Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga keldi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya ko‘plab sohalar, shu jumladan, tibbiyot va ta’limni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasida istiqbolli, yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol hamkorlik qilib kelmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.

Qayd etish joizki, har ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro munosabatlar rivojining yangi davri boshlandi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 2017-yilning aprelida Rossiyaga davlat tashrifi bilan bo‘lib, ko‘plab sohalar qatori, tibbiyot yo‘nalishida o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu tarixiy tashrifning mantiqiy davomi hamda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga ko‘targan yana bir jarayon – 2018-yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Vladimir Putin mamlakatimizga davlat tashrifi bilan keldi. Tashrif chog‘ida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim hujjatlar to‘plami hamda davlat rahbarlari o‘rtasida Qo‘shma bayonot imzolandi. Unda vazirlik, idora va tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olingan edi.

Aytish mumkinki, Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vaziri V.Skvorsova boshchiligidagi nufuzli delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi sog‘liqni saqlashni rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarning mantiqiy davomidir.

Tashrif doirasida delegatsiyaning O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri A.Shadmanov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda sog‘liqni saqlash va tibbiy ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, tomonlar birgalikda qo‘shma fakultetlarni tashkil etish, bakalavr, magistr va klinik ordinaturadagi ta’lim dasturlarini takomillashtirish kabi qator masalalarga ham e’tibor qaratiladi.

Delegatsiya a’zolari, shuningdek, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalari hamda tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga tashrif buyurib, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring