Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonda sog‘lom ozish kuni bo‘lib o‘tdi (foto)

O‘zbekistonda sog‘lom ozish kuni bo‘lib o‘tdi (foto)

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bugun, 13 aprel kuni shanba «Sog‘lom ozish kuni» ommaviy tadbirlari doirasida 5 kilometr masofaga faol yurish va velosayr tashkil etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

«Jismoniy faollikka targ‘ib etuvchi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishimizdan maqsad ham aholi, jumladan, yoshlarni bevosita jismoniy tarbiya va sportga jalb etish, qiziqishini oshirish barobarida, faollikni kundalik turmush tarziga aylantirishdir. Muhimi, har haftada tashkil etilayotgan ommaviy tadbirlarimizda qatnashuvchilarning soni oshib borayotgani, ularning jismoniy faollikka bo‘lgan qiziqishi har qachongidan ham kuchayayotgani ko‘zlagan maqsadlarimiz sari tashlangan dastlabki qadamlardir. Bu ham bo‘lsa, kasallikka emas, uning profilaktikasiga asosiy e’tibor qaratayotganimiz samarasidir», – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov.

Velosipedda sayr qilish jismoniy faollikning yana bir qulay va zavqli turi hisoblanadi. Velosayr mushak, yurak-qon tomir tizimini mustahakamlaydi, nafas olish ritmini rivojlantiradi.Tizimli harakatlar yog‘larning erishiga, shu orqali ortiqcha vazndan qutilishning yaxshi usullaridan biridir.

«Tadbirda faol yurish va velosayrga asosiy e’tibor qaratilgani bejiz emas. Faol yurish orqali yurak qon-tomir kasalliklari, insult, xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olgan bo‘lamiz»,-deyiladi vazirlik xabarida.

Semizlikka qarshi kurashda sog‘lom ovqatlanish ham muhim o‘rin tutadi. Jumladan, turli xil sabzovot va mevalarni iste’mol qilishga odatlanish kerak bo‘ladi. Yog‘li go‘sht mahsulotlarini dukkakli mahsulotlarga, baliq va parranda go‘shti yoki yog‘siz go‘shtlarga almashtirish, tuz va qandni imkon qadar kamroq iste’mol  qilish, ovqat bilan birga choy ichmaslik, tabiiy sharbatlar yoki qaynatilgan suv ichish kabi oddiy, ammo muhim qoidalarga rioya etgan ma’qul.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tashkil etilgan ushbu ommaviy tadbirlarda Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlari, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va filiallari, respublika va viloyat tibbiyot muassasalari hamda hududlardagi hamkor tashkilotlar vakillari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari va kollejlari talabalari bilan birga maxalla faollari ham ishtirok etishdi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan joriy yil 9 martda «Yurish kuni», 16 martda «Yurish bo‘yicha marafon kuni» va 23 martda «Salomatlik sari qadam» kuni hamda 30 mart kuni «Velosipedda sayr kuni» hamda 6 aprel Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab 5 kilometr masofaga faol yurish va gimnastrada kabi ommaviy tardbirlar mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring