Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rustam Xolmatov Parkent aholisi bilan uchrashdi. Jarrohlik amaliyoti uchun 17 ming dollar pul topiladimi?

Rustam Xolmatov Parkent aholisi bilan uchrashdi. Jarrohlik amaliyoti uchun 17 ming dollar pul topiladimi?

Foto: viloyat hokimigi axborot xizmati

Kecha, 6 dekabr kuni Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov Parkent tumaniga tashrif buyurdi. Viloyat hokimi ishni Parkent tumani hokimligi majlislar zalida fermerlar bilan uchrashuvdan boshladi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi Axborot xizmati.

Yig‘ilishda Parkent tumanida fermerlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani tahliliy tanqid qilindi. R.Xolmatov qishloq xo‘jaligida yerdan samarali foydalanish haqida so‘z yuritib, bunda logistika markazlarini tashkil etish, eksportbop mahsulot navlarini ekish, fermer xo‘jaliklarini klaster va kooperatsiyalarga birlashtirishning afzalliklari haqida to‘xtaldi.

Yig‘ilishda Parkent tumani hokimi Nig‘mat Muhamedov so‘zga chiqib, 2019-yilda tuman qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va mavjud kamchiliklar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Uchrashuv davomida fermerlar faoliyatlarida mavjud turli muammolar yuzasidan viloyat hokimiga murojaat qilishdi. Ko‘tarilgan masalalar shu yerning o‘zida ijobiy hal qilindi, vaqt va qo‘shimcha o‘rganish talab qiladigan masalalar qat’iy nazoratga olindi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi Rustam Xolmatov Zarkent qishlog‘ida bo‘lib, aholi xonadonlariga kirdi.

Jarayonda yerni e’tiborsiz qoldirmaslik, uning har bir qarichidan unumli foydalanish, bu oila budjetiga qo‘shimcha daromad ekani ta’kidlandi.

Aholi bilan samimiy muloqot qilar ekan, hudud rahbari har bir murojaatga e’tibor qaratdi, fuqarolarni tingladi. Ichimlik suvi, gaz, elektr ta’minoti borasidagi uzilishlar bo‘yicha mavjud muammolar yuzasidan shu yerning o‘zida mas’ullarga vazifalar yuklatildi.

Fuqaro F.Rizqitillayeva quloq sohasidagi xastaligi sabab bir necha yildan beri odamlar ovozini eshitishdan mahrum. Ayni kunda ushbu jarrohlik amaliyotini o‘tkazish 17 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni talab qilarkan. Tabiiyki, fuqaroda buncha mablag‘ni topish imkoniyati mavjud emas. Viloyat hokimi uni tinglar ekan, operatsiya uchun zarur mablag‘ni topishda albatta yordam ko‘rsatishini aytdi. Xullas shu kuni Flora opaning qalbida umid uchqunlari paydo bo‘ldi. Hali bu uchqunlar yaqinlarining mehrga to‘la sasini eshitib, qalbi junbushga kelganda, ko‘zlaridan sevinch yoshlari to‘kilganda olovga aylanishi shubhasiz...

R.Xolmatov Parkent tumanidan qaytish chog‘ida «Medtorginvest» MChJda bo‘lib, u yerda olib borilayotgan qurilish jarayoni bilan tanishdi.

«Accent Way Trading» korxonasi bilan MChJ hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 13 mln. AQSh dollari bo‘lib, korxona yiliga 900-1000 tonna tayyor mahsulotni (quritilgan meva-sabzavotlar) eksport qilish salohiyatiga ega bo‘ladi.

Hozirda xorij mamlakatlari, jumladan, Yaponiya davlatidan bu mahsulotlarga talab tushmoqda. 2020-yilning 1-martida ishga tushirilishi kutilayotgan loyihada shuningdek, mevalarni saqlashga mo‘ljallangan katta hajmdagi sovutkichlar barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring