Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Moliya vazirligi bog‘chalarga yetkaziladigan oziq-ovqatlar o‘zlashtirilayotganini aniqladi

Moliya vazirligi bog‘chalarga yetkaziladigan oziq-ovqatlar o‘zlashtirilayotganini aniqladi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan tashkil etilgan maxsus komissiyaga maktabgacha ta’lim muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash tartibini o‘rganish hamda sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar yetkazib berishning shaffof hamda soddalashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasi belgilangan.

Shu vaqtgacha budjet muassasalarini yetarli darajada oziq-ovqat bilan ta’minlashga mablag‘ ajratilishida ko‘plab muammolar bo‘lgan. Shuningdek, ajratilgan mablag‘lar evaziga xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlarini tarbiyalanuvchilarga yoki bemorlarga to‘liq yetkazib berilishiga, mahsulotlarning sifatiga hech kim kafolat bermagan. Moliya organlari hamda budjet mablag‘lari taqsimlovchilari ushbu muammolarga yetarlicha e’tibor qaratmagan.

Bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan budjet muassasalarini moliyalashtirishdagi muammolarni aniqlash yuzasidan joylarga chiqqan holda o‘rganishlar olib borildi. O‘rganish natijalariga ko‘ra budjet muassasalarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda bir qator kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.

Xususan, muassasalarni belgilangan me’yorlar asosida oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun budjetdan yetarlicha mablag‘ ajratilmagani, davolanuvchilar va tarbiyalanuvchilar uchun ovqat tayyorlanishining sifati va vitaminli ozuqalar (meva, sabzavot va boshqa mahsulotlar) bilan ta’minlash darajasi talablarga javob bermasligi kuzatildi.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, joylarga yetkazish, ovqatlar tayyorlash tizimida shaffof mexanizmlar o‘rnatilmagani oqibatida turli kamomad va o‘zlashtirishlarga yo‘l qo‘yilayotgani, qish-bahor mavsumi uchun budjet muassasalari oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlash va ularni saqlash masalalari ma’lum bir mezon va me’yorlar bilan tartibga solinmagani aniqlandi.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish, ijtimoiy soha muassasalarini oziq-ovqat bilan ta’minlashning shaffof mexanizmlarini joriy etish, shuningdek oziq-ovqat bilan ta’minlash tadbirlarini moliyalashtirishni yaxshilash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi xabar berdi, deb yozadi O‘zA.

Jumladan, ovqatlanish xarajatlariga budjet mablag‘larini ajratishda moliya organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan 2018-yilda har bir tarbiyalanuvchi (bemor) uchun yagona yondashuv asosida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun mablag‘ ajratish tizimi joriy etilmoqda.

Bunda budjet muassasasining turi, kontingenti; maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanuvchilarning muassasada bo‘lish vaqti; oziq-ovqat bilan ta’minlashning sanitariya me’yorlari va boshqalar kabi mezonlarga alohida e’tibor qaratilgan.

Bundan tashqari, 2018-yildan boshlab maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalar qamrovini oshirish maqsadida (ota-onalarning talablariga asosan) 9 soatlik guruhlarga qatnaydigan bolalar uchun ota-onalar to‘lovi sezilarli ravishda kamaytirildi. Masalan, qishloq joylardagi bog‘chalarda 90 ming so‘m o‘rniga 60 ming so‘m, tuman markazlarida esa 85 ming so‘m etib belgilandi.

Shuningdek, viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda (Bekobod, Angren, Marg‘ilon va boshqalar) joylashgan bog‘chalarda ham viloyat markazlariga nisbatan qariyb 10 foiz pasaytirilgan miqdorlar belgilandi.

Budjet muassasalarida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari va sanitariya me’yorlari asosida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash uchun mablag‘lar ajratilishi yuzasidan yaqin kunlarda ommaviy axborot vositalari orqali qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring