Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident yangi qaror qabul qildi

Prezident yangi qaror qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.

Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlaridan, jumladan, mevali va yong‘oq mevali, sabzavot, poliz, don-dukkakli ekinlardan yuqori hosil olish, ularning kasallik va zararkunandalariga qarshi kurashish, ilg‘or, intensiv agrotexnologiyalarni joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligining Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali negizida Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib hududlarni ixtisoslashtirish, eksportbop va daromadbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishni tashkil etish, qishloq xo‘jaligida innovatsion resurstejamkor texnologiyalarni hamda raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilimlarga ega bo‘lgan kadrlar tayyorlash;

o‘quv mashg‘ulotlari, malakaviy amaliyotlarni o‘tashda talabalarni innovatsion va yangicha fikrlashga yo‘naltiradigan yangi o‘qitish texnologiyalari hamda ularning mustaqil izlanishini ta’minlovchi mexanizmlarni keng joriy etish;

Surxondaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlarini, jumladan, mevali va yong‘oq mevali, sabzavot, poliz, don-dukkakli, subtropik va tropik ekinlarni parvarishlashning bio-, nano- va resurstejamkor hamda intensiv texnologiyalarini ishlab chiqish;

Institut yer maydonlarida ichki va tashqi bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, qishloq xo‘jaligi ekinlarining serhosil, sho‘r va qurg‘oqchilikka, kasallik hamda zararkunandalarga chidamli, mahsulot sifati yuqori bo‘lgan nav va duragaylari seleksiyasi hamda urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish;

ilmiy xodimlarning ilg‘or innovatsion texnologiyalarni yaratish bo‘yicha tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning novatorlik g‘oyalarini ishlab chiqarishga joriy etishga ko‘maklashish;

klasterlar, kooperatsiyalar, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari uchun ko‘rgazmali dala maydonlarini tashkil etish hamda tavsiyalar ishlab chiqish;

rivojlangan xorijiy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va magistrlarning malakasini oshirish.

Institutda 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab:

bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida ta’limning kredit-modul tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, talabalar uchun haftaning shanba kuni mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilanadi;

xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta’lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlari xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda mustaqil tasdiqlanadi.

Institutning faoliyati Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring