Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri global muammo yechimini aytdi

Sog‘liqni saqlash vaziri global muammo yechimini aytdi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan bu galgi respublika ommaviy tadbiri «Salomatlik sari qadam kuni» deya nomlandi.

Aholining sog‘lom turmush tarziga amal qilishini qo‘llab-quvvatlash hamda jismoniy faollikka chorlashni maqsad qilgan mazkur tadbir yurtimizdagi barcha tuman va shaharlardagi istirohat bog‘larida o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.

–Bugungi kunda insonlarda kamharakatlilik oqibatida yuzaga kelayotgan turli kasalliklar dunyo miqyosida global muammoga aylangan. Bu nafaqat jamiyat uchun, balki har bir shaxsning o‘zi uchun ham jiddiy tashvishdir, – deydi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov. – Shu bois sog‘lom turmush tarziga amal qilish yuqoridagi kabi global muammolarga yechim bo‘ladi. Prezidentimiz tibbiyot xodimlari oldiga kasallikni emas, avvalo, uning profilaktikasiga e’tibor qaratishni muhim vazifa sifatida qo‘yayotgani ham bejiz emas. Shuning uchun vazirligimiz ushbu yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlariga alohida e’tibor qaratib, bu borada ommaviy tadbirlarni muntazam o‘tkazib kelmoqda. Bu esa aholining jismoniy faollikka bo‘lgan qiziqishini oshirib, o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishida muhim o‘rin tutmoqda. Bugungi tadbirni ham bejizga yurish bilan boshlamadik. Muntazam yurish qon bosimini me’yorda ushlaydi, xotirjamlik baxsh etadi. Masalan, toza havoda, hatto, yomg‘irli kunda ham atigi 25 daqiqa sayr qilsangiz, o‘zingizni baxtli his qilasiz, tushkunlikni yengasiz.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Zahriddin Muhammad Bobur nomidagi markaziy ekobog‘da jam bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati hamda boshqa hamkor davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining ommaviy ravishda 4 kilometrga yurishi bilan Salomatlik sari qadam kuniga start berildi. Shuningdek, har bir muassasa jamoalari shaxmat, shashka, yugurish, estafeta, arqonda sakrash, badminton, stol tennisi, sport yurishi, to‘siqlardan o‘tish estafetasi hamda xalqa aylantirish sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Ushbu sport turlaridagi musobaqalarda qatnashish, avvalo, salomatlik garovi. Shuningdek, mantiqan fikrlash, xotira va diqqatni charxlaydi, bo‘g‘imlarning harakatchanligi yaxshilanib, kuch, tezlik, chidamlilik va qobiliyatni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, yuqori yelka kamari, oyoq-qo‘llar mushaklari ishi faollashib, organizmning hamma a’zolari va tizimlari ishi rag‘batlantiriladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Ommaviy tadbir doirasida aholining salomatlik holatini baholash, noinfeksion kasalliklarni keltirib chiqaruvchi xavf omillarini aniqlash hamda ularning profilaktikasi bo‘yicha tegishli maslahatlarni berish maqsadida vazirlik tomonidan «Salomatlik maydonchalari» tashkil qilindi. 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

 Eslatib o‘tamiz, kelgusi shanba, 30-mart vazirlik tomonidan mamlakatimiz hududlarida Velosipedda sayr kuni o‘tkaziladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring