Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Samarqandda zaytun yetishtiriladi

Samarqandda zaytun yetishtiriladi

Mevasi ham, yog‘i ham koni foyda, ayni vaqtda qimmat bo‘lgan zaytun shu vaqtgacha O‘zbekistonga faqat import mahsulot sifatida kirib kelgan. Zero, u har qanday iqlimga mos kelavermaydi, shu sabab nisbatan issiq va dengiz bo‘yi davlatlarida yetishtiriladi.

– Lekin seleksiya natijasida nisbatan sovuqroq iqlimga mos navlar ham yaratilyapti, – deydi Jomboy tumanidagi «Bog‘bon» agrokompleksi laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. – Jumladan,  ispaniyalik seleksionerlar tomonidan yaratilgan zaytunning «Orbikina» navi 22 daraja sovuqqacha chidamli bo‘lib, asosan yog‘ olish uchun o‘stiriladi.

Ma’lum bo‘lishicha, 24 gektar maydonda joylashgan  agrokompleksda laboratoriya sinovlaridan o‘tgan turli xil ko‘chatlardan yerga mos keladiganlari, jumladan, zaytunning yuqorida tilga olingan navi ham tavsiya etilgan. «Zaytun plantatsiyalarini ko‘paytirish loyihasi asosida agrokompleksimizda 100 ming tupdan ortiq ko‘chat tayyorlandi»  deydi mutaxassis. Joriy yilda agrokompleksda ilk marta zaytun ko‘chatlari ekiladi.

2022 yilda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 50 gektar maydonda «Orbikina» navidan O‘zbekistondagi birinchi zaytun plantatsiyasi tashkil etilgan.  Hozirda Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy, Bandixon, Qumqo‘rg‘on tumanlarida ham zaytun bog‘lari yaratishga kirishilgan. Mutaxassislarga ko‘ra, gektariga 800 tup ko‘chat ekiladi zaytun  risoladagidek qaralganda, uchinchi yildan boshlab 1 tonna hosil beradi. Undan esa 300 litr yog‘ olish mumkin. Hosildorlik o‘ninchi yilga borib 3-4 barobargacha ko‘tarilishi ta’kidlanadi.  

Yana aytish mumkin, hozirda agrokompleksda Yevropa davlatlaridan keltirilgan 40 ga yaqin tok navlari, AQShdan olib kelingan pistaning suvsizlikka, sho‘r yerga chidamli, tez hosilga kiruvchi navi parvarishiga kirishilgan. Shuningdek, «funduk» yong‘oqining mahalliy iqlimga mos navlari ko‘chatlari yaqin kunlarda Ozarbayjon va Turkiyadan keltirilishi ta’kidlandi.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring