Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qonun mukammal bo‘lmagach...

Qonun mukammal bo‘lmagach...

Gapni uzoqdan boshlamay muddaoga o‘tib qo‘ya qolay. Gap O‘zbekiston Respublikasining amaldagi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonuni haqida. Aslini olganda, mukammal qonunning o‘zi yo‘q, menimcha. Lekin mazkur qonundagi bo‘shliqlar oqibatini tez-tez tanangda his etayotganing o‘ta yoqimsiz-da…

Masalan, 5.1-moddasi. U «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash», deb nomlanib, davlat OAVlarini davlat subsidiyalari orqali qo‘llab-quvvatlashi mumkinligi aytiladi. Ammo bu subsidiyalar ajratish tartibi ishlab chiqarilmagan. Vaholanki, bu haqda Nizom ishlab chiqish zarur edi.  Masalan, nodavlat MTMlarga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida Nizom mavjud-ku! Aynan shu bois ham qonunning ushbu moddasi amalda o‘z ifodasini topgani yo‘q.

Qonunning 12-moddasiga asosan muassis va tahririyat o‘rtasida ta’sis shartnomasi tuzilishi belgilangan. Undan tahririyatni moliyalashtirish muassis zimmasida ekanligi ko‘rsatiladi. 14-moddada esa OAVning chiqarilishini ta’minlash muassisga majburiyat sifatida yuklangan.  Muassis jismoniy  yoki  xo‘jalik hisobidagi yuridik shaxs bo‘lsa, bu moddalarni tadbiq etish mumkin. Biroq viloyat yoki tuman hokimligi bo‘lsa-chi? Mantiqan olib qaraganda, gazetani mahalliy budjetdan yoki hokimlikning xarajatlar smetasidan moliyalashtirish talab etiladi. To‘g‘ri-da, muassis gazeta ta’sis etar ekan, uni moliyalashtirish manbasini ham ko‘zda tutishi zarur. Afsuski, viloyat va tuman gazetalarini bu tartibda moliyalashtirish ko‘zda tutilmagan. Qonun viloyat va tuman hokimliklariga gazeta ta’sis etish huquqini beryapti, biroq ularni moliyalashtirish manbasini ko‘rsatmayapti. Aslini olganda, majburiy obunaning ildizi ham mana shunda!

Sir emas, bugun aksariyat tuman gazetalarining, hatto ayrim viloyat gazetalarining ham moddiy ahvoli og‘ir.  Ana shu damda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining bayoni chiqib qoldi-ku! Hayriyat-ye, deb yubordik. Unda har bir tumanda Matbuot va axborot-kutubxona markazlari qurilishi, tahririyatlarga mahalliy budjetdan subsidiyalar ajratish, gazetalarning veb-saytini yaratish va uni yuritib turish uchun har yili kamida 100 million so‘m mablag‘ ajratish va yana bir qator ijobiy o‘zgarishlarni amalga oshirish ko‘rsatilgan edi. Ushbu bayon asosida Navoiy viloyati hokimligida ham yig‘ilish o‘tkazildi. Joylardagi mutasaddilarga yana o‘sha topshiriqlar berildi. Xatirchi tumanida ham ushbu hujjat ijrosini ta’minlash... hujjatlashtirildi. Ammo bularda ham moliyaviy manba ko‘rsatilmadi.

Mazkur vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li mahalliy budjet daromadlarining orttirilgan qismidagi mablag‘dan foydalanish edi. Nadomatki, bu mablag‘ faqat budjet tashkilotlari orasida taqsimlanar ekan?! To‘g‘ri-da, tuman gazetasining na moliya bo‘limida, na g‘aznachilik bo‘limida hisob varag‘i bor. Yo‘q hisob varaqqa mablag‘ qanday o‘tkazilsin?!

Yuqoridagi holatlarning hammasi viloyat va tuman gazetalari, garchand davlat korxonasi sanalsa-da, mahalliy budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlar ro‘yxatida yo‘q ekaniga borib taqalmoqda. Demak, ushbu gazetalarni mahalliy budjetga o‘tkazish talab etiladi.

Bu gaplarni yozishdan maqsad nima? Birinchidan, yangi tashkil etilgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga matbuot sohasidagi muammolarni o‘rganish, qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyotini umumlashtirish kabi vazifalar yuklatildi. Mulohazalarimni agentlik mutasaddilari inobatga olishar, degan umid bor. Ikkinchidan, respublikamizning biror viloyati yoki tumanida yuqorida tilga olingan qonun va bayon o‘z ijrosini topgan bo‘lsa, bunga qanday erishilgani bilan  o‘rtoqlashilsa, hamkasblardan minnatdor bo‘lar edik. Uchinchidan, 70-80 yillar mobaynida chop etib kelinayotgan viloyat va tuman gazetalarini yopilishdan saqlab qolish, ularning tahririyatlarida ishlab kelayotgan xodimlarni ishsiz qoldirmaslik...

Anvar Hosilov,
«Xatirchi hayoti» gazetasining muharriri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring