Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qonun ma’qullandi: daraxt kesganlik uchun jazo og‘irlashadi

Qonun ma’qullandi: daraxt kesganlik uchun jazo og‘irlashadi

Senatorlar qirq sakkizinchi yalpi majlisda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunni ko‘rib chiqdilar.

Ayni vaqtda daraxtlar va butalarni kesganlik, kundakov qilganlik, shikastlantirganlik yoki yo‘q qilganlik uchun bir nechta ma’muriy javobgarlik turlarining mavjudligi bu borada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirishga to‘sqinlik qilmoqda va turli muammolarga sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bundan tashqari «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslarning kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt va buta ko‘chatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonun bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlangandek, Qonun daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, bu borada jismoniy va yuridik shaxslarning mas’uliyatini oshirishga, shuningdek mazkur sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring