Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda chop etilgan kitob xalqaro gran-prini qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonda chop etilgan kitob  xalqaro gran-prini qo‘lga kiritdi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan «Eurasian Book Fair-2019» IV xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan Muxtor Avezovning «Abay» nomli kitobi oliy mukofot – gran-prini qo‘lga kiritdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik tarkibidagi «O‘qituvchi» nashriyotida chop etilgan Obiddin Mahmudovning «Farzandnoma» kitobi esa «Fan va innovatsiya» nominatsiyasida I darajali Diplom bilan taqdirlandi. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» davlat ilmiy nashriyotlariga ham Xalqaro ko‘rgazma tashkilotchilarining maxsus Diplomlari topshirildi.

24-27-aprel kunlari «Korme» ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilgan Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, Polsha, Belgiya, Ozarbayjon, Latviya, Ukraina, Armaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekistondan jami 90 ta tashkilot ishtirok etdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasining Milliy akademik kutubxonasiga tashrif buyurib, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan, bir yarim million kitob fondiga ega kutubxona faoliyati bilan tanishdi. Kutubxonaga o‘zbek noshirlari tomonidan chop etilgan Alisher Navoiy, Aleksandr Pushkin, Chingiz Aytmatov va boshqa adiblarning asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

Qozog‘istonlik yozuvchi Mergen Toqsanbay, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Uluqbek Yesdaulet, Qozog‘iston Milliy Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor, Yevroosiyo milliy universiteti rektori Yerlan Siddiqov bilan muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda o‘tkazilgan III Yevroosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida ham «O‘zbekiston» nashriyoti Nursulton Nazarboyevning «XXI asr arafasida» kitobi uchun Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring