Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston armiyasida real zamonaviy jang sharoitiga moslashtirilgan majmuaviy maxsus mashqlar o‘tkazildi

O‘zbekiston armiyasida real zamonaviy jang sharoitiga moslashtirilgan majmuaviy maxsus mashqlar o‘tkazildi

Mazkur maxsus mashqlar yo‘lagi dastlab, Markaziy harbiy okrugiga qarashli Jizzax garnizonidagi harbiy qism poligonida namuna sifatida bunyod etilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati Xabar.uz’ga ma’lum qildi.

Kecha, 8 iyun kuni Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida 2020-2021 o‘quv yiliga bag‘ishlangan tantanali miting bo‘lib o‘tdi. Unda so‘zga chiqqan okrug qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov shaxsiy tarkibni o‘quv yili bilan qutlab, maxsus reyslarda shifokorlar nazoratida kelgan yosh chaqiriluvchilarni harbiy qismda 14 kunlik karantinga olish, shuningdek, harbiy xizmatchilarni yangicha yondashuvdagi ma’naviy-ma’rifiy, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlariga jalb etish haqida to‘xtalib o‘tdi. Tadbirdan so‘ng Jizzax garnizonidagi harbiy qismda namuna sifatida real zamonaviy jang sharoitiga moslashtirilgan majmuaviy maxsus mashqlar ko‘rsatib berildi.

Okrug qo‘mondonligi tomonidan yangicha g‘oya va tashabbus asosida tashkil etilgan ushbu yo‘laklarda harbiy xizmatchilar jismoniy va ruhiy zo‘riqishlar yengish va dushmanga ruhiy bosim o‘tkazish, garovdagilarni yakka tartibda harakatlanib, ozod etish amaliyoti ishlab chiqilgan.

Bundan tashqari, yaradorlarni evakuatsiya qilish chog‘ida tez va aniq o‘t ochish, juftlikda harakatlanib otish pozitsiyalarini o‘zgartirish, harbiy tibbiy tayyorgarlik me’yorlarini bajarish hamda harakatlanuvchi nuqtadan to‘g‘ri nishonga olish kabi o‘zgaruvchan mashqlarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, belgilangan vaqt ichida jangchilarga sun’iy jihozlangan shartli dushman ob’yektiga sezdirmay borish, noqonuniy qurollangan guruhlar bilan uzoq va yaqin masofada jang qilish hamda asirlarni ozod etish vazifasi yuklatiladi.

Mazkur maxsus mashqlar jismoniy va ruhiy chidamlilikni talab etadi. Mashg‘ulot rahbari tomonidan murakkab mashqni bajarish davomida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni hisobga olinib, guruhga, yakunda esa jangovar vzvodga baho beriladi.

Birinchi galda 11 ta yo‘lakda bajariladigan majmuaviy nazorat mashqlari Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarida sinovdan o‘tkazilmoqda. Kelgusida ushbu mashqlar tungi sharoitga ham moslashtiriladi va barcha poligonlarda joriy etilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring