Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbek adabiyoti yana bir vakilidan judo bo‘ldi

O‘zbek adabiyoti yana bir vakilidan judo bo‘ldi

Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor Sanjar Sodiqov shu yilning 6 avgust sanasida 80 yoshida olamdan o‘tdi.

Sanjar Sodiqov 1940-yil 21-iyul kuni Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Poytaxtdagi ko‘zi ojiz bolalar maktab-internatini tamomlagach Toshkent davlat Universiteti, hozirgi O‘zbekiston milliy Universitetining filologiya fakultetida tahsil olgan. 1965-yildan to umrining so‘nggiga qadar Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy Universiteti, Jahon tillari universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat O‘zbek tili va adabiyoti Universitetlarida yoshlarga ta’lim bergan. Olimning «Olamni yashnatuvchilar» (1977); «Abdulla Qahhor ijodi va adabiy tanqid» (1996); «So‘z san’ati jozibasi» (1996); «Novaya uzbekskaya literatura Uchebnik dlya studentov fakultetov filologii i jurnalistiki visshix uchebnix zavedeniy s obucheniyem na russkom yazike» (2003); «Ijodning o‘ttiz lahzasi» (2005); «Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi Oliy o‘quv yurtlarining sirtqi bo‘limlari uchun darslik» (2006); «Mo‘’jizalar mo‘’jizasi (Ozod Sharafiddinov portretiga chizgilar)» (2006); «Roman va tanqid» (2008); «Radiojurnalistika asoslari Audiovizual jurnalistika Jurnalistika fakultetlari uchun o‘quv qo‘llanma» (2010); «Haqiqat va adolat quyoshi» (2011); «Mamlakatshunoslik asoslari Jurnalistika fakultetlari va bo‘limlari uchun o‘quv qo‘llanma» (2012); «Yangicha talqin mevalari» (2013); «Mahorat cho‘qqilari (O‘tkir Hoshimov ijodi haqida)» (2013); «Jadid adabiyotining qaldirg‘ochlari (Behbudiy, Avloniy va Hamza portretiga chizgilar) Darslikka ilova» (2013); «Yangi o‘zbek adabiyoti tarixi Oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlari uchun darslik Qayta ishlangan va to‘ldirilgan nashri» (2019) kabi ilmiy adabiyotlari va o‘quv qo‘llanmalari dunyo yuzini ko‘rdi.

Uning adabiyot oldidagi xizmatlari Davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi unvoni bilan taqdirlangan. Sanjar Sodiqov hayotining oxirgi ikki yilida tarjima sohasiga ham qo‘l urib, jahon adabiyotida o‘ziga xos hodisa hisoblangan yozuvchi Boris Pasternakning «Doktor Jivago» (2018), Ivan Buninning «Arsenev hayoti» (2020) nomli romanlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib kitobxonlar e’tiboriga havola qildi.

Ustoz Sanjar Sodiqovni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin!

Xabar.uz marhumning oila a’zolari hamda yaqinlariga hamdardlik bildirib qoladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring