Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekona tarbiya to‘nini yelkasiga tashlab, bizni tark etyapti(mi)?

O‘zbekona tarbiya to‘nini yelkasiga tashlab, bizni tark etyapti(mi)?

O‘zbekona tarbiya degan milliy tarbiya tizimimiz bor. Sezyapsizlarmi, keyingi paytda biz uni boy berayotgandekmiz! Unda shariatdan, dindan yoki boshqa omillardan gapirilmasdi. Shunchaki, ularning hammasi shu tizimning ichida mukammal bor edi.

O‘zbekona tarbiyaning asosida oila sha’ni hamma narsadan yuqori turardi. Unda onaning alohida o‘rni bor edi. Bu tarbiya mezonlarida oilada ona bolalar uchun ideal darajasida bo‘lgan. Nega ota ideal emas, deb e’tiroz bildirishga shoshmang. Milliy qadriyatlarimizda Onalar Otalarni farzandlar uchun idealdan ham yuqori mavqega ko‘tarib qo‘yganlar! Shu bois otaning eshikdan kirib kelishi bilan «Onang qani», degan bir og‘iz yo‘qlovi, jufti haloliga bo‘lgan hurmati hamda bolalar tarbiyasining va oiladagi ma’rifiy-ma’naviy masalalarning ayolga butunlay ishonib topshirilishi bolalar uchun Onaning o‘rnini yanada balandroq ko‘targan!

Farzandlar fikri, ongi, dunyoqarashi onaning qanday shaxs ekaniga, bilimi va tarbiyasiga qarab yuksalgan. Ota esa bolalar uchun ana shu yuksaklikdan ham balandroq maqomga ega bo‘lgan! Shu sabab «Otang bilmasin-a!», «Hali otang kelsin», degan so‘zlarning o‘ziyoq bolalar uchun sehrli «tarbiya tayoqchasi» bo‘lgan. Oilada ham, qarindosh-urug‘lar, mahalla-ko‘yda ham tarbiyaning asosiy bo‘g‘ini onaning ayolning qo‘lida bo‘lgan va bu mas’uliyatni onalarimiz hamisha his etib yashashgan. Bu gaplarni men aytmasam ham hammamiz yaxshi bilamiz.

Biroq endi vaziyat o‘zgardi. Turmushga uzatilishi bilan eri tarafidan kaltaklanayotgan, qaynona-qaynisingillari tomonidan kamsitilayotgan, atrofdagilarning shubha-gumonlari ostida o‘zini oqlashga harakat qilayotgan, ota-onasi esa «qizim tushgan joyida tinch o‘tirsin» deb quda tarafga yalinib yurganlar soni orta boshladi.

Bolalariga bilim olishi uchun motivatsiya berish, oila va uning qadriyatlarini tushuntirish, tarbiya berish o‘rniga yetti mahallaning va unga qo‘shib bolalarining otasi va ota-urug‘idagi hamma qarindoshlarini g‘iybat qiladigan, atrofidagilarga bo‘lgan gina-arazini ko‘ngliga tugunchak qilib tugib yuradigan jizzaki, orzu havasni to‘y, kiyim-kechak, yeb-ichish va topganini boshqalarga ko‘z-ko‘zlashda deb biladigan ayollar ko‘paydi. «Shu ammamga shu pochcham», degandaridek, ularga mos xudbin va mol-dunyosevar qaynonalar soni ham ortib borayapti-da.

Ayoli hurmat qilinmagan uyning farzandlaridan yaxshilik kutish qiyin. Ayol chin ma’noda e’zozlanmasa, oilada baxtni his etmasa va jabrdiyda bo‘lib qolsa o‘sha uydan ham, o‘sha jamiyatdan ham fayz-baraka qochadi! Nega? Chunki muqaddas dinimizda Ayol erkakka omonat qilib berilgani alohida ta’kidlangan. Ya’ni ayol omonatdir! U kattami-kichikmi, boymi-kambag‘almi, olimami yoki maktab ko‘rmaganmi, buning ahamiyati yo‘q.

Bizning O‘zbekona tarbiyamizga bu narsa singib ketgan edi. Shu mezon bilan onalar, buvilar va kelin-qizlar hurmat qilinardi.

Bugunchi ayollarga nisbatan hurmatsizliklar ortib bormyaptimi? Nafaqat ayrim oilalarda hatto institut, ustoz ko‘rgan so‘z ustalari tomonidan ham ommaviy hurmatsizlik qilinmoqda. Hamma sevib tomosha qiladigan ayrim qiziqchilarimiz «falonchi akamiz farzand ko‘ribdilar bola qo‘shnisiga o‘xsharmish» yoki «tug‘ruqxonada ayol shu dardni bolamning otasi ham his etsin desa, qo‘shnisi kechasi bilan qiynalib chiqqanmish», deya katta sahnalarda andishasizlarcha laqqillab yurishibdi. Hamma xoxolab kulib, uning tegirmoniga suv quyapti! Axir bu dahshat emasmi?! Qaynonalar haqidagi boshqa millatlar askiyalarini ham «milliylashtirib» olayotganlar soni ham ancha ko‘payib qoldi. Bilmadim, bizning o‘g‘lonlar qachondan beri ayol mavzusini kulgiga solib, pul topadigan bo‘lib qolishdi?!

Ayolni katta ko‘chada kaltaklab ketishibdi, nomusiga tegishibdi, pichoqlab qo‘yishibdi… va hakozo kabi noxush xabarlar esa odamning yuragini zirqiratib yuboradi.

Agar jamiyatimizda zo‘ravonliklar, qotilliklar, jinoyatlar va hatto korrupsiya bo‘lmasligini istasak, haliyam oilada ayolning mavqeini ko‘tarish, O‘zbekona milliy tarbiyamizni saqlab qolishga astoydil harakat qilishimiz kerak! Yaponiyada farzand tarbiyasi unday ekan, Xitoyda, Turkiyada bunday ekan deb taxlam-taxlam dissertatsiya yozayotgan, Oila ilmini o‘rganayotgan olimlarga xalqimiz tarixini, tarbiyamiz tarixini jiddiy o‘rganishlari uchun ko‘rsatma berilishi (bizda ko‘rsatma berilmasa hech bir ish qilinmaydi-yu) kerak! Ha aynan o‘rganilishi, (boshqa millat olimlari tarafidan o‘rganilib, kitob, qo‘llanma qilingan manbaalar ham qayta o‘rganilishi) kerak! Budjetdan oylik olib, ma’naviyatimiz yo‘qolib ketayapti, deb tadbirlar o‘tkazayotgan ma’naviyatchilar esa O‘zbekona tarbiyada ma’naviyat qanday bo‘lganini uning ildizlari qaysi chashmalardan suv ichganini badiiy kitoblar, kino filmlar, seriallar tarzida yoshlarimizga ko‘rsatishi shart! Shunda yoshlarimizning ongiga boshqa millatlarning seriallari yomon ta’sir qilyapti, degan nolishdan ham xalos bo‘lamiz.

Ayolini, bolalarining onasi-buvisini, kelin-qizlarini asrab-avaylab, izzatu hurmatini joyiga qo‘yib yashayotgan, ishidan, biznesidan fayzu barakasi arimayotgan, aqlli Otalar, yigitlar va oila boshliqlari juda ko‘p. Ana shularning hayot tarzlarini, oilaviy tutumlarini ibrat qilib ko‘rsatsak bo‘ladi-ku yoshlarga.

Aks holda ahvolimiz og‘irlashaveradi! Bolasining oldida, nafaqat bolasi, butun el-yurt oldida kamsitilayotgan Ayol, urib-tepkilanayotgan, hatto farzandlari oldida pichoqlab tashlanayotgan Ayol, o‘zining shaxs ekanligini, ona ekanligini unutib, ro‘zg‘orning ado bo‘lmas yumushlari ichida yo‘qolib borayotgan, bu jarayonda yana atrofdagilarning ta’nali nigohlariga, u ham yetmagandek, mushtumzo‘r, johil erning tayog‘iga duch kelib turgan Ayol bola tarbiyasi haqida o‘ylaydimi?! Bir so‘mgina pul topsam bolalarimga yegulik olib boraman deb mardikor bozorida ko‘zlari javdiray-javdiray, diydasi qotayotgan ayoldan qanday qilib tadbirli, arsonday, yo‘lbarsday g‘ururli, keng fe’lli o‘g‘lonlarni, oqila onalarni tarbiyalab ber, deb talab qila olamiz!

O‘zimiz epsiz, kasb-hunarsiz o‘g‘illarni voyaga yetkazib, ishsizlik degan muammoga ro‘para qilib, so‘ng otalarni pul topmaslikda ayblab, bolalar oldida obro‘sini bir tiyin qilib, Onalarni yosh go‘daklari oldida kaltaklab, haqoratlab, farzandlarimizning oiladagi ideallarini yo‘qotyapmiz. Bobolari, buvilari, amma-xola, amaki-tog‘alari ham ideal bo‘lgan avvalgi davr bolalari uchun. Bolalarning ongi mukammal shakllanishi uchun esa bunday ideallar judayam kerak! Shu sabab farzandlarimiz o‘z idealni internetdan izlamayaptimi! O‘zbekona tarbiya esa to‘nini yelkasiga tashlab, oramizdan jimgina sirg‘alib chiqib ketmayaptimi?

Hamroxon Musulmonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring