Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Muftiy hazrat Qohirada muhim masalalarni ko‘tardi

Muftiy hazrat Qohirada muhim masalalarni ko‘tardi

Bugun, 18-oktyabr kuni Qohira shahrida boshlangan Islom olamida katta ahamiyatga ega bo‘lgan anjumanda Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari hozirgi kundagi muhim masalalarni ilgari surdilar.

Xalqaro konferensiyada Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq qilib, bugungi tahdidlarning oldini olish uchun bir qator dolzarb takliflarni ilgari surdilar. Xususan, axborot zamonidagi g‘oyaviy xurujlar Islom olamini tashvishga solayotgani, turli ixtiloflar kelib chiqayotgani, mana shunday muammolarga yechim topishda Fatvo idoralarining o‘rni nihoyatda katta ekani, tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash va musulmon ummati hamjihatligiga erishishda fatvoning ahamiyati juda muhim ekanini Muftiy hazratlari izohladilar. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda yuzaga kelayotgan muammolar yetarli ilm va malakaga ega bo‘lmagan shaxslarning fatvo berishi oqibatida kelib chiqayotganini ham qo‘shimcha qildilar.

Muftiy hazratlari mana shunday muammolarga yechim topishda Islom ilm-ma’rifatga asoslangan mo‘’tadil din ekanini targ‘ib qilish, ulamolar hamkorligini mustahkamlash va mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash kabilar ekanini bayon etdilar. Bundan tashqari, Internet va raqamli axborot vositalari orqali adashgan toifalar din niqobi ostida ekstremizm, mazhabsizlik, takfir va mutaassib qarashlar tarqatayotgani xavotirli holat ekanini alohida qayd etdilar.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohasidagi ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgani, jumladan, jaholatga qarshi kurash ishlari jadal olib borilayotgani, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi samarali faoliyat olib borayotgani kabilarga alohida urg‘u qaratdilar.

Mazkur arab tilida qilingan nutq va barcha uchun dolzarb ahamiyatga ega bo‘lgan takliflar anjuman ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring