Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Keling, o‘zbek bo‘lib birlashaylik!..

Keling, o‘zbek bo‘lib birlashaylik!..

Foto: «Ombudsman.uz»

Bu maqolani yozish men uchun qiyin bo‘ldi. Ko‘zlarimga uyqu tiqildi, nuqul yumshoq o‘ringa qarab, shirin entikdim. Lekin «taslim bo‘lmadim». Og‘riq uyqudan kuchlilik qildi…

«Dom»da ijarada turaman. Tepamizda bir xotin yolg‘iz yashaydi. Ahyon-ahyonda zahil, tund basharasini ko‘rsatib qo‘yadi. Xullas, yonimizda tursa-da, biror marta bizga el bo‘lmagan.

Bir og‘aynim qishloqdan mehmon bo‘lib keldi. Anchadan beri ko‘rishmaganimiz uchun to‘rtinchi qavatgacha baland ovozda, quvnoq ohangda so‘zlashab chiqdi. Do‘stimning dali-g‘uliligini bilsam ham, qo‘shnilarning tinchi buzilmasin deb xavotirlandim. Ammo bo‘lmadi. Eshikni ochib kirayotganimizda, yonimizdagi xona eshigi ochilib, ilonning vishillashiga o‘xshash ovoz chiqdi:

— Bu qishloqilarning dastidan tinchlik bormi? Shaharni ota-bobong qurib qo‘ygandek, muncha shovqin solasanlar?!

Tamom. Ikki navqiron yigit «nokdaun» holatiga tushdik. To‘g‘ri, hayot bizni bundan-da achchiqroq narsalar bilan siylagan, ammo bunisi juda boshqacha, fitnaning hidi kelib turgan edi. Temir haykaldek qotgan do‘stimni bir amallab, ichkariga kirgizdim…

Men bunga o‘xshash holatga juda ko‘p tushganman.

Birinchi kursdayoq falonchi domlamiz o‘zining «zemlyak»lariga «besh» qo‘yib berib, qolganlarni «qiyratgan». Xafa bo‘lmaganman.

Ikkinchi kursda o‘zining bobosi tog‘da tug‘ilib o‘sganini bilmaydigan shaharlik kursdoshimiz achchiq ustida ko‘ngilni og‘ritgan. Uniyam «yengil» hazm qilishga muvaffaq bo‘lganmiz.

Uchinchi kursda esa falon viloyat yoshlarining bazmi jamshidiga boshqa joyda tug‘ilganimiz uchun qo‘shila olmaganmiz. Qo‘l siltaganmiz.

Ammo bunisi boshqacha ta’sir qildi. Bir narsani juda yaxshi bilaman. Bizni «qishloqi» degan o‘sha xotinning o‘zi olis qishloqda tug‘ilgan. Ota-bobosi esa shahar qurish tugul, uning tuprog‘iga qadam ham bosishmagan.

Rossiya telekanallarining birida bir siyosatshunos fikr bildirdi: «Buyuk o‘zbek xalqining bag‘rikengligi tufayli urush davrida u yerga borgan bolalarning birortasi ko‘chada qolmadi. Hammasini boshini silab, o‘g‘il qilib olishdi, bir burda nonni bo‘lishib yeyishdi!..».

«Ana biz qanday odamlarning avlodimiz!» deya jar solmoqchi emasman. Ammo yuqoridagi gap tarixiy haqiqat. Ammo dunyo xaritasida boshqa muqobili bo‘lmagan, bir til, bir dinli vatanni, to‘rt yuz qirq sakkiz ming kvadrat kilometrning o‘zini ming bo‘lakka bo‘lib nima foyda topamiz, qadrdon? Yoki «o‘zbekni yemirar mahalliychilik» deganda shoir haqmidi?

Buyuk Britaniya poytaxti Londonda sakkiz milliondan ziyod aholi bor. Shundan yarmi inglizlar, qolganini Yevropaning boshqa davlatlari, Hindiston, Pokiston, Xitoydan, Afrika davlatlaridan kelgan muhojirlar tashkil etadi. Fransiyada sakkiz milliondan ziyod muhojir, Germaniyada besh milliondan ko‘proq turk yashaydi. AQShda-ku dunyodagi istalgan millat vakilini topish mumkin. Biz esa bir-birimizni kecha uchratganimiz yo‘q. Asrlardan buyon bir vatanda yashab kelmoqdamiz...

Bularni bilgach, bir millat, bir mentalitet, bir urf-odatga ega kishilarning bir-birini tug‘ilgan shahri, tumani, qishlog‘i(!)ga qarab «tasniflashi» menga juda jo‘n va bema’ni tuyuladi.

…XIX asrning 60-yillarida Buxoro amiri Muzaffar Rossiya imperiyasi Qo‘qon xonligini istilo qilganda pinagini buzmagan. Keyin xavf o‘ziga nisbatan ham yo‘naltirilganini sezgach, qo‘shin yuborgan, ammo foyda bermagan. Hatto «dushman sahroni kesib o‘ta olmaydi» deb Xiva xonligidagilar ham xotirjamlikka berilgan ekan…

Xullas, har bir kunimiz, har lahzamiz bizga nimanidir o‘rgatadi. So‘zimni jimjimador so‘zlar bilan yakunlaguncha, lo‘nda qilib bir fikrni o‘rtaga tashlamoqchiman: keling, o‘zbek bo‘lib birlashaylik!

 Ulug‘bek Oripov

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring