Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Maktabdagi o‘quvchi nega tajovuzkor jinoyatchiga aylanadi?

Maktabdagi o‘quvchi nega tajovuzkor jinoyatchiga aylanadi?

Ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari o‘z nihoyasiga yetgan bir paytda o‘tgan o‘quv yili sarhisob qilinib, turli xil jinoyatchilik, zo‘ravonlik holatlari tahlil etilmoqda.

Darhaqiqat, poyoniga yetgan o‘quv yili mobaynida o‘z joniga suiqasd qilgan oliy o‘quv yurti talabalari haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining axborot xizmati yetkazib turdi.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablarida o‘quvchilar o‘rtasida pichoqbozlik, bezorilik, o‘g‘rilik, hatto tengdoshining joniga qasd qilishga urinishlar, ayrim o‘rta-maxsus bilim yurtlarida esa voyaga yetmagan qizlarning nomusiga tegish kabi jinoyatlar sodir etilgani haqida ommaviy axborot vositalari bong urdi.

Haqli savol tug‘iladi. Ta’lim muassasalarida bunday holatlar nega sodir bo‘lmoqda? Buning ildizi qayerda? Muammoning yechimi nimada?

Ushbu savollarga javob izlar ekanmiz, joriy yilda Vazirlar Mahkamasi qoshidagi «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi o‘tkazgan bir tadqiqot e’tiborimizni tortdi.

Unda ishtirok etganlar (1619 nafar) orasida 12-17 yosh oralig‘idagi, maktab, Voyaga yetmaganlar bilan ishlovchi organlar ro‘yxatida turuvchi, nosog‘lom oilaviy muhitda voyaga yetayotgan o‘quvchilar va ularning ota-onalari ekanligi qiziqishimizni yanada oshirdi.

Psixolog, pedagog, huquqshunos va boshqa soha vakillaridan iborat guruh aniqlashdiki, avvalo, maktab o‘qituvchilarining o‘zi oilaviy zo‘ravonlik va bunday oilada kamol topayotgan bolaga qanday munosabatda bo‘lish haqida yetarlicha bilimga ega emas. so‘rovnomada qatnashganlardan atigi 4,4 foiz ota-ona hamda 11,4 foiz ustoz-murabbiylar bunday bolalar turli xil jinoyatlar sodir etishi, ruhiy muvozanatdan chiqishiga avvalo oilaboshi va o‘qituvchilar aybdor ekanini tan olishdi.

Quloqsiz bolalarni tarbiyalashda kuch ishlatish kerakmi? Aksar ota-onalar va hatto maktab xodimlari ham jismoniy jazo turini qo‘llashni hamon ma’qul ko‘rishadi. Ularning nazdida bu to‘g‘ri tarbiya usullaridan biri sanaladi. Ammo yana bir haqiqat borki, boshqalardan zulm ko‘rgan shaxs, u xoh katta, xoh kichik yoshda bo‘lsin, bu zulmni o‘zida to‘plab, oxir-oqibat uni jamiyatga, o‘z tengqurlariga yoxud o‘zidan zaifroq odamlarga yo‘naltirishi hech gap emas. Bir qator ruhshunoslarning fikricha, ta’lim muassasalarida ro‘y beradigan noxush holatlar: pichoqbozlik, ur-kaltaklar zamirida aslida murg‘ak qalbda yillar davomida to‘plangan xo‘rlik va zulm yotadi.

Qiziq, maktablarda portlashga yetilib kelayotgan qalb — tajovuzkor bolani payqash va uning bo‘lajak salbiy xatti-harakatlarining oldini olish tizimi mavjudmi? Nazariy jihatdan — ha, biroq amaliy jihatdan — yo‘q! Nega? So‘rovda o‘qituvchilar ro‘y-rost aytganidek, «bunday bolalar bilan tarbiyaviy ishlarni olib borish shaxsiy vaqt hisobiga to‘g‘ri keladi», «qog‘ozbozlik ishlarini birlamchi o‘ringa qo‘yuvchi rahbariyat talablarini bajarishni deb e’tibortalab o‘quvchilar e’tiborsiz qolib ketadi», «psixologlar ta’lim dargohidagi hamma o‘quvchilarni qamrab ololmaydi, zotan, psixologga ajratilgan shtat va kadrlar yetishmaydi», «maktab psixologlariga yetarlicha vakolatlar berilmagan, ular og‘zaki pand-nasihat bilangina cheklanishga majbur»... Mana iqrorlar, mana izohlar. Ularni rad etishning-da, hamfikr bo‘lishning-da iloji yo‘q. Bu yoqda esa bilimga chanqoq oddiy o‘quvchidan psixo-fiziologik jihatdan ziddiyatlaru qarama-qarshiliklarga yuz tutayotgan inson taqdiri yotibdi. Xulosa o‘zingizdan!

Bobur Elmurodov,
jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring