Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ota-onaning oyog‘ini yuvib, suvini ichish to‘g‘rimi?

Ota-onaning oyog‘ini yuvib, suvini ichish to‘g‘rimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda bir videoga ko‘zim tushib qoldi. Unda bir yigit onasini oyog‘i yuvilgan suvni qo‘llariga olib ichayotgani aks etgan. Shu ish shariatda joizmi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ushbu savolga quyidagicha javob berdi:

— Dinimizda ota-onani rozi qilish katta savob hisoblansada, ularning oyog‘ini yuvilgan suvni ichib, uni hammaga ko‘z-ko‘z qilish joiz emas . Chunki, bu birinchidan dinda g‘uluv (chuqur) ketish sanaladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam bu haqida ogohlantirib, shunday deganlar: «Dinda g‘uluv (chuqur) ketishdan saqlaning. Zero, sizlardan oldingilarni faqatgina dinda g‘uluvga ketishlari halok qilgandir» (Imom Nasoiy, Ibn Moja va Ahmadlar rivoyati).

Ikkinchidan, bu ishda riyo belgilari bor. Ya’ni mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqdalar. Natijada boshqalar bu ishlar juda ulug‘ amal ekan, deb nojoiz ishlarni ibodat darajasiga ko‘tarib yubormoqda. Ko‘r-ko‘rona ergashib ketmoqdalar.

Imom Rabboniy quddisa sirruhu «Maktubot»da aytadilar: «Biror amal shariat ko‘rsatmasiga muvofiq bo‘lsagina Haq taolo huzurida maqbul bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, Alloh taolo rozi bo‘lmagan ish hisoblanadi. Qanday qilib Alloh rozi bo‘lmagan ish savob o‘rni bo‘lsin?! Balki u jazoga loyiq amal sanaladi». 

Demak, ota-onani rozi qilish ham shariatimizga muvofiq tarzda bo‘lsagina Alloh dargohida maqbul bo‘ladi.

Shariatimizga ko‘ra, ota-ona roziligi hammmaga ko‘z-ko‘z qilib, ularni oyoqlaridan tushgan suvni ichish bilan emas, balki  farzand umri davomida ularning xizmatlarini qilishi, ularga nisbatan doimo xushmuomala bo‘lib, aziyat bermasligi bilan bo‘ladi. Shunga ko‘ra, farzand ota yoki onasining oyoqlari yuvilgan suvni ichishi va uni ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarga ko‘z-ko‘z qilishi joiz emas, deyiladi Fatvo markazi xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring