Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahar joylarida avtomatik pochtomat qurilmalari o‘rnatiladi

Shahar joylarida avtomatik pochtomat qurilmalari o‘rnatiladi

AOKA zalida 2021-yil uchun davriy bosma nashrlarga obunani tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

«O‘zbekiston pochtasi» AJ bosh direktori Alisher Fayzullayev tizimdagi muammolar va uni rivojlantirish istiqbollariga to‘xtaldi.

— Pochta tizimida oyliklar mamlakatdagi o‘rtacha oylik maoshdan ikki barobar kam. Yosh, ilg‘or kadrlarni olib kelib ishlataylik desak, oylik kam. O‘zimizni o‘zimiz mablag‘ bilan qoplayapmiz. «Oborot» mablag‘lar yetishmovchiligi bor, tahririyatlar oldida qarzdorlik bor. Hozir oyliklarni, soliqlarni vaqtida to‘layapmiz. O‘tgan yili zararsiz chiqdik. Bu yil ham foyda bilan chiqish ko‘zda tutilgan. Lekin bular yetarlimi? Yo‘q, yetarli emas.

Davlatimiz rahbari aytdilarki, pochtani rivojlantirsa, nafaqat daromadli sohaga aylanadi, balki buning negizida qishloq hududlarida yangi ishchi o‘rinlar yaratsa bo‘ladi, qancha odamni jalb qilsa bo‘ladi. Hududlarni rivojlantirishda bevosita pochtaning ishtirokini ta’minlasa bo‘ladi.

Gazeta yetkazish — bu ma’rifat, ma’naviyat yetkazib berish demak. O‘n kundan keyin, bir oydan keyin qo‘lga yetib borgan gazeta hech kimga kerak emas. Vaqtida yetkazib berish kerak, bu dolzarb masala. Bu sohada ham o‘zgarishlar bo‘lishi rejalashtirilgan, markazlashtirilgan tizim bo‘ladi.

Pochta, shuningdek, matbaa nashrlari 3 ta hududga: Termiz, Urganch va Nukusga samolyotda yetkaziladi. Qolgan viloyatlarga mashinada yetkaziladi, kechasi chiqib ketadi, ertalab boradi. Kelgan pochta keyin tuman markaziga peshingacha yetib boradi. Tuman markazidan aloqa bo‘limiga olib borib, egasining qo‘liga yetkazilgunicha ertasi kuni bo‘lib ketishi mumkin. Endi biz hozir tuman markazidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni rejalashtirganmiz.

Shahar joylarida avtomatik pochtomat qurilmalarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Oldin qanaqa bo‘lardi, eshigimizning tagida yoki 9 qavatli «dom»ning «pod’yezd»ida pochta qutisi bo‘lardi, gazetani shuning ichiga solib ketardi. Hozir ko‘p qavatli uylarda pochta qutisi ham yo‘q. To‘qqizinchi qavatgacha chiqadi, eshigingizni taqillatadi, hech kim ochmagandan keyin qaytib ketadi. Yoki eshigingiz tagiga qo‘yib ketsa, birov ko‘tarib ketib qoladi.

Pochtomat qurilmasi pochta qutisidan farq qiladi, chunki katta kurerlik jo‘natmalariga ham moslashtirilgan. Maxsus parollar bilan ochib, olish imkoni bo‘ladi, — dedi Alisher Fayzullayev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring