Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shavkat Mirziyoyev tantanali bayramda qatnashdi va ayollarni tabrikladi (foto)

Shavkat Mirziyoyev tantanali bayramda qatnashdi va ayollarni tabrikladi (foto)

Toshkent shahrida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, ayollarga samimiy mehri va hurmatini izhor etdi.

– Biz har yili bu kunni intiqlik, qalbimizda ajib iliqlik bilan kutamiz. Ushbu shukuhli ayyomda hammamiz bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, mo‘’tabar ayol zotiga ta’zim qilamiz. Zero, inson qadrini ulug‘lash avvalo azizu mukarrama ayollarimizni ulug‘lashdan boshlanadi, – dedi Prezident.

Mamlakatimizda bu maqsad yo‘lida ko‘p ishlar qilinmoqda. Jumladan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida xotin-qizlarning faolligini oshirish, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglikni qaror toptirish, ayollarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu barcha sohalarda namoyon. Masalan, siyosiy sohani olsak, saylov kodeksimizda deputatlikka nomzodlarning kamida 40 foizi yoki har 5 nafaridan 2 nafari ayol kishi bo‘lishi zarurligi belgilangan. Hozirgi vaqtda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga oshgan.

Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, ular o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda ishbilarmon ayollar safi ikki baravar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor xotin-qizlar soni 205 mingdan oshdi. Shuningdek, 200 mingga yaqin ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. 400 mingdan ko‘pi ish bilan ta’minlandi.

Kelajak tarbiyachilari bo‘lmish qizlar kamolotiga katta ahamiyat berilmoqda. Hozirgi kunda oliygohlarda ta’lim olayotgan 1 million 300 ming nafarga yaqin talabaning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. Ehtiyojmand oilalarga mansub xotin-qizlar qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha o‘qishga qabul qilinmoqda. Ular uchun imtiyozli ta’lim kreditlari ajratish, ijtimoiy himoyaga muhtojlarning kontrakt pulini qoplab berish yo‘lga qo‘yilgan.

Yurtimiz xotin-qizlari ilm-fanda ham katta natijalarga erishmoqdalar. So‘nggi yetti yilda 5 ming 247 nafar ayollar ilmiy darajalar olgan. «Bir million dasturchi» loyihasi doirasida ta’lim olgan yoshlarning 47 foizini qizlar tashkil etgan.

– Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz qo‘shimcha imkoniyat topib, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xotin-qizlarimizning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishlari uchun sharoit yaratmoqdamiz va bu ishlarimiz albatta davom etadi. Chunki ayollarning, xususan, qiz bolaning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi, kasb-hunar egallashi oila baxti, farzandlar kamoli uchun, shu asosda butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili davlat dasturida belgilangan, xotin-qizlarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, bandligini ta’minlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Bu borada Senat Raisi boshchiligida maxsus komissiya tuzilib, xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha ishlar mutlaqo yangicha yondashuvlar va tizim asosida tashkil qilinadi.

Viloyat, tuman, shahar hokimlari, hokimliklarning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda faol ayollar Komissiya bilan birgalikda joriy yilda 9 442 ta mahalladagi 580 mingga yaqin ishsiz ayollarning bandligini ta’minlashga mas’ul etib belgilanadi.

Umuman, bir oy muddatda xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinib, loyihalarni amalga oshirish uchun 15 trillion so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni, Qatar, Yaponiya, Janubiy Koreya va Germaniyadan 100 million dollar grant jalb qilinadi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari, «mahalla yettiligi” tarkibidagi xotin-qizlar faollari ayollarga ko‘makchi, oilaviy masalalarda yaqin sirdoshi bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Ayol zoti uchun eng ulug‘i - onalik baxti. Yurtimiz aholisi har yili qariyb 900 mingga ko‘paymoqda. Ularni jismoniy va ma’naviy barkamol etib, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash muqaddas burch.

Shu ma’noda, davlatimiz rahbari barcha ayollarga murojaat qildi.

– Biz ma’naviy tarbiya ishlarini endi mutlaqo yangicha usulda olib borishimiz kerak. «Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz» degan g‘oya asosida bu jarayonni avvalo oiladan, mahalladan boshlashimiz lozim. Zotan, hadisi sharifda aytilganidek, “Ota-ona o‘z farzandiga yaxshi tarbiyadan boshqa meros qoldirolmaydi”. Muhtarama opa-singillarimiz, duogo‘y onaxonlarimizning mas’uliyati – aynan ana shu masalalarda yaqqol namoyon bo‘ladi, – deya ta’kidladi Prezident.

Mamlakatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Jahon bankining kuni kecha e’lon qilingan indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. Joriy yilda yurtimiz yana bir yirik anjuman – Osiyo xotin-qizlar forumiga mezbonlik qiladi.

Prezidentimiz bayram tadbirida qatnashayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakilalarini ham samimiy qutladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 4 martdagi qaroriga binoan esa 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan, 5 martdagi farmonga muvofiq turli sohalarda faol bo‘lgan ayollar orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan xotin-qizlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakilalari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi.

Bayram tantanali konsert dasturi bilan davom etdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring