Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Laziz Rahmatov

El ozodligi buyuk ne’mat, shaxs ozodligi esa undan-da ulug‘roq!

Kotib qotib qolsa...

Kotib qotib qolsa...

Foto: «Torpedo»

Oxirgi paytlarda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati gazetalarda va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p va xo‘b tanqidga uchradi. Bu holat barcha matbuot xizmatlarini sergak torttirgani aniq. Chunki axborot sohasi erkinlashayotgan, avvalgi qoliplar chirib tamom bo‘lgan, yangi tendensiyalar kuzatilayotgan bir davrda oldimizga qo‘yilayotgan talab va majburiyat ham kundan kunga ortib borayapti.

Bugun qaysi tashkilot tanqidga uchrasa, eng avvalo matbuot kotibi balogardon, aybdor sanaladi. Bunday yondashuvdan allaqachon voz kechish zarur. Aksincha, matbuot xizmatlariga to‘laqonli ish yuritishi uchun zarur resurs yoki imkoniyatlar yaratib berilganmi? Ortayotgan mas’uliyatga yarasha xodimlari soni kengaytirilmoqdami?

Bugun xalq qaysi tashkilotning matbuot kotibini taniydi yoki ko‘rsata oladi? Ular o‘zi mehnat qilayotgan korxonaning yuzi va ko‘zi emasmi? Xo‘p, matbuot kotibi o‘zi ishlayotgan tashkilot haqida bir oyda bitta maqola va teleko‘rsatuv chiqarsa qanday munosabat ko‘radi-yu, mingta chiqarsa qanday rag‘bat oladi? Bunday mexanizm hozircha yo‘lga qo‘yilgani yo‘q.

Bugun aksariyat matbuot kotiblari bir paytning o‘zida milliy telekanallar yoki markaziy nashrlarda ham faoliyat yuritadi. Chunki bir joyda o‘tirib kam maosh olish va cheklangan ishlar doirasida qolib ketishni istashmayapti. Bu esa asosiy kuch va diqqatning bir joyda jamlanmay qolishiga olib kelmoqda.

Tijorat banklari, ayrim vazirliklarning rahbarlari matbuot kotiblariga idora haqida tanqid chiqmasligini kafolatlovchi shaxs sifatida qarayotgani ham ayni haqiqat.

Biroq bir narsani yaxshi tushunib olish kerakki, bugun «Xalq so‘zi»da yoki «O‘zbekiston ovozi»da chiqmagan tanqid ertaga «kun.uz», «xabar.uz» yoki boshqa istalgan saytda, ijtimoiy tarmoqlarda chiqib ketishi mumkin. Shu sababli ular endi o‘zlari uchun asosiy «xavf»ni ijtimoiy tarmoqlar va internetdan deb bilmoqda. Hozir ko‘plab tashkilot rahbarlari bu kabi saytlarning yetakchi jurnalistlariga matbuot kotibligi bobida «sovchi» qo‘yayotgani ham oydinlashayapti.

Ming afsuski, ba’zi matbuot kotiblari oq qog‘ozni qoraytirib, ikki qator fikrni eplab yozolmasa, ayrimlari jurnalistika ko‘chasidan bir bor o‘tmagan. Ayrim matbuot kotiblari esa vazir, vazir o‘rinbosarlari va bosh boshqarma amaldorlarining katta-kichik majlislariga va «apparat» yig‘ilishlariga ma’ruza va hisobotlar, tug‘ilgan kunlar va boshqa shonli marosimlar uchun otkritkalarni yozib beradigan shaxsiy kotibiga aylanib qolgan.

Ko‘plab matbuot kotiblari jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limlari tarkibida qolib ketmoqda va bevosita bo‘lim rahbariga bo‘ysundirilgan. Ayrimlari esa marketing va axborot-tahlil kabi boshqarmalar ichida dimiqib qolgan.

So‘nggi paytlarda islohotlar sababli hukumat qarorlari bilan vazirliklar, idoralar va davlat tashkilotlarining nizom va shtat birliklari qayta tasdiqlanmoqda. Ammo ularda matbuot xizmatlari faoliyatini kengaytirishga yetarli e’tibor qaratilmayapti. Hududiy bo‘linmalar tarkibida esa bunday lavozimlarni kiritishga zaruriyat yo‘q deya baholanmoqda.

Aksariyat matbuot kotiblari esa jurnalist ma’lumot so‘rab murojaat qilsa birinchi galda rasmiy xat bilan murojaat qilishni so‘raydi. Xatbozlik va qog‘ozbozlikdan voz kechish uchun ham matbuot kotibi bo‘lib ishlayotganini hatto idrok qila olmaydi va shundoq ham sohadagi murakkab vaziyatni yanada taranglashtiradi. Biror kun o‘zi birorta tadbir yoki anjuman qilganida jurnalistlar ham «xatsiz chaqiriqqa» labbay deya javob bermagach, nolishdan nariga o‘tmaydi.

Viloyat hokimliklarida ham matbuot kotiblarining professionallik darajasi talabga javob bermaydi. Tuman va shahar hokimliklarida-ku bunday lavozimning o‘zi umuman nazarda tutilmagan. Hokimliklar esa o‘z saytini ochishni va hududdagi yangiliklarni tezlik bilan muntazam yoritib borishni ko‘proq istashmoqda va nogahoniy noxolis tanqiddan o‘zlarini ishonchli himoya qilishni xohlashmoqda.

Yaqinda internetda Farg‘ona viloyati hokimi bilan bo‘lib o‘tgan shov-shuvli mojaroga eng avvalo viloyat hokimligi matbuot kotibining zamon talabi darajasida ishlay olmagani va viloyat rahbarining jurnalistlar bilan ochiq hamkorlik o‘rnatmagani sabab deb hisoblayman. Chunki bugun rahbarning og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadigan zamonlar o‘tdi. Nutqdagi har qanday chegaradan chiqishlar keyinchalik tuzatib bo‘lmas zarar yetkazishi mumkinligini hayot yana bir bor tasdiqladi. Shu bois matbuot kotibi bilan avvaldan kelishib olgan holda matnlar yoki «shpargalka» tayyorlab olish, imkon qadar diplomatiya mezonlaridan chiqib ketmaslik choralarini ko‘rib borish zarur. Aksincha, matbuot kotiblari tashkilot haqida biror maqola yoki chiqish qilsa, rais «ma’qullashini» kutib kunlar va hatto haftalar o‘tib ketishiga chek qo‘yish zarur.

Hozir ba’zi amaldorlarga kamera yoki diktofon tutsangiz yoki intervyu olish haqida gapirsangiz cho‘chiydi, shoshib qoladi. Ayrimlari juftakni rostlab qolishni eng ma’qul yo‘l deb ham biladi.

Matbuot kotibi o‘zi ishlayotgan tizimdagi xodimlarga jurnalistlar bilan qanday muloqotda bo‘lish kerakligi, ularga axborotni erkin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etishni o‘rgatishi, OAVda chiqish uchun nutq va ijodiy salohiyati ustida ishlashga ko‘maklashishi, ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z profiliga joylashtirayotgan materiallarning to‘g‘ri va xatosiz chiqishiga yordam berishi zarur.

Axborotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining rasmiy saytiga tez joylashtirish va ularni o‘z vaqtida yangilab borish, internet tarmog‘idagi veb-resurslarni, shu jumladan, ijtimoiy va mobil tarmoqlarni rivojlantirish ishlarida sustkashliklar kuzatilmoqda.

Ba’zi matbuot xizmatlarida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida xayrixoh jurnalistlar doirasini shakllantirib borish, ularni axborot (matbuot uchun xabar, byulleten, press-reliz va shu kabilar) bilan ta’minlash ishlari yaxshi tashkil etilmay, o‘lda-jo‘lda qolib ketmoqda.

Shu yilning 15 fevralida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilingan edi. Unda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari mazkur organ rahbariga bevosita bo‘ysunadigan mustaqil bo‘linma sifatida belgilangani juda ahamiyatli va quvonarli hodisa bo‘ldi.

Qarorda idoralarga axborot xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish vazifasi yuklangani ham e’tiborga molik.

Biroq ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi sohasida shaffoflik o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi. Prezidentning matbuot kotibi Komil Allamjonov Milliy matbuot markazida anjumanlar o‘tkazish yillik jadvalini ishlab chiqib, idoralarga ijro uchun yo‘naltirmasa, matbuot kotibi o‘zi tashabbus qilib buni amalga oshira olmasmidi? Qilsa bo‘lardi, biroq buni vazirga yoki boshqa muassasa rahbariga yetkazish ancha qiyinroq kechar edi. Endilikda rahbarlarning aholi bilan ochiq muloqotini yo‘lga qo‘yishning samarali mexanizmlari va usullarini joriy etish darkor.

«Yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining axborot xizmatlari bilan samarali va amaliy hamkorlikni ta’minlash» ishlari ko‘zga tashlanmayapti. Matbuot kotiblari hamkorlikda o‘tkazgan va og‘izga tushgan birorta muhim tadbirni eslay olmaymiz. Tashqi ishlar vazirligining xorijiy jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish amaliyotini tushunsa bo‘lar. Ammo boshqa vazirlik va idoralarning kattaroq tadbirlarni yoritish uchun hatto mahalliy jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazishdek nomaqbul ishi mantiqqa ziddir. Bunda ro‘yxatdan o‘tmagan jurnalistning tadbirni yoritish huquqi cheklanmaydimi?

Xo‘sh, matbuot kotiblari o‘zi qayerda va kim tomonidan tayyorlanadi? Davlat boshqaruvi akademiyasida bir-ikkita o‘quv kurslarini tashkil etib qo‘yish bilan ularning umumiy saviyasini zarur darajada oshirish mumkinmi?

Hamonki, bunda jurnalistlar uyushmasining o‘rni sezilmayotgan ekan, prezidentning matbuot kotibi huzurida Matbuot kotiblari milliy uyushmasini tuzish vaqti allaqachon yetmadimi? Uyushma orqali matbuot kotiblarini xorijiy davlatlarga malakasini oshirishga yuborish, xorijiy va o‘zbekistonlik yetakchi ekspertlarni jalb etgan holda qisqa muddatli malaka oshirish kurslarini tashkil etish, biror namunali matbuot kotibining tajribasini ommalashtirish, o‘rtada turli sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish asnosida ularning ijodiy muloqotini kuchaytirish, moddiy rag‘batlantirish mazkur birlashmaning asosiy vazifasi bo‘lishi zarur.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan birgalikda har yili «Eng yaxshi axborot xizmati», «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini yoritayotgan eng yaxshi jurnalist» va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha konstitutsiya va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunlariga bag‘ishlab tanlovlar tashkil etishi ham qarorda birinchi marta nazarda tutilmoqda. Uning ijro etilishi katta ahamiyatga ega.

«Xabar.uz» sayti bir mezon ishlab chiqib, har haftada eng yaxshi matbuot kotiblarining reytingi tuzib, e’lon qilib borsa, bu ularni rag‘batlantirar, umuman ishlamayotgan kotiblarni esa sal tetiklik va hushyorlikka undagan bo‘lar edi.

Shu bilan birga matbuot xizmatlari o‘z saytida mazkur matbuot xizmati bilan ishlaydigan eng faol jurnalistlar ro‘yxatini ham berib borishi OAV xodimlari uchun qiziqarli bo‘lar edi.

Matbuot kotibi o‘z maqomi bo‘yicha vazirning maslahatchisi yoki yordamchisiga tenglashtirilishi kerak va qoida tariqasida mutaxassisligi jurnalist bo‘lishi maqsadga muvofiq. Uning maoshi va boshqa imtiyozlari ham shundan kam bo‘lmasligi lozim. Televideniye yoki radioga borish uchun yonidan xarajat qilib taksima-taksi yurgan, quyi tizimlarga «so‘zi o‘tmay» boshi qotgan matbuot kotibining na obro‘si va na kelajagi bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, qotib qolgan matbuot kotibining endi davri o‘tdi.

Shu bilan birga ijobiy holatlar ham ko‘zga tashlana boshladi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Yoshlar ittifoqi hatto tuman bo‘limlarida ham matbuot bilan ishlaydigan alohida xodimlarga egaligi, katta resurs va mablag‘ ajratayotgani ibratlidir. Federatsiya hatto vaqti-vaqti bilan quyi tizimda ishlayotgan matbuot xodimlarini poytaxtga chaqirib, qisqa kurslarda o‘qitib olayotgani targ‘ib etsa bo‘ladigan tajriba.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring