyamni javobsiz savollar «egovlay» boshladi:

– Shu muslima ayollarimizning erlari bormi?

– Bu juvonni eri homiladorligida tashlab ketgani rostmikan?

– Agar umr yo‘ldoshi bilan ajrashgan bo‘lsa, qo‘lidagi chaqalog‘i bilan ko‘chaga chiqishiga ota-onasi, aka-ukalari yoki boshqa yaqinlari indamay qarab turishibdimi?

– Nahotki ular bu ayollarga qarashishmaydi?!

– Xudo ko‘rsatmasin, biror avtomashina uning o‘ziga yoki qo‘lidagi bolasiga ziyon yetkazsa, nima bo‘ladi?

– Xo‘p, ularning yaqinlari balki befarqdir. Ammo bizda mahalladan boshlab ayollarga g‘amxo‘rlik qilish tizimi yaratilgan-ku. Tumanlarda xotin-qizlar bo‘yicha bir nechta tashkilotlar ishlaydi. «Temir daftar», «Ayollar daftari» haqida ko‘p gapiramiz. Qani o‘shalar? Yo bu ayollar mahallasida nochor holatlarini yashiradilarmi? Yo ikki xil«yuz»ga egamilar?

– Balki ularni darrov «PPS»ning avtobusida «Panelniy»ga olib bormasdan, biz mutasaddilar shu ayollar bilan ozroq gaplashib, ichki olamiga kirib, muammolarini o‘rganib, yechim izlarmiz. Axir Toshkent chorrahalarida bu holatda yurgan ayollar ko‘pi bilan 200-300 nafar chiqar. Boshqa shaharlardachi? Ularga g‘amxo‘rlik qilsa bo‘ladi-ku.

– Balki ularga o‘zlari uchun munosib ish topib berishimiz kerakdir?Zotan, tilamchilik qilish ham bir kunlik non va ovqatdan ko‘pdan so‘ng mumkinmas shekilli?

Yana eshitdimki, bu yovuz odamlarning biznesimish. Hattoki, chaqaloqlar ham ba’zida chaqaloqmasmish yoki ijaraga olinarkan. Ayollar esa shu jarayonlarda rol o‘ynaydigan aktrisalarmish. Ish tugagach libos va ro‘mollar ham o‘zgararmish? Shunday bo‘lsa magar ular davlatimiz va dinimizga zid ish qilayotganlari aniqdir, afsus...

Bilmadim, ularga balki ish ham taklif qilishgandir. Ularning o‘zlari bunga rozi bo‘lishmagandir ham, bunisi endi menga qorong‘i.Va yana bir tanishim aytib qoldiki, bu ayollar taklif qilingan ishdan ko‘ra ko‘chada tilanchilik qilishni afzal bilishar ekan.

Ammo...

Ammo masalaga biz yechim topmas ekanmiz, bugun tunda ko‘chada onasining qo‘lida turgan va shu ayollar tarbiyalagan bu bolalar chorrahadagi tilanchilikni ko‘rib ulg‘ayishsa, vaqti kelib qanday inson bo‘lib voyaga yetishadi?

Men ko‘rgan va aytayotgan muammo, garchi allaqachon hammamizning ko‘zimiz o‘rganib, diydamiz qotib ketgan bo‘lsa-da, yuzaki muammo emas. Chunki jamiyatda yuksak ehtirom ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan zotlar bugun ko‘chada yolg‘iz...

Ular yordamga muhtoj... Xo‘sh, bu muammoning boshlanishi, tub ildizi nimada?

Siz ayollarning farzandini ko‘tarib tilanchilik qilishiga qanday qaraysiz? Muammoga yechimni qanday topsa bo‘ladi? Fikrlaringizni kutaman», deb yozadi u.

Jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘ja ko‘tarib chiqqan ushbu mavzuga 300 ga yaqin fikrlar bildirilgan, biz ularning muhimlarini e’tiboringizga havola qilyapmiz:

Yulduz Fayziy: – Siz aytayotgan mavzuning bosh sababchilari erkaklar. Er ko‘p, ERKAK kam! Yaqinda Chorsuning ovqat bozorida edim, bir bolacha Taqvim kitobini sotib olishimni so‘radi, menda bor dedim, unda yordam qiling, dedi. Hozir bervordim deyishim bilan  xonim sotadigan opaning jahli chiqib, uyalmaysanmi bo‘ldi, deb urishib tashladi, haligi bolani. Yonimdagi yoshi katta opa bilan muloqatga kirishdi, tog‘oradan issiq xonimlarni sola turib. Suhbatlari qulog‘imga chalindi «Bir kunda 100 mingcha topisharmikan? E nima divossiz, ona-bola ishlab dadasiga Neksiya 3 olib berishdi-ku». Bu yengil hayotning mevalari, hayratsiz oddiy ko‘rinishiga aylanib ulgurdi!

Abdumutalli Kasimov: – Otamiz bundan 50 yilcha oldin bir rivoyat aytibbergandilar. Bir podshoh tilanchilarni yo‘qotishga ahd qilibdi, ularni to‘plab, kimga ish, kimga nafaqa belgilabdi. Biroq ular yana tilanchilikka qaytishibdi. Ikkinchi bor ularni, o‘lim tahdidi bilan ogohlantiribdi. Biroq yana tilanchilikni davom ettirishibdi. Shundan keyin podshoh buning sirini bilish uchun maxfiy ravishda juldur kiyinib tilanchilikka chiqibdi. Ertasiga yana chiqibdi. Uchinchi kuni taxtdan voz kechib  tilanchilikni kasb qilib olgan ekan.Endi haqiqiy Namanganda bo‘lgan voqea. Shaxsan taniganlar aytib bergan. Gadoychilik qilib yurgan bir kishining o‘g‘illari tadbirkor bo‘lib boyib ketishibdi, qo‘sha-qo‘sha mashinalar. Biroq hech qanday yo‘l bilan otani tilanchilikdan qaytara olishmabdi.  Yana ancha misollar bor…

Dilfuza Rahimova: – Sizga bir vokeani aytib o‘taman. Olmazor tumanida ishlab yurgan kezlarim bir qiz onasi saratonga chalingani dori uchun tilanchilik qilgani internet tarmoqlarida tarqadi. Mazkur masala yuzasidan shu qizni izlab bordik uyiga. Muammosini so‘radik. Maktabga borishga kiyim yo‘q dedi, olib berdik singlisiga ham, dori-darmon ro‘zg‘or qilindi, sektor rahbarlari onasining davolanishiga moddiy yordam ko‘rsatishdi. Biz-ku mayli chegarada qildik yordamni, chunki bilasiz hokimlikka bu kabi yordam so‘rab yuzlab odamlar murojaat qiladi. Homiylar bilasizmi, qancha yordam ko‘rsatishdi. Eng qizig‘i, oradan bir muncha vaqt o‘tib chunon to‘y qilishdiki, mahallada doston bo‘ldi. Bu orada esa tilanchi qiz bir necha marotaba ichki ishlarga olib kelindi. Chorrahada tilanchilik qilgani uchun. Ayollarbir bolani uch-to‘rttasi almashib tilanchilik qilishadi. Hammasini gapi bir – bolasi hali ikki-uch oylik. Eri homiladorligida tashlab ketgan. Lekin ularga ishla,yordam kilamiz desa, men kuniga topgan pul oyliklaringizdan ancha ko‘p, degan javob olamiz.

Muazzam Ibrohimova: – Ba’zi ayollar muhtojlikdan, ba’zilari esa ming afsuski, bu hunar bilan osonroq pul topish mumkinligi uchun tilanchilik qilishadi.Bir kuni shunday onalardan birining qo‘lidagi go‘dagi og‘ir nafas olayotganini sezib qolib, majburlab mashinamga o‘tkazib klinikaga olib ketdim.Eri bilan ajrashib ketgani, bolalari kichikligi, qarindosh-urug‘i bilan teskariligini aytdi.Klinika xususiy bo‘lsa-da bolaga zarur tibbiy yordamni berib, o‘z hisobimdan besh kun davomida bepul davolatdim. Bola yaxshi bo‘lgach uyiga olib borib, qotib qoldim.Yashayotgan joyi qasr bo‘lmasa-da, sharoit bor edi. Lekin eng achinarlisi, hovli isqirt, ikki sotihga yaqin tomorqa o‘t bosib, changalzor bo‘lib ketgandi. Uydan ayolning bo‘yidan baland o‘g‘li va qizi chiqdi. Zo‘rg‘a salom berishdi, ko‘zlari qo‘limdagi oziq-ovqat to‘la xaltada. Ikkisi ham tanbal ekani shundoqqina ko‘rinib turardi.Axir ikki sotih yerga ko‘kat, pomidor, bolgar ekib ham tirikchilik qilsa bo‘ladi-ku. Shaxsan bizning bolaligimizda ota-onam mehnat bilan tarbiyalagan. Hovlimizda yarim qarich bo‘sh joy bo‘lmasligi kerak edi. Uyat bo‘lardi! Zuv-zuv mashinalar yuradigan yo‘lda issig‘i qirqqa chiqqan bolasi bilan tilanchilikni kacb etgan ayolning qizi, o‘g‘li ham shunday pul topmaydimi ertaga? Qarasam, hovli chetidagi binoyidek tovuq katak ham bo‘m-bo‘sh, yuragim siqilib ketdi.O‘sha ayolni farrosh qilib ishga joyladim. Afsuski bir oy ham ishlamadi.

Mohira Sultanova: – Amir Temir va Xurshid chorrahasida bitta muslima homilador kelin 11 oy qo‘lida kitobcha ushlab, tilanchilik qildi. Birinchi ko‘rganimdayam qorni kattagina, 8-9 oylik, bir yildan keyinam o‘shandoq turdi. Oxiri, singlim bir yil bo‘ladi, sizni shu qorin bilan ko‘rganimga, qachon tug‘asiz, nechchi oylik o‘zi homilangiz, desam, ozgina qoldi opa, deb kulib ketib qoldi...

Yunusobodning Universam bozori to‘g‘risida va svetoforidayam ikkita lo‘li qizchalar cho‘loq qiyofasida qaltirab mashinalar orasida tilanib yurishadi. Ba’zida o‘ng, ba’zida chap oyog‘ini sudrab yuradi. Bir kun militsiya quvlasa, ikkala oyog‘ida dingillab qochib ketdi. Anqayib qoldim yo tavbaa, deb ...

Malikani chorrahasida qo‘liga bint-gips o‘rab, ustiga qon tomizvolib, Qur’on kitobini quchoqlab olib yuradigan ayol bor. Na qo‘li tuzaladi, na binti yangilanadi...

Qo‘liga onam kasal, doriga, nonga pul yo‘q, degan tablichkalarni ko‘tarib turadiganlardan so‘rang,onang nima kasal, qaysi bolnitsada, nima dori kerak, deng, e bareye, deb nari ketishadi...

Tilanchilarni nechtasiga ish bor ishlaysanmi, desam yo‘q degan. Hatto qanaqa ish debam so‘ramagan bittasiyam... Shuning uchun men ko‘chada tilanib yuradigan, svetoforlarni tagini xususiy korxona qilib kadastrlab olgan tilanchilarga umuman achinmayman. Ularni umuman qat’iy choralar bilan jazolash kerak, deb o‘ylayman.

Iroda Asilbekova: – Dinimizda 2 ta nonga yetgulik puldan ortig‘ini olish tilanchiga harom deyilgan. Demak, o‘rtacha 8000 so‘m. Qaysi bittasi dinga amal qiladi bularning? Sal yurib, orqaga o‘girilsangiz, pachka pullarni sanayotganini ko‘rasiz. Haqiqiy muxtoj ayollar farroshlik qilishyapti, pod’yezd tozalab beramiz deb shu sovuqda 5 ta etajni 30 ming so‘mga tozalashyapti. Ularga berish kerak aslida. Chorrahadagilari hammasi tekinxo‘r. Bir so‘m ham bermayman. Hech qachon.

O‘ktam Mirzayorov: – Juda dolzarb masalani ko‘taribsiz. Men ham shu kabi holatga ko‘p duch kelaman. Hatto bir gal bir yigit 18-19 yosh atrofida masjid yonida otam yo‘q, onam ToshMida og‘ir ahvolda, o‘lim to‘shagida ikki singlim bilan chorasiz qoldim, yordam beringlar deb dod solib yig‘ladi. Kimdir dalda berdi, kimdir yordam. Singillar ham akasining ko‘ksiga bosh qo‘yib, yuzlarini yashirib yig‘lashardi. Ittifoqa yarim yildan so‘ng o‘sha bolani boshqa masjid hovlisida ko‘rib, ochig‘i onasi kasalligiga ishonmadim. Yana Alloh biladi. Islomda nochor qolgan odam bir kunlik yegulik miqdorida tilanishi mumkin, zinhor uni odatga aylantirmasligi kerak, deyilgan. Shunday eshitganman. Haqiqatan ham shu masalani ochiqchasiga o‘rganish kerak. Yordam kerak bo‘lsa uyushtirsa bo‘ladi. Ammo odatga aylanib ketsa bu millat sha’ni uchun yomon gap. Ayniqsa, viloyatlardan kelib, haftalab aylanib, nasibasini terib yurishadi. Xotin-qizlar idoralari shu masalada chora ko‘rishi, tahlil qilishi bugungi kunning talabi. Juda katta muammoni ko‘targansiz. Jamoatchilik o‘z fikrini umumlashtirsa. Masalani hal etsa bo‘ladi.

Shuhrat Ko‘chimov: – Bolalarni himoya qiladigan tizim yo‘q. Tilanchilikka qurol qilingan bolalarni qutqarish haqida o‘ylash kerak. Bu lo‘li, bu o‘zbek, bu rus deb qarab turish kerakmas. Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Kerak bo‘lsa ota-onalik huquqidan mahrum qilish kerak. Bolalar xor bo‘lishmoqda.

Tohir Jalilov: – Men bittasiga ish taklif qildim, qo‘lida bolasi bor, svetofor oldida turgan ayolga. 3 mln so‘m maoshlik ish, unamadi. Bepul tikuv mashinasi beraman dedim unamadi. Kuniga 400-500 ming so‘m pul topaman dedi shu ko‘chadan.

Sobir Nizomiddinov: – Amir Temur bobomiz davrida tilanchilarga yo‘l qo‘yilmagan ekan. Shunga o‘xshab davlat miqyosida tilanchilikka yo‘l bermaslik kerak. Mamlakatda ish yuq emas bor, boshqalar ishlayapti-ku, hamma oilasini tilanchilik bilan boqmayapti-ku. To‘g‘ri, o‘zbek xalqi mehribon, shunday vaziyatlarga uchrasa, albatta, pul berishga harakat qiladi. Ammo tilanchilik qilib, mehnatdan qochadiganlarga chora ko‘rilmasa uni o‘zlariga kasb qilib olishadi va o‘z ishlarida davom etadi. Ko‘cha supurib, pol artib, idish-tovoq yuvib bo‘lsa ham pul topish mumkin. Shunday insonlarga to‘g‘ri yo‘nalish beruvchi tashkilotlar ochib ularni ishga joylashtirilsa bora-bora tilanchilar qolmasligi aniq.

Mahfuza Nazarova: – Aynan siz aytgan yerda, chorrahada svetoforda yoshgo‘dagi bilan juda ko‘p ayollarni ko‘rganman. U paytda davlat ishida ishlardim. Ish taklif qilganman, yashash joyini surishtirganman, ishga kech borsam ham, biror ish topish yoki moddiy taraflama yordam qilish choralarini taklif qilganman. Eri qamoqdaligini, o‘zi appenditsit bo‘lgani og‘ir ish qilish mumkinmasligin aytib rad qilgan. Eng qizig‘i, oradan yetti oy o‘tib, o‘sha eri qamalgan, bir yarim yosh bolani kolyaskada yetaklab, tilanchilik qilgan ayolni bexosdan Gangada uchratdim. Uchratishimni sababi Gangadan Sebzorga o‘tishda o‘rtadagi alleyada (u paytda yer osti yo‘li va ko‘priklar hali qurilmagandi) tilanchilik qilayotgan besh yoshli qizchani ota-onasi ko‘rinmagani uchun o‘zim bilan olib ketishga uringanim bo‘lgan. Sebzor tomonidan ko‘pqavatli uylardan bir emas ikkita ayol men tomonga yugurib kelib, qizni ularga berishimni talab qilishgan. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, o‘sha yetti oy avval erim qamoqda, o‘zim appenditsit bo‘lganman, deb bir yarim yosh bolasi bilan tilanchilik qilayotgan ayol homilador (5-6 oylik) ro‘paramda turibdi. U tanimadiyu, ammo men darrov tanidim. Eringiz qamoqdan chiqdimi? Birinchi bergan savolim shu bo‘ldi.Ikkita ayol zo‘r berib bolani mendan tortib olmoqchi bo‘lardi. Men esa allaqachon uchastka nozirini chaqirib bo‘lgandim.Uchastka noziri kelganidan so‘ng eshitganlarim meni hayratda qoldirdi. Bu ayollarning eri bitta ekan. Ataylab tilanchilikka chiqararkan. Bolalarniyam. Bu ularning biznesi ekan. Achinarlisi, ular o‘zbek. Lo‘li emas. Xullas, siz duch kelgan holat bo‘yicha biror narsa deyish mushkul.

Bizningcha ham bu mavzu hali juda ko‘p muhokama bo‘ladi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring