Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Prezident Sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga doir yangi qaror qabul qildi

Prezident Sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga doir yangi qaror qabul qildi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Sog‘liqni saqlash tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, birlamchi bo‘g‘inni kasalliklarni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, coha rivojlanishining yaqin va uzoq muddatli istiqbollarini belgilash, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:

Vazirlar Mahkamasi hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbariyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash va quyidagi yangi boshqaruv tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullandi.

2021-yil 15-iyundan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshirildi.

Moliya vazirligi ushbu maqsad uchun 2021-yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratadi.

«O‘zavtosanoat» AJ 2021-yil 1-oktyabrga qadar joylarda, ayniqsa, olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasini yaratadi va kiritadi.

2021-yil 1-iyundan boshlab

a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy qilinadi. Bunda, ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaxslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi bo‘yicha oylik ish haqi miqdori yuqori bo‘lgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi bo‘yicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi.

Bosh vazir maslahatchisi O.M. Umarov, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Sadikov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov):

ikki hafta muddatda IT operator – hamshiralar hamda boshqa sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni o‘qitish bo‘yicha dastur ishlab chiqadi;

reja-jadvalga asosan IT operator – hamshiralar hamda boshqa sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni tuman (shahar) IT markazlarida bepul o‘qitish mashg‘ulotlarini tashkil etadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.Azizov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (O.Pekos), boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2021-yil 1-sentyabrga qadar sohada katta tajribaga ega bo‘lgan mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlarni jalb etgan holda Sog‘liqni saqlash sohasini 2025-yilgacha raqamlashtirish (E-health–2025) strategiyasini va uni amalga oshirishga doir yillar bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) 2021-yil yakuniga qadar 17 400 ta zamonaviy kompyuter jihozlarini xarid qilish bilan bog‘liq mablag‘lar xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan, yetmagan qismi esa har yili Davlat budjetida Sog‘liqni saqlash vazirligi uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishini nazarda tutadi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida kompyuter jihozlari bo‘yicha texnik xodim lavozimlari kompyuter texnikasi xizmati bo‘yicha muhandis lavozimlariga almashtiriladi hamda ular zimmasiga zamonaviy axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini joriy qilish hamda rivojlantirish vazifalari yuklanadi.

Bunda, kompyuter texnikasi xizmati bo‘yicha muhandislarga beriladigan har oylik ustama miqdori xodim lavozim maoshidan 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

2021-yil 1-iyuldan boshlab ish staji besh yil bo‘lmagan oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring