Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Qashqadaryoda iste’molchiga 12 million so‘mlik moddiy zarar undirib berildi

Qashqadaryoda iste’molchiga 12 million so‘mlik moddiy zarar undirib berildi

Foto:«Xabar.uz»

Qashqadaryolik Jasur Shahriyev o‘ziga katta miqdorda moddiy zarar yetkazilganligi, biroq xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot ushbu zararni tan olmayotganligi to‘g‘risida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga ariza bilan murojaat qilgan.

Ma’lum qilinishicha, J.Shahriyev Qarshi shahridan 2 xonali uy sotib olish uchun «Neftgaz sof savdo» MChJ bilan yetti yil muddatga shartnoma tuzgan va uy-joyning 30 foizi miqdorida boshlang‘ich badalini shakllantirish uchun Ipak yo‘li bankiga 70 million so‘m to‘lagan. Biroq uy-joy 174 097 000 so‘m baholanib, uning 30 foizlik to‘lovi 52 229 100 so‘mni tashkil etgan. «Neftgaz sof savdo» MChJ mutasaddilari esa J.Shahriyev tomonidan ortiqcha to‘langan 18 450 000 so‘mni hisobga kiritmasdan, fuqaroga qaytarib bermasliklarini ma’lum qilishgan. Bu esa J.Shahriyevga uy sotib olish uchun bank tomonidan rasmiylashtirilgan 122 547 000 so‘m kreditga ortiqcha 2700000 so‘m bank foizi hisoblanishiga olib kelgan.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 985-moddasi 1-qismida «G‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim» deb belgilab qo‘yilgan.

Qonunning ushbu talabidan kelib chiqib, iste’molchi J.Shahriyevga yetkazilgan moddiy zararni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Sud tomonidan da’vo talabi muhokama qilinib, «Neftgaz sof savdo» MChJ hisobidan iste’molchi J.Shahriyev foydasiga 21 190 000 so‘m moddiy zarar undirishni lozim topdi.

Shuningdek, sud jarayonida g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar tufayli iste’molchiga ma’naviy va ruhiy zarar yetkazilgan, deb hisoblandi va J.Shahriyev foydasiga ma’naviy zarar uchun 500 ming so‘m tovon puli undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring