Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senatorlar qonunni rad etishdi

Senatorlar qonunni rad etishdi

Foto:«Senat.uz»

Senatning oltinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi. 

Qonun tegishli vazirlik va idoralar mutaxassislari va ekspertlar ishtirokida har tomonlama o‘rganib chiqilgandan so‘ng, uni tamomila qayta ko‘rib chiqish zarur degan xulosaga kelindi.

Avvalambor, hujjatda o‘simliklarni zararli organizmlardan himoya qilishda qo‘llaniladigan kimyoviy birikmalar va tavsiya etilgan kimyoviy hamda biologik vositalar, o‘g‘itlar va boshqa preparatlarning ro‘yxati keltirilmagan. Shuningdek, ulardan samarali va bezarar foydalanishning asosiy mezon hamda me’yorlari ochib berilmagan.

Bundan tashqari, qonunda o‘simliklarni himoya qilish ob’yektlari hamda sub’yektlarini aniqlash, ularning huquq va majburiyatlariga oid masalalar aks etmagan. Qolaversa, qishloq xo‘jaligida xalqaro talablarga javob beradigan mahsulotlarni yetishtirishda pestitsidlar standart me’yorlarini ta’minlash maqsadida radiologik, toksikologik kuzatuv va tashxislarga doir jihatlar yoritilmagan.

Shu bilan bir qatorda, Qonunda yangi pestitsidlar va agrokimyoviy vositalarni ro‘yxatga olish va vositani O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida ishlatish uchun ruxsat berish talablari bayon etilmagan. Agrar tarmoqda o‘simliklarni yangi navlari, turlarini joriy etish natijasida zararkunanda, kasallik va begona o‘tlarning avval uchramagan turlari tarqalishini o‘rganish masalalariga doir normalar belgilanmagan.

Ekspertlarning fikricha, Qonun normalarini o‘simliklar karantini va ularning muhofazasi to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlari va xalqaro hujjatlarga muvofiqligi yuzasidan ko‘rib chiqish lozim. Bundan tashqari, Qonun moddalarining bayon etilishi qonunchilik texnikasi talablariga javob bermaydi, deyiladi Senat xabarida.

Qonunda tartibga solinadigan jamoatchilik munosabatlarining ahamiyatini e’tiborga olib, senatorlar ushbu Qonun konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqishni, unga kompleks yondashib, xalqaro normalarni implementatsiya qilib, takomiliga yetkazishni, shuningdek amaldagi qonunlarni xatlovdan o‘tkazish va ularga ushbu Qonunning qoidalarini kiritishni maqsadga muvofiq deb hisobladi.

Qonun senatorlar tomonidan rad etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring