Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Nyu-Yorkda O‘zbekistonning BMTdagi yangi doimiy vakili ish boshladi

Nyu-Yorkda O‘zbekistonning BMTdagi yangi doimiy vakili ish boshladi

22 avgust kuni Nyu-York shahrida O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Bosh kotib Shavkat Mirziyoyev boshchiligida jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan islohotlarni yuksak baholadi. O‘zgarishlarni amalga oshirishda, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda BMT O‘zbekistonga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi.

Antoniu Guterrish O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi.

Tomonlar, shuningdek, O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini hamda BMT orqali bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlar jadvalini muhokama qildi.

Ushbu tayinlovga qadar Ulug‘bek Lapasov O‘zbekistonning BMT vakolatxonasi va Jenevadagi (Shveysariya) boshqa xalqaro tashkilotlarning doimiy vakili lavozimida ishlagan.

Qayd etilishicha, Ulug‘bek Lapasov 2017 yilning may oyidan beri Nyu-Yorkda O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili bo‘lib ishlab kelayotgan Baxtiyor Ibragimov o‘rnini egallagan.

2019 yil iyun oyida BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida O‘zbekiston birinchi marta navbatdagi sessiya raisining o‘rinbosari etib saylandi, uning vazifasini Baxtiyor Ibragimov mamlakatimizning doimiy vakili sifatida BMT bosh Assambleyasining 74-sessiyasida 2019 yil sentyabrdan 2020 yil sentyabrgacha bajardi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring