Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyevning tantanali marosimdagi nutqi

Shavkat Mirziyoyevning tantanali marosimdagi nutqi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi bilan barcha faxriylarni, butun xalqimizni tabrikladi.

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram urush va mehnat faxriylari!

Avvalo, Vatanimizning haqiqiy qahramonlari bo‘lgan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda ko‘pmillatli butun xalqimizni Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk G‘alabaning 75 yillik shonli bayrami hamda Xotira va qadrlash kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Hurmatli do‘stlar!

Barchangiz xabardorsiz, sizlar bilan birga bundan roppa-rosa bir yil muqaddam azim poytaxtimiz Toshkent shahrida muhtasham G‘alaba bog‘ini barpo etishga qaror qilgan edik. Ushbu qarorimiz zamirida O‘zbekiston xalqining jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadi mujassam ekani sizlarga yaxshi ma’lum.

Xudoga ming bor shukurki, el-yurtimiz dilidagi ana shu ezgu niyat ijobat bo‘lib, ulug‘ ayyom kunlarida urush va mehnat faxriylari bilan G‘alaba bog‘ida va “oynai jahon” orqali diydor ko‘rishib turibmiz.

Buyuk G‘alabaning 75 yilligi sharafiga bunyod etilgan bu betakror majmua qahramon xalqimizga munosib bo‘lib, ham me’moriy jihatdan, ham tarixiy-ma’naviy jihatdan g‘oyat noyob va mahobatli obida bo‘lib qad rostladi.

Mana shu ulkan maydonda qisqa muddatda juda katta hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Har jihatdan puxta ishlangan loyihalar asosida G‘alaba bog‘i, “Shon-sharaf” muzeyi, “Mangu jasorat”, “Matonat madhiyasi” monumentlari bunyod etildi. Xalqimizning qonli janglardagi mardligini, front ortidagi mashaqqatli mehnati va fidoyiligini aks ettirishga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tarixiy-badiiy ekspozitsiyalar yaratildi.

Agar vaqt imkon berganda edi, ularning har biri haqida soatlab gapirish mumkin bo‘lardi.

Urush davridagi janggohlarni eslatadigan baland tepalik ustida afsonaviy general Sobir Rahimov kabi harbiy qo‘mondonlarimiz, o‘zbekistonlik barcha botir jangchilarning so‘nmas xotirasiga atab “Mangu jasorat” deb nomlangan ulug‘vor monument barpo etildi.

Zamonaviy muzey san’ati va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining eng ilg‘or yutuqlari asosida “Shon-sharaf” muzeyi bunyod qilindi. Bu yerda namoyish etilayotgan minglab tarixiy eksponatlar buyuk G‘alabaga buyuk hissa qo‘shgan xalqimizning mislsiz jasoratini tarannum etishga, yosh avlodimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdek olijanob maqsadga xizmat qiladi.

Biz bugun urush yillarida xalqimiz ko‘rsatgan beqiyos qahramonlikni ulug‘laydigan, o‘zida ona Vatan timsolini mujassam etgan “Matonat madhiyasi” monumenti poyiga gulchambar qo‘yib, fidoyi yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdik. Shuni aytish kerakki, ushbu yodgorlik majmuasiga qandaydir badiiy obraz emas, balki hayotimizda chindan ham bo‘lgan tarixiy voqea – mo‘’tabar bir inson va uning oilasi to‘g‘risidagi haqiqat asos qilib olingan.

Men o‘tgan yili 9 may bayramida Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida yashab o‘tgan Zulfiya Zokirovaning har qanday odamni ham hayratga soladigan insoniy jasorati haqida so‘z yuritgan edim.

Turmush o‘rtog‘i Xolmat aka vafot etgach, Zulfiya aya yolg‘iz o‘zi besh o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ikkinchi jahon urushida Isoqjon, Ahmadjon, Mahamadjon, Vahobjon, Yusufjon degan beshta azamat o‘g‘lidan judo bo‘lgan.

O‘zingiz o‘ylang, aziz do‘stlar, har qanday insonni ham yakson qilib tashlaydigan bunday og‘ir zarbaga chidash mumkinmi? Lekin matonatli, metin irodali o‘zbek onasi bu cheksiz kulfatga bardosh bera oldi.

Urush tufayli Zulfiya Zokirovaning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qoldi. Onaizor umrining oxiriga qadar suv kelsa – simirib, tosh kelsa – kemirib, qahramon o‘g‘illarining aziz xotirasi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, yurtning tashvish va quvonchlari bilan yashadi.

Zulfiya ayaning mehr-oqibatli kelinlari ham undan o‘rnak olib, unga madad bo‘lib, barchasi o‘z yoriga, oilasiga sodiq qoldi – boshqa turmush qurmadi.

Mana, bugungi davramizda Zulfiya aya Zokirovaning qarindoshlari – hurmatli Rahimjon Ahmadjonov, Farhod Mahamadjonov, Ma’rifat Ahmadjonova, Sanoat Mahmudova, Mavluda Xolmatova ishtirok etmoqdalar. Boshlariga tushgan og‘ir qiyinchiliklarni mardona yengib, Zulfiya aya va otalarining xotirasini pok saqlab, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilib kelayotgan bu yurtdoshlarimizga barchamizning nomimizdan chuqur minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Men o‘tgan yilgi bayramda o‘zbek ayollari, o‘zbek xalqining mana shunday buyuk jasorati, sabru bardoshiga bag‘ishlab, “Matonat madhiyasi” degan monument barpo etishni taklif qilgan edim. Keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bu tashabbusni qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.

Shu mavzuda ijodkorlarimiz ko‘plab maqolalar, she’r va dostonlar yaratmoqdalar.

Bu haqda gapirganda, men “O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Ilhaq” badiiy filmi to‘g‘risida alohida to‘xtalmoqchiman. Iste’dodli yosh rejissyor Jahongir Ahmedov suratga olgan ushbu ajoyib filmni men kecha juda katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qildim. Xalqimiz hayotining eng og‘ir, eng fojiali davriga bag‘ishlangan bu asar tom ma’noda qahramonlik qasidasi bo‘lib, har qanday odamning ham qalbini larzaga soladi.

Dahshatli urush tufayli besh nafar bahodir o‘g‘lidan ayrilgan, umrining oxirigacha farzandlarini ilhaq, ya’ni intizor bo‘lib kutgan Zulfiya Zokirova siymosida o‘zbek onalari, o‘zbek ayollariga mansub eng buyuk fazilatlar nihoyatda teran ifoda topgan. Biz bu badiiy go‘zal asarni bugungi ulug‘ bayram kunida barcha telekanallarimiz orqali keng namoyish etishga qaror qildik.

Fursatdan foydalanib, men butun xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni mana shu filmni oila davrasida ko‘rishga, uning qahramonlaridan o‘rnak olishga da’vat etaman.

Katta g‘urur va iftixor bilan ta’kidlab aytmoqchiman: G‘alaba bog‘ining markazida “Matonat madhiyasi” deb atalgan muazzam obida barcha O‘zbekiston onalariga qo‘yilgan haykal bo‘lib, ona Vatan ramzi bo‘lib qad rostladi. Hech shubhasiz, ushbu yodgorlik butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun qutlug‘ ziyoratgohga, oila, sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat degan muqaddas tushunchalar timsoliga aylanib qoladi.

Bu yerga qadam qo‘ygan har bir yigit-qiz millatimizning qonida, suyagida bo‘lgan noyob ma’naviy fazilatlarni asrab-avaylab, qadrlab yashash uchun mana shunday ulug‘ insonlardan tarbiya va ibrat oladi, deb ishonaman.

Aytish kerakki, qisqa vaqt ichida, ayniqsa, karantin sharoitida G‘alaba bog‘i deb nom olgan bu ulkan majmuani barpo etish oson bo‘lgani yo‘q. Lekin, barcha qiyinchiliklarga qaramasdan, mohir quruvchi va me’morlarimiz, muhandislar, turli soha mutaxassislari, rassom va haykaltaroshlar, azamat yoshlarimiz bu vazifani o‘zlari uchun savobli bir ish deb bilib, tunu kun fidokorona mehnat qildilar. Xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmua 9 may bayramiga qurib bitkazildi.

Fursatdan foydalanib, bu g‘oyat ezgu ishga chin yurakdan hissa qo‘shgan barcha-barcha insonlarga o‘z nomimdan, el-yurtimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildiraman.

G‘alaba bog‘i, Xotira, Qadr-qimmat bog‘i hammamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin!

Aziz faxriylar!

Bugungi qutlug‘ ayyomda barchamiz, avvalo, o‘z jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib ta’zim qilamiz. Sizlar kabi minglab urush va mehnat fronti qatnashchilarini – azmu shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

Afsuski, karantin tufayli sizlarning barchangizni bu go‘zal maskanga, bugungi tantanali marosimga olib kelolmadik. Lekin mana shunday muqaddas va shukuhli kunda hammamiz ruhan, qalban sizlar bilan birgamiz.

Urush va mehnat faxriylarining aksariyati hozir viloyatlarda, harbiy okruglarda, boshqalari esa o‘z xonadonlarida oila a’zolari bilan 9 may bayramini nishonlamoqdalar. Ular “oynai jahon” orqali bugungi tantanali marosimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bormoqdalar.

Sizlarning hammangizni – markazda va joylardagi bayram tadbirlarida ishtirok etayotgan, shuningdek, ushbu tantanali marosimni uylarida “oynai jahon” orqali tomosha qilayotgan, mening tabrik so‘zlarimni eshitib turgan fidoyi insonlarni ulug‘ ayyom bilan yana bir bor tabriklab, o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman. Siz, azizlarning barchangizni g‘oyibona bag‘rimga bosib, bugungi erkin va ozod hayotni ta’minlash yo‘lida ko‘rsatgan mardligingiz, Vatanga sadoqatingiz uchun o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan rahmatlar aytib, eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etaman.

Biz sizlarning timsolingizda o‘zining dono maslahatlari, boy hayotiy tajribasi bilan hammamizga ustoz va duogo‘y bo‘lib yurgan mo‘’tabar insonlarni ko‘ramiz. Sizlarning har biringiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Hayot yo‘llarida duch kelayotgan turli qiyinchilik va muammolarni, hozirgi kunda boshimizga tushgan sinovlarni yengib o‘tishda biz sizlarning mislsiz sabot va matonatingizdan, qat’iyatingizdan doimo kuch va ibrat olamiz. Yosh avlodimizni Vatanga, xalqqa sadoqatli, jasur insonlar etib tarbiyalashda biz sizlarni doimo o‘rnak deb bilamiz va kelgusida ham shunday bo‘lib qoladi.

Jonajon yurtimizning fayzu farishtasi bo‘lgan siz, azizlarga doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish uchun bundan buyon ham sidqidildan xizmat qilamiz.

Muhtaram vatandoshlar!

Bugun G‘alaba bayramining 75 yilligini nishonlar ekanmiz, xalqimizning urush yillarida ko‘rsatgan qahramonligi haqida takror va takror o‘ylashimiz albatta tabiiydir.

Men avvalgi chiqishlarimda el-yurtimizning buyuk G‘alabaga qo‘shgan hissasi hali to‘liq o‘rganilmagani haqida gapirib, jamoatchiligimiz e’tiborini shu masalaga qaratgan edim. Bugun mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, keyingi yillarda ushbu yo‘nalishda juda katta ishlarni amalga oshirdik.

Avvalo, ilgari yopiq bo‘lgan arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun ma’lum bo‘lmagan materiallarni o‘rganish uchun imkoniyat yaratildi. Bu borada sobiq Ittifoq respublikalari va chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaytirildi.

Ana shunday ilmiy izlanishlar natijasida xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki haqida, qahramon ajdodlarimiz haqida juda muhim yangi ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Hozirgi vaqtda ular ommaviy axborot vositalarida, kitob va albomlarda keng yoritilmoqda.

Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

Yangi topilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.

Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida e’tibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb bo‘lmaydi.

Shuningdek, o‘sha davrda “quloq” sifatida boshqa o‘lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani ma’lum bo‘ldi.

Shu borada yana ba’zi raqamlarni keltirmoqchiman: ilgari 396 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi urushda halok bo‘lgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod bo‘lgan.

Bundan tashqari, frontda bedarak yo‘qolganlar haqidagi ma’lumotlar ham to‘liq emasdi. Hozirgi vaqtda 158 mingdan ko‘proq hamyurtimiz urushda bedarak ketgani aniqlandi.

Mana, dahshatli urushda xalqimiz qanday og‘ir yo‘qotish va talafotlar bergan, qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgan!

Olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan O‘zbekiston vakillarining soni bo‘yicha ham oydinlik kiritildi. Shu paytga qadar bu ko‘rsatkich 120 ming nafar deb qayd etilardi. Yangi ma’lumotlarga asosan 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor bo‘lgani hujjatlar orqali o‘z tasdig‘ini topdi.

Men mana shunday bebaho haqiqatni yuzaga chiqarib, adolatni qaror toptirishga katta hissa qo‘shgan tarixchi olimlarimizga, ilmiy va ijodkor ziyolilarimizga katta rahmatlar aytaman. Ayni vaqtda ularni bu boradagi izlanishlarni davom ettirishga, mana shu G‘alaba bog‘idagi “Shon-sharaf” muzeyini doimiy ravishda yangi ma’lumotlar bilan boyitib borishga da’vat etaman.

Ota-bobolarimiz jasoratini chuqur o‘rganish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida yangi tarixiy ma’lumotlar asosida har yili 9 may bayrami arafasida alohida kitob tayyorlab, nashr etsak, o‘ylaymanki, ayni muddao bo‘ladi.

Olovli urush yillarida butun O‘zbekiston xalqi “Hamma narsa – front uchun”, “Hamma narsa – G‘alaba uchun!” degan hayotiy e’tiqod bilan yashadi. Mamlakatimiz front ortidagi mustahkam ta’minot bazasiga aylandi. O‘zbekiston xalqi jang maydonlariga katta miqdorda qurol-yarog‘, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib berdi. Ko‘pmillatli aholimizning fidokorona mehnati bilan respublikamizdagi 300 ga yaqin korxonada harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod ko‘chirib keltirildi va g‘oyat qisqa fursatda ishga tushirildi. Ming-minglab urush qatnashchilari mamlakatimizda tashkil etilgan harbiy gospitallarda davolanib shifo topdilar.

Yangi aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, urush o‘chog‘iga aylangan o‘lkalardan O‘zbekistonga 1 million 500 ming kishi, jumladan, 250 mingdan ziyod bola evakuatsiya qilindi. Xalqimiz bu odamlarning barchasiga chinakam mehr va e’tibor ko‘rsatdi, so‘nggi burda nonini ham ular bilan baham ko‘rib, yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etdi.

Aziz do‘stlar!

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘in – Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 75 yil to‘lgan bo‘lsa-da, afsuski, yer yuzining turli burchaklarida, jumladan, mintaqamizga yaqin hududlarda qarama-qarshilik, qonli to‘qnashuvlar davom etmoqda. Shu sababli biz doimo hushyor va ogoh bo‘lishimiz, mustaqilligimizni mustahkamlab, Vatanimiz qudrati, Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada oshirishimiz zarur.

Bugun biz sizlar bilan birgalikda yangi O‘zbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi hayot, beqiyos o‘zgarishlar hammamizdan fidoyilik va bunyodkorlikni, yanada katta safarbarlikni talab etmoqda. Bu jarayonda tinchlik va osoyishtalikni asrash, jahon hamjamiyati, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlikni kuchaytirishni biz eng muhim vazifamiz deb bilamiz.

Bugungi ulug‘ ayyomda fashizmga qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan qardosh xalqlarni, barcha ezgu niyatli insonlarni samimiy tabriklab, ularga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilaymiz.

Ishonchim komil, qahramon ajdodlarimizning jasoratiga sodiq bo‘lgan olijanob xalqimiz tinch va farovon hayotni qadrlab, uni yanada mustahkamlash yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi.

Aziz va qadrli vatandoshlarim!

Barchangizni yana bir bor buyuk G‘alabaning 75 yillik bayrami hamda Xotira va qadrlash kuni bilan chin yurakdan tabriklayman.

Mana shunday musaffo osmon, erkin va ozod hayot uchun kurashlarda g‘olib chiqqan faxriylarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Mard va matonatli xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

G‘alaba bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring