Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Farzandlarim kasrimga qoldi»:missionerlikda ayblanib qamalgan shaxs hikoyasi

«Farzandlarim kasrimga qoldi»:missionerlikda ayblanib qamalgan shaxs hikoyasi

Bu galgi suhbatdoshimiz Romitan tumanidan. U Rossiyaning Petropavlovsk-Kamchatsk shahrida bor-yo‘g‘i, 7 oycha ishlagan. Qurilish-ta’mirlash ishlari bilan band bo‘lgan. Biroq, yaqin qarindoshining kasriga qolib, 2 yildan ortiqroq vaqt «o‘tirib chiqqan».

«Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 28-moddasiga «Fuqaroning sudlanganligi qarindoshlarning konstitutsion huquqlarini cheklash, ularning qadr-qimmatini tahqirlashga sabab bo‘lolmaydi» deya o‘zgartish kiritilganini o‘qib, yig‘lab yubordim. Chunki, qaysi ayb bilan bo‘lmasin, oldin kishi sudlangan bo‘lsa, bu uning yaqinlari, qarindoshlarining taqdiriga ham ta’sir qilib kelgan. Shaxsan o‘zimning, ustiga-ustak, boshqa yaqin qarindoshlarimning ko‘p yildan beri qamoq jazosini o‘tashayotgani yaqin avlodlarimizga sezilarli darajada ta’sirini o‘tkazib keldi. Men esa o‘zimning laqmaligim bois, panjara ortiniyam ko‘rib chiqdim».

Suhbatdosh peshonasining tomirlari bo‘rtib chiqqan ko‘yi xuddi ikki yelkasining orasiga boshi bilan kirib ketib, so‘zlardi.

«Laqmaning kallasi xuddi tarozi pallasiga o‘xshaydi. U kim nima qo‘ysa, o‘sha tomonga og‘adi. O‘z fikru-qarashimga ega emasligim tarozibonga qo‘l keldi. Tarozibon uchun esa do‘stning ham, dushmanning ham, qavmu-qarindoshu, begonaning ham ahamiyati yo‘q ekan. Men mana shu tarozibonga «chuv» tushgan laqmaman»,— deya hikoyamiz «qahramon»i hech ikkilanishlarsiz o‘ziga shunday baho berdi.

U Rossiya Federatsiyasida turib, mamlakatimizning tinch-osuda hayotiga, xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkinligiga oz qolganini so‘zlab berdi.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, 2016 yil oxiri 2017 yil boshida u mo‘may daromad topish vaji uchun Rossiya Federatsiyasining Petropavlovsk-Kamchatsk shahriga qurilish-ta’mirlash ishlari bilan shug‘ullanib kelgan yaqin qarindoshi Anvar Samiyevning qistovi bilan tuzukkina ishini tashlab, Rossiyaga ishlagani ketgan.

«Anvar bo‘sh vaqt topdim, deguncha spirtli ichimliklar ichib, vaqtichog‘liq qilardi. Uning vaqtichog‘ligi avvaliga, ro‘jo‘ga, keyin esa tobelikka aylandi. Shunday kunlarning birida u bundan ancha yillar oldin Rossiyada «pishib ketgan» hamqishlog‘imiz Hamid Erkinov bilan tanishib qoldi. Anvarga Hamidning «amri ma’ruf»lari, ayniqsa, «jihod», «shahidlik» va «hijrat»ni targ‘ib qiluvchi g‘oyalari ma’qul keldi, shekilli, unga so‘zsiz ergasha boshladi.

Anvar Hamidni ustoz sifatida qabul qildi.

Hamidning yo‘rig‘iga kirib, diniy ilmlar olamiga, avvalo, yaqin birodarlarini da’vat etishga ahd qildi. U Romitan tumanida yashab kelayotgan bojasi, o‘z akasi, turmush o‘rtog‘i, jiyanlarimizni, sinfdoshlarini ham Rossiya Federatsiyasiga «ish»ga chaqiradi. Yaqin qavmlar go‘yoki daromadli qurilish ishlariga jalb qilinishdi.

Suhbatdosh xuddi uni kimdir kaltaklayotgandek burishib-burishib, og‘rinib qo‘yardi. 

Uning so‘ziga ko‘ra, ko‘nglida g‘ayir maqsadni tugib olgan Anvar Samadjon ismli jiyanini, bir nafar sinfdoshini hamda bojasini imom ixtiyoridagi ijara uyda qoldirib, qolganlarni o‘zi bilan birga olib, yana ortga - Petropavlovsk-Kamchatskka qaytgan.

«Boxniyaka»da ular Hamid Erkinovning jiyani Nusrat ismli yigitga ro‘paro‘ bo‘lishgan. Nusrat ham tog‘asining «ilm»ini olganlar toifasidan bo‘lgan. Anvar va Nusrat ikkisi birlashib, qurilish ishlaridan charchab qaytgan yigitlarni har jihatdan siquvga olishib, huquqlarini ta’qiqlashgan, o‘zlarini tahqirlashgan, qilgan har bir hatti-harakatlaridan kamchilik topishgan. Anvar o‘z jiyani bo‘lgan suhbatdoshimizning arzu-shikoyatlarini o‘rinsiz qoldirib kelgan. Na oilasi, na ota-onasi holidan xabar olib, ularga pul jo‘nata olmagan suhbatdosh Anvarning sinfdoshlaridan biri bilan o‘zaro kelishib, o‘z fuqarolik pasportlarini o‘g‘irlab olishib, bu manzildan qochib ketishga muvaffaq bo‘lishgan.

«Shukur qilamanki, laqmaligim uzoqqa cho‘zilmadi. Anvar va Hamidning yurish-turishlarida o‘ta yoqimsiz hatti-harakat borligini sezdim. Chunki ular bizning ongu-shuurimizga majburlab tiqishtirishayotgan tushunchalar bizning dinimizga mutlaqo yot edi.  Achinarlisi, Anvar bu orada o‘z opasi va uning qizini ham Rossiya Federatsiyasiga «ish»ga kelishlarini ta’minlashga ulgurgan edi. Qarindoshlar o‘zbek tilidagi diniy ma’ruzalarni, internet tarmog‘i orqali diniy mazmundagi materiallarni  o‘qishga majburlanishardi. Diniy talqindagi videoroliklarni tomosha qilib, ma’ruzalarni muhokama qilishga ruhiy zo‘riqish orqali singib borayotgan yaqinlarining taqdiri Anvarni mutlaqo qiziqtirmasdi»,-deydi suhbatdosh.

Anvarning sinfdoshi bilan birga Petropavlovsk-Kamchatskning boshqa bir manziliga qochgan suhbatdosh ikki haftadan ortiq vaqt davomida ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida yashab yurishgan.

«Har ikkimizda ham qo‘l telefonimiz yo‘q. Nimadir yegulik sotib olishga pul yo‘q. Qo‘limizda pasportimiz bo‘lgani bilan ishlash uchun ko‘chaga chiqsak, Anvarning qo‘liga tushib qolishdan qo‘rqardik. Boshqa shaharga chiqib ketish uchun ham pul kerak. Shunday kunlarning birida yuqori qavatdan maktab o‘quvchisi bo‘lgan, chamasi, 14-15 yoshli qizning onasi bilan tortishib tushib kelayotgani sherigimning e’tiborini tortdi. Ona-qizning tortishuviga ko‘ra, qizaloq fizika fanidan uyga berilgan vazifani bajara olmagani uchun onasidan yordam so‘ragan. Tabiiyki, ona fizika fanidan xabarsiz.  «Men yordam bersam, maylimi?!»—deb so‘rab qoldi qo‘qqisdan sherigim qizning onasiga qarab, yerto‘ladan bosh chiqara turib. Muhojirlarning yerto‘lalarda yashab yurishiga ko‘nib ketgan rus ayoli avvaliga ikkilandi, keyin «Nu, ladno—dedi-da, qizining kitob va daftarini sherigimga tutqazdi.

Sherigim fizika fani o‘qituvchisi ekan, «uyga vazifa»ni qoyilmaqom qilib bajarib berdi. Evaziga olgan choychaqasiga tungacha qorin g‘amladik. Kechlikda yana nam va zax yerto‘lada biqinib yotgandik, uyga vazifasini bajarib berganimiz – qizning otasi bizni so‘roqlab tushdi. O‘zini Sergey Nikitovich, deb tanishtirdi. Uyiga olib kirdi. Yuvintirdi, yedirdi, ichirdi. O‘sha paytda diniy masalalar juda noziklashib borayotgani bois, hammasini so‘zlab bersak, quvib solib, politsiyaga topshirishidan qo‘rqib, pulsiz qolganimizni, O‘zbekistonga qaytish uchun qiynalayotganimizni tushuntirgan bo‘ldik. Sergey Nikitovich bizga yordam berdi. O‘zining eski qo‘l telefonini sovg‘a qildi. Sherigim uydagilari bilan bog‘landi. O‘zbekistonga qaytish uchun pul jo‘natishlarini, og‘ir ahvolda qolayotganimizni yashirmay so‘zladi. Biz muhojir bo‘lganimiz bois, Rossiya banklaridan pul olishga qiynalishimiz mumkinligini inobatga olib, pulni Sergey Nikitovich nomiga jo‘natadigan bo‘lishdi. Bir haftadan ortiqroq vaqt ularning xonadonida qolib ketdik. Qishloq sharoitini bilasiz. Mehnat ko‘p, pul kam. Sherigimning ota-onasi ozmi-ko‘pmi jo‘natishgan puli ikkimiz uchun avtobusda qaytishga yetardi. Shunga ham shukur qilib, Sergey Nikitovichga yo‘lga otlanishimizni aytdik. U bir hafta ichida bizga yaqin qadrdonlardek bo‘lib qolgan, boshimizni silab, beminnat yordam ko‘rsatgan edi. O‘zbekistonga qaytish kunimiz ayoli shirin pishiriqlaru yeguliklar, hatto, bolalarimiz uchun kiyim-kechaklar ham berib, sumkalarimizni to‘ldirib yubordi. Ruslarning oqibatidan, yetti yot begonaga ham eshik ochib, sovg‘a-salom bilan jo‘natishidan lol qoldik. Biz esa o‘z qarindoshlarimizni, hatto, sotib yuborishga moyil laqmalarmiz. Vijdonim oldida uyalib, yerga kirib ketay, dedim.

... Avtobusda qaytar ekanmiz, yo‘l azobidan emas, balki bizni Anvar va Hamidlar ushlab qolishi mumkinligidan qo‘rqdik. Afsuski, qo‘rquv va hadigimiz undan battar og‘ir sinoat bilan qaytdi... »,— dedi suhbatdosh.

Uning so‘ziga ko‘ra, Anvar va Hamidlarning qo‘lidan qochishganidan so‘ng, oradan ko‘p o‘tmay, Hamid sirli ravishda ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. Kunlarning birida Anvar Samadjon ismli jiyaniga Kamchatkadagi Ray fayzen bankidan “Zolotaya korona” pul o‘tkazish tizimi orqali Hamid Erkinov nomiga 1000 AQSh dollari jo‘natishini buyurgan. Har doim  Hamid va Nusratning qadam bosishida allaqanday xavf sezayotganini tog‘asi Anvarga aytaverib charchagan Samadjon u shaxsga nima maqsadda mablag‘ jo‘natayotgani sababini surishtirmay, bank orqali pul o‘tkazma qilgan.

Afsuski, Samadjon tog‘asi bilan bo‘lgan suhbatda sarosimaga tushib qolgan: Hamid Erkinov nomiga Samadjon Samiyev tomonidan jo‘natilgan mablag‘ Suriya va Iroqda jihod qilayotgan musulmonlarni moddiy ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lgan... Bir necha kun o‘tmay, bu moddiy ta’minotning «misi»dan O‘zbekistondagi huquq-tartibot organlari vakillari xabar topishgan.

O‘z yaqin birodari bo‘la turib, boshiga shunday kulfatlarni solgan  tog‘asidan, ustiga-ustak, O‘zbekistonda o‘zini jinoiy javobgarlik kutayotganidek mash’um xabarni eshitgan Samadjon jahl otiga mingan.

Anvar Samadjonga qo‘l telefoni orqali internet tarmog‘idan Suriya va Iroqdagi janglarda tushirilgan musulmonlarning ayanchli fotosuratlari va videoroliklarini ko‘rsatib, musulmonlar jihod qilayotganligini, ularga moddiy ko‘mak zarurligini, Hamid ham, aynan, Suriya va Iroq davlatiga jihod uchun  ketganligini, achinarlisi, unga jiyanining qo‘li bilan mablag‘ jo‘natganini bildirgan...

«Avtobusda O‘zbekistonga qaytayotib, sherigimning ota-onasi bilan bog‘langanida, Anvarning o‘zi va uning qarindoshlari O‘zbekiston va Rossiya  huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olinishgani, hozir men va sherigimni ham izlashayotgani, biroq, bizlarning O‘zbekistonga kirib borayotganimiz haqida lom-mim, deyishmaganini, har kuni organlar eshigi oldida sarg‘ayishayotganini aytishgan. Bu gapni eshitib, oyoq-qo‘limizdan jon chiqdi. Avtobusimiz Ustyurt cho‘llarida. Bu gapdan og‘ir ochadigan bo‘lsak, Qozog‘iston militsiyalari qo‘lida o‘lib ketishimiz, tayin. Yaxshiyamki, avtobusda qaytayapmiz, birov kimsan, deb so‘ramaydi. O‘ldirishsa ham o‘z tuprog‘imizda, Vatanimizda o‘ldirishsin, degan qattiq hadik va «stress»da manzillarni oqartirdik. Na suv, na non tomog‘imizdan o‘tadi. Bizni oldinda nima kutayotganini, uzoq yillar panjara ortida qolib ketishimizni ehtimolan o‘ylayverib, 5 kun ichida murdaga aylanib qoldik. O‘zbekiston chegarasiga kirib borishimizga oz qolganda, sherigim ota-onasiga bizning qaytayotganimiz haqida huquq-tartibot idoralariga bildirishini, yo‘qsa, qochqinga chiqib, jazo choralari kuchaytirilishi mumkinligini tushuntirdi.

... Bir necha soat ichida avtobus O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tezkor xodimlari tomonidan qurshovga olindi. Bu paytda bizning qo‘l-oyog‘imizdan jonimiz chiqib bo‘lgan, hush-holsiz ahvolda edik. Shu ko‘yi bizni olib ketishdi. Avtobusdagi sheriklar esa hech narsadan xabarsiz va hayratda qolishgandi»,-barmoqlariga qo‘shilib, butun vujudi titragan ko‘yi so‘zlardi suhbatdosh.

Suhbatdoshning aytishicha, Anvar Samiyev hamda Hamid Erkinovlarning ishi yuzasidan qat’iy tergov harakatlari olib borilgan. Ishga dahldor barcha qarindosh-urug‘lar, yaqin birodarlar javobgarlikka tortilgan.

2018 yilda ushbu holat yuzasidan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Vobkent tumani sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.
Sud-tergov harakatlari davomida Hamid Erkinovning «Islomiy jihod ittihodi» diniy ekstremistik oqimi rahbari, «Kamensk-Uralskiy jihodiy jamoati» a’zosi, separatistik, fundamentalistik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan boyitilgan ma’ruza, eslatma va qo‘shiqlar  targ‘ibotchisi ekanligi aniqlangan. Undan tashqari, u Xalqaro terroristik tashkilotlar birlashuvidan tashkil topgan «Iroq Shom Islom Davlati» xalqaro terroristik tashkiloti safiga qo‘shilish, maxsus o‘quvdan o‘tib, qurolli guruhlar bilan Iroq va Suriya davlatlariga terrorchilik harakatlarida ishtirok etish va butun dunyoda islom davlatini qurishni rejalashtirish jinoyatini sodir qilgani ochiqlangan. Rossiya Federatsiyasiga pul topish evaziga ko‘p sonli qavm-qarindoshlarning Anvar Samiyev uning tuzog‘iga xamirdan qil sug‘irgandek oson iliningani, ular birgalikda islom dini niqobi ostida missionerlik holatini yuzaga keltirishgani fosh etilgan.

«Anvar biz, o‘z qarindoshlarining dindorlik tuyg‘ularidan foydalanishni juda yaxshi o‘zlashtirdi. Bundaylarni bir marta moddiy qo‘llab-quvvatlab «signal» bersa, tamom-vassalom, dini va Vatani tayinsiz yigitlar ota-ona va oila tugul, o‘zlari tug‘ilib o‘sgan yurtni ham alg‘ov-dalg‘ov qilishga tayyor turishadi. Anvar yaqin qarindoshim bo‘lsa ham xuddi shundaylar toifasidan ekanligini vaqtida tushunib yetdik. Va shu bois ham qochgandik. O‘z insoniy fazilatlarini yo‘qotgan, begonalar qatori o‘z yaqin qavmlari taqdiriga ham qora dog‘ tushirishdan tap tortmagan Anvar diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik tashkilot faoliyatida ishtirok etish jinoyatini sodir etishda aybli, deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi bo‘yicha jazosini o‘tayapti. Men va boshqa qarindoshlarimiz ham o‘z hatti-harkatlarimizga tegishlicha jazoga mahkum etildik. Tavba qildik va tavbamizga tayandik. Hech kimga bunday qora kunlarni ravo ko‘rmayman. Bolalarimiz shu dashnom bilan ulg‘ayishdi, mahalla-ko‘y, qishloqdoshlar orasida boshimiz egildi. Jazo muddatimizni o‘tab qaytgan bo‘lsak ham bizga jamiyatning «o‘gay bolasi»dek qarashadi. Bu dog‘ni farzandlarimiz ham uzoq yillar nozik yelkalariga ortmoqlab kelishdi. Bolaligidan ichki ishlar xodimi bo‘lishni orzulagan o‘g‘lim mening hayotim «ta’siri» sabab paxta punktida qorovul bo‘lib ishlab yuribdi. Har gal ko‘zlariga boqqanimda, yuragim o‘yilib ketadi. Qizim ham turmush qurib, «turemщik»ning qizi va jiyani, degan dashnomini ko‘tara olmay, oxiri ikki bolasi bilan ajralib qaytdi. Kenjatoyim esa hali maktab o‘quvchisi. «Men prokuror bo‘laman» deydi. Bilimi, g‘ayrati ziyoda bo‘lsin. Yangi Konstitutsiya xuddi mana shu kenjamning kelajagi uchun yaratilayotgandek mamnunman. Prezidentimga, inson qadru-qimmatini o‘ylab bunyod bo‘layotgan Yangi Konstitutsiya tashabbuskorlariga boshim yerga tekkuncha ta’zim qilaman. Balki, Yangi Konstitutsiya yaralayotganiga ko‘pchilik befarq qarayotgandir. Ammo bu Konstitutsiya men va menga o‘xshagan, yo‘lidan adashgan va aldangani oqibatida yaqin qavmlari va farzandlari taqdiriga bolta urganlar uchun oltin xazina. Bu Konstitutsiya ko‘z yoshlarimiz, Allohga iltijolarimiz, tavbayu-uzrlarimiz mevasi.

Aql bo‘y yoki yosh bilan emas, o‘y bilan o‘lchanganidek, har bir inson aql bilan idrok etib, hayotda hushyor bo‘lgan taqdirdagina tinchlikning, shu davlatning, Yangi Konstitutsiyaning qadriga yetadi. Yo‘qsa, men va men singari qarindoshlarim umrining oxiriga qadar el-ulus, xeshu toborlar orasidagi xatar, Vatan ko‘ksidagi dog‘ bo‘lib qolaveradi»,— dedi suhbatdosh.

Suhbatdosh: Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring